Logo

«Yopish uchun qonuniy asos yo‘q, lekin yuzlab qarorlar yopiq»: Ochiqlik indeksi nimani o‘lchayapti?

Bugun 13:5012 daqiqa

2022 yildan buyon Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari ochiqligini baholab keladi. VAQT.UZ Ochiqlik indeksida hisobga olinmagan tashkilotlar, hokimliklardagi yashirin qarorlar va banklar reytingidagi keskin o‘zgarishlarni tahlil qildi.

«Yopish uchun qonuniy asos yo‘q, lekin yuzlab qarorlar yopiq»: Ochiqlik indeksi nimani o‘lchayapti?

Davlat organlari ochiqligi haqida gap ketganda, odatda reytinglar va yuqori ballar tilga olinadi. Biroq yuqori baho har doim ham yuqori shaffoflikni anglatadimi? So‘nggi yillarda ayrim davlat idoralari «Ochiqlik indeksi»da yetakchi o‘rinlarni egallab kelayotgan bo‘lsa-da, ayni paytda jamoatchilik uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarni olish hamon mavhumligicha qolmoqda.

2022 yildan buyon Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va davlat ulushi mavjud korxonalarni Ochiqlik indeksi orqali baholab keladi. Bu reyting tashkilotlarning qanchalik ochiq ishlayotgani, ma’lumotlarni e’lon qilayotgani va jamoatchilik bilan muloqot qilayotganini ko‘rsatishi kerak.

Ammo indeks e’lon qilina boshlaganidan beri uning natijalari va baholash mezonlari yuzasidan bahsli savollar ham yo‘q emas.

Ochiqlik indeksi nimani o‘lchaydi?

Ochiqlik indeksida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari baholanadi. Reyting Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan shakllantiriladi va davlat tashkilotlarining ochiqlik hamda hisobdorlik bo‘yicha faoliyatini o‘lchashga qaratilgan.

Agentlik metodologiyasiga ko‘ra, Ochiqlik indeksi davlat organlari va tashkilotlarini 8 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholaydi. Ular qatoriga rasmiy veb-saytlar faoliyati, ochiq ma’lumotlarni e’lon qilish, budjet shaffofligi, elektron xizmatlar, jamoatchilik bilan muloqot, korrupsiyaning oldini olish, jamoatchilik kengashlari ishi hamda ochiqlik uchun mas’ul xodimlar samaradorligi kiradi.

Ochiqlik indeksi 0 balldan 100 ballgacha bo‘lgan tizim asosida shakllantiriladi. Yakuniy natijalarga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligi «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi. Baholash har yili oldingi yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar bo‘lgan davrni qamrab oladi.

Shundan so‘ng agentlik har bir tashkilot bo‘yicha yakuniy reytingni e’lon qiladi. Endi esa so‘nggi to‘rt yil davomida ushbu reytingda qanday o‘zgarishlar kuzatilganiga to‘xtalamiz.

Ochiqlik indeksi 4 yilda qanday o‘zgardi?

Yil

Baholangan tashkilotlar soni

Yashil

Sariq

Qizil

2022

86 ta

15 ta (18%)

44 ta (51%)

27 ta (31%)

2023

103 ta

31 ta (30%)

43 ta (42%)

29 ta (28%)

2024

98 ta

50 ta (51%)

50 ta (51%)

13 ta (13%)

2025

86 ta

56 ta (65%)

22 ta (26%)

9 ta (11%)

Jadval Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdim etgan ma’lumotlar asosida tayyorlandi

Raqamlar bir qarashda davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik ko‘rsatkichlari yildan yilga yaxshilanib borayotganini ko‘rsatadi. To‘rt yil davomida «yashil» toifadagi tashkilotlar soni 15 tadan 56 taga oshgan. «Qizil» toifadagilar esa 27 tadan 9 tagacha kamaygan.

Ayniqsa, 2024 yildan boshlab reytingda sezilarli o‘zgarish kuzatilgan. Agar 2022 yilda baholangan tashkilotlarning atigi 18 foizi «yashil» toifaga kirgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 65 foizga yetgan. Aksincha, «qizil» toifadagi tashkilotlar ulushi 31 foizdan 10 foizgacha qisqargan.

Biroq bu raqamlarni baholashda bir muhim jihatni ham inobatga olish kerak. Har yili reytingga kiritilgan tashkilotlar soni bir xil bo‘lmagan. Masalan, 2023 yilda 103 ta tashkilot baholangan bo‘lsa, 2025 yilda ularning soni 86 taga tushgan. Bu esa turli yillardagi natijalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslashni murakkablashtiradi.

Bundan tashqari, faqat tashkilotlar soni emas, ularning tarkibi ham o‘zgarib turgan. Ayrim davlat organlari va korxonalari keyingi yillarda reytingga qo‘shilgan bo‘lsa, boshqalari ro‘yxatdan chiqib ketgan. Shu sababli «yashil» toifadagilar sonining oshishi qanchalik real ochiqlikning ortgani, qanchalik esa reyting tarkibi va metodologiyasidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liqligini aniqlashtirish muhim.

Reyting yaxshilandimi yoki ro‘yxat o‘zgardimi?

Reytingdagi tashkilotlar sonining o‘zgarishi yuzasidan VAQT.UZ savoliga javoban Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Sherzod Saparov ro‘yxat tarkibi turli omillar sabab muntazam o‘zgarib borishini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, bunga yangi tashkilotlarning tashkil etilishi, mavjudlarining qayta tashkil qilinishi yoki tugatilishi, shuningdek, mulkchilik shaklining o‘zgarishi kabi omillar sabab bo‘ladi.

Jumladan, 2022 yildagi Ochiqlik indeksida baholangan Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Madaniyat va turizm vazirligi keyinchalik alohida tashkilotlarga ajratilgan. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi esa tugatilgan.

Xuddi shunday, 2023 yilda baholangan «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tugatilgan bo‘lsa, «Qishloqqurilishinvest»ning mulkchilik shakli MCHJga o‘zgargan. «Poytaxtbank» esa davlat ulushi sotilgani, ya’ni bank xususiylashtirilgani sababli keyingi reytinglardan chiqarilgan.

Sherzod Saparovning ta’kidlashicha, tashkilotlarni ro‘yxatga kiritish yoki undan chiqarish Agentlik tomonidan emas, balki Ochiqlik indeksini baholash bo‘yicha komissiya qarori asosida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, ayrim hollarda tashkilotni baholashning imkoni bo‘lmagani ham uni ro‘yxatdan chiqarish uchun asos bo‘lishi mumkin. Masalan, baholash davrida rasmiy veb-sayt qayta ishlab chiqilayotgani, komplayens, axborot xizmati yoki Ochiqlik indeksida baholanadigan boshqa indikatorlar uchun mas’ul bo‘linma mavjud emasligi yoki vakant bo‘lib qolganligi shunday omillar qatoriga kiradi.

Agentlik izohi reytingdagi tashkilotlar soni va tarkibi nega o‘zgarib turishini qisman tushuntirib beradi. Biroq davlat budjetidan yirik subsidiyalar oluvchi ayrim kompaniyalar, jumladan UzGasTrade yoki O‘zenergosotish kabi tuzilmalar nima sababdan Ochiqlik indeksida aks etmagani haqidagi savol hamon ochiq qolmoqda.

Hokimliklar ochiqlik imtihonidan o‘ta oladimi?

Hudud

2022

2023

2024

2025

Xorazm viloyati

🟢

🟢

🟢

🟢

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

🟡

🟡

🟡

🟡

Andijon viloyati

🔴

🔴

🔴

🔴

Buxoro viloyati

🟡

🟡

🟡

🟢

Jizzax viloyati

🟡

🟡

🔴

🟢

Qashqadaryo viloyati

🟡

🟡

🟢

🟢

Navoiy viloyati

🟡

🟢

🟢

🟢

Namangan viloyati

🟡

🔴

🟡

🟡

Samarqand viloyati

🔴

🟡

🟢

🟢

Surxondaryo viloyati

🟡

🔴

🟡

🟡

Sirdaryo viloyati

🔴

🟡

🔴

🔴

Toshkent viloyati

🟢

🟡

🟢

🔴

Farg‘ona viloyati

🟡

🟡

🔴

🟡

Toshkent shahri

🟡

🟡

🟡

🔴

Jadval Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdim etgan ma’lumotlar asosida tayyorlandi. 

(🟢 — Yashil toifa; 🟡 — Sariq toifa; 🔴 — Qizil toifa.)

Hokimliklar kesimidagi natijalar Ochiqlik indeksining eng qiziq va ayni paytda eng bahsli jihatlaridan birini namoyon qiladi. Ayrim hududlar yillar davomida reytingning yuqori pog‘onalarida qolayotgan bo‘lsa, boshqalari qisqa vaqt ichida keskin o‘sish yoki pasayishlarni qayd etgan. Biroq ayrim natijalar boshqa ochiqlik ko‘rsatkichlari bilan har doim ham mos kelmaydi.

To‘rt yil davomida hokimliklar reytingida eng barqaror natijani Xorazm viloyati qayd etdi. Viloyat 2022 yildan buyon biror marta ham «yashil» toifani tark etmagan va ketma-ket uch yil davomida mamlakatdagi eng ochiq hokimlik sifatida qayd etilgan.

Ammo, avvalroq VAQT.UZ hokimlarning yashirin qarorlari bo‘yicha surishtiruv e’lon qilganida Xorazm viloyati eng ko‘p yashirin qaror qabul qilgan hudud sifatida aniqlangan edi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, hududda e’lon qilinmagan qarorlar soni 1 ming 151 taga yetgan bo‘lib, to‘rt yil ichida 4,7 barobarga oshgan. Ya’ni bir tomondan eng ochiq hokimliklardan biri sifatida baholanayotgan hudud, boshqa tomondan eng ko‘p yashirin qaror qabul qilgan hududlardan biri bo‘lib chiqmoqda.

Bunga qarama-qarshi holat Andijon viloyatida kuzatiladi. Hokimlik Ochiqlik indeksining barcha yillarida «qizil» toifada qolgan. Shu bilan birga, 2021–2024 yillar davomida yashirin qarorlar soni 8 barobarga oshgan.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligida ham yildan yilga vaziyat yomonlashgan. Hisob-kitoblarning dastlabki uch yilida «sariq» toifada bo‘lgan hokimlik 2025 yilga kelib yanada yopiqlashgan. Bu ayniqsa e’tiborga loyiq, chunki poytaxt eng katta budjet, eng rivojlangan axborot infratuzilmasi va eng ko‘p jamoatchilik nazorati mavjud hudud hisoblanadi.

Xuddi shunday holat Sirdaryo viloyatiдa ham kuzatiladi. Hokimlik 2023 yilda qisqa muddatga «sariq» toifaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, qolgan barcha yillarda «qizil» toifada qayd etilgan. Ya’ni ochiqlik bo‘yicha barqaror ijobiy tendensiya bu hududda ham shakllanmagan.

Eng katta savollar esa ayrim hududlardagi keskin o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Masalan, Jizzax viloyati hokimligi 2024 yilda «qizil» toifaga tushgan bo‘lsa, 2025 yilda birdaniga «yashil» toifaga ko‘tarildi. Bu Ochiqlik indeksidagi eng katta sakrashlardan biri hisoblanadi. Vaholanki, VAQT.UZ hisob-kitoblariga ko‘ra, viloyatda yashirilgan qarorlar soni 2021 yildagi 264 tadan 2024 yilda 1 ming 980 taga yetgan. Bu 7,5 barobar o‘sish degani.

Buning aksi Toshkent viloyatida kuzatildi. 2022 yilda eng ochiq hokimliklardan biri sifatida qayd etilgan hudud 2025 yilga kelib «qizil» toifaga tushib qoldi. Shu tariqa bir hudud bir yil ichida «qizil»dan «yashil»ga o‘tayotgan bo‘lsa, boshqasi «yashil»dan «qizil»ga tushmoqda.

«Hech qanday yopish uchun asos yo‘q, lekin yuzlab qarorlar yopilyapti»

12-iyun kuni bo‘lib o‘tgan «OAVda korrupsiya masalalarini yoritish: media roli va jamoatchilik nazorati» mavzusidagi davra suhbatida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining davlat organlari ochiqligini ta’minlash bo‘limi mas’ul xodimi Mirshod Xo‘janov VAQT.UZ muxbirining reytinglar va yashirin qarorlar o‘rtasidagi tafovut haqidagi savoliga izoh berdi.

Uning aytishicha, agentlik 2026 yildan boshlab e-qaror tizimidagi holatlarni ham alohida o‘rganishni boshlagan va dastlabki tahlillar deyarli barcha hududlarda kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan.

«E-qaror bo‘yicha juda ko‘p kamchiliklar bor. Bu faqat Xorazm yoki Qashqadaryoga xos muammo emas, deyarli barcha viloyatlarda uchraydi. Masalan, Xorazm viloyatiga ikki marta taqdimnoma yuborganmiz. Qarorlarni yopish uchun qonuniy asos bo‘lmasa-da, yuzlab qarorlar yopiq e’lon qilingan. Ularda davlat siri, harbiy sir yoki boshqa cheklovchi ma’lumotlar mavjud emas», — dedi Xo‘janov.

Uning ta’kidlashicha, ushbu holatlar yuzasidan mas’ullar ikki marta javobgarlikka tortilgan.

Shu bilan birga, agentlik vakili amaldagi Ochiqlik indeksi metodologiyasida e-qaror tizimidagi yashirin qarorlar alohida indikator sifatida baholanmasligini qayd etdi.

«Afsuski, amaldagi prezident farmonida e-qaror masalasi alohida mezon sifatida kiritilmagan. Biroq indeks metodologiyasini takomillashtirib boryapmiz», — dedi u.

Bu esa ayrim hududlarda yashirin qarorlar soni yuqori bo‘lsa-da, ularning Ochiqlik indeksida yuqori natija qayd etishiga imkoniyat berayotgan omillardan biri bo‘lishi mumkin.

«Qizil» toifadagilarga chora ko‘riladimi?

Ochiqlik indeksida ketma-ket past natijalarni qayd etayotgan tashkilotlarga qanday choralar ko‘rilishi, xususan, bir necha yildan buyon «qizil» toifada qolayotgan Andijon viloyati hamda 2025 yilda «qizil» toifaga tushgan Toshkent shahar hokimligiga nisbatan qanday ta’sir choralari qo‘llangani yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Sherzod Saparovdan izoh olindi.

Uning VAQT.UZ'ga ma’lum qilishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, «qizil» toifada baholangan tashkilotlar rahbarlariga nisbatan alohida choralar ko‘riladi.

Jumladan, PF-154-son farmoniga muvofiq, «qizil» toifaga tushgan tashkilotlar rahbarlarining axboroti Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida eshitilishi belgilangan.

Shu asosda 2025 yilgi natijalarga ko‘ra «qizil» toifada baholangan Toshkent shahri va Andijon viloyati hokimliklari rahbarlarining axborotini eshitish bo‘yicha takliflar kiritilgan.

Bundan tashqari, agentlik tomonidan «qizil» toifada baholangan barcha tashkilotlarning ochiqlikka mas’ul xodimlarini intizomiy javobgarlikka tortish yuzasidan ham so‘rovnomalar yuborilgan.

«Mazkur so‘rovnomalar bo‘yicha Andijon viloyati hokimligi tomonidan ochiqlikka mas’ul xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan», — dedi Sherzod Saparov.

Biroq ochiqlik bilan bog‘liq muammolarni faqat mas’ul xodimlar zimmasiga yuklash yetarli emas. Chunki yopiqlik ko‘pincha alohida bir xodimning emas, balki butun tashkilotdagi boshqaruv yondashuvi va qaror qabul qilish madaniyatining natijasi hisoblanadi. Shu bois ayrim xodimlarning javobgarlikka tortilishi yoki ishdan bo‘shatilishi muammoning sabablarini emas, oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgandek ko‘rinadi.

Shu o‘rinda, «Avval iqtisod...» dasturida iqtisodchi Otabek Bakirov Ochiqlik indeksi natijalariga tanqidiy munosabat bildirdi.

Uning fikricha, muammo Toshkent shahri yoki Andijon viloyatining quyi o‘rinlarda ekanida emas, aksincha ayrim hududlarning qanday qilib yuqori baholarni olayotganida.

«Hokimliklarning qayerda turganini unchalik muhim deb hisoblamayman. Andijon har yili o‘z joyida turibdi. Toshkent shahri qizil zonaga tushib qolgani ham meni ajablantirmaydi. Menimcha, u azaldan qizil zonada bo‘lishi kerak edi. Aksincha, boshqa viloyatlar qanday qilib yashil bo‘lib qolganiga e’tiroz bildirish kerak», — deydi Bakirov.

Iqtisodchining fikricha, qarorlarni e’lon qilish bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotgan bir paytda ko‘plab hududlarning «yashil» toifaga kiritilishi savollarni yuzaga keltiradi.

«Mening nazarimda, deyarli barcha hokimliklar qizil toifada bo‘lishi kerak. Toshkent shahar hokimligi qizil zonaga tushib qolgani emas, qachondir yashil zonada bo‘lgani o‘zi xato bo‘lgan», — deydi Otabek Bakirov.

Banklardagi ochiqlik indeksi

Bank

2022

2023

2024

2025

O‘zsanoatqurilish ATB

🟢

🟢

🟢

🟢

Agrobank ATB

🟡

🟢

🟢

🟢

Xalq banki ATB

🟡

🟢

🟢

🟢

Mikrokreditbank ATB

🟡

🟢

🟢

🟢

Biznesni rivojlantirish banki

🟢

🟢

🟢

O‘zmilliybank AJ

🟡

🟡

🟡

🟢

Asaka ATB

🟡

🟡

🔴

🟢

Turonbank ATB

🔴

🟢

🟢

🟢

Aloqabank ATB

🔴

🟡

🟡

🔴

Poytaxtbank AJ

🔴

🔴

Jadval Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdim etgan ma’lumotlar asosida tayyorlandi. 

(🟢 — Yashil toifa; 🟡 — Sariq toifa; 🔴 — Qizil toifa.)

Banklar kesimidagi natijalar ham Ochiqlik indeksidagi eng qiziq o‘zgarishlarni namoyon qiladi. Hokimliklardan farqli ravishda, banklar orasida umumiy tendensiya ijobiy ko‘rinadi: aksariyat moliya muassasalari yillar davomida «yashil» toifaga ko‘tarilgan yoki o‘z pozitsiyasini saqlab qolgan. Biroq ayrim banklardagi keskin sakrash va pasayishlar savollarni ham yuzaga keltiradi.

Masalan, Turonbank eng katta o‘zgarishlarni boshdan kechirgan banklardan biri bo‘ldi. 2022 yilda «qizil» toifada qayd etilgan bank 2023 yilning o‘zidayoq «yashil» toifaga o‘tdi va keyingi yillarda ham yuqori natijalarni saqlab qoldi.

Shunga o‘xshash holat Asakabankda ham kuzatildi. Bank 2024 yilda «qizil» toifada qayd etilgan bo‘lsa, bir yil ichida «yashil» toifaga chiqdi. Umumiy reytingdagi o‘rni esa 93-pog‘onadan 56-pog‘onagacha yaxshilandi. Bu Ochiqlik indeksidagi eng katta sakrashlardan biri bo‘ldi.

Aksincha, Aloqabank teskari yo‘lni bosib o‘tdi. Bank 2022 yilda «qizil» toifada bo‘lgan, keyinchalik «sariq» toifaga ko‘tarilgan edi. Biroq umumiy reytingga ko‘ra, 2025 yilda yana ortga qaytib, 68-o‘rindan 78-o‘ringa tushdi va qayta «qizil» toifaga kirdi.

O‘zmilliybankda esa nisbatan barqaror o‘sish kuzatildi. Bank uch yil davomida «sariq» toifada qolgan bo‘lsa, faqat 2025 yilda «yashil» toifaga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Agrobank, Xalq banki, Mikrokreditbank va Biznesni rivojlantirish banki esa so‘nggi yillarda barqaror ravishda yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda.

Banklar orasidagi keskin o‘zgarishlar yuzasidan VAQT.UZ savoliga javoban Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Sherzod Saparov bunday holatlar tashkilotlarning tegishli indikatorlar bo‘yicha to‘plagan ballari o‘zgarishi bilan izohlanishini bildirdi.

«Asakabankning 2024 yildagi “qizil” toifadan keyingi baholashda “yashil” toifaga ko‘tarilishi yoki Aloqabankning “sariq” toifadan “qizil” toifaga tushishi tashkilotlarning tegishli indikatorlar bo‘yicha to‘plagan ballari o‘zgarishi bilan izohlanadi», — dedi Sherzod Saparov.

Biroq agentlik qaysi indikatorlar aynan Asakabankning 37 pog‘onaga ko‘tarilishiga yoki Aloqabankning 10 pog‘onaga pasayishiga sabab bo‘lgani haqida batafsil ma’lumot bermadi.

Natijada reytingdagi bunday keskin o‘zgarishlar ortida aynan qaysi omillar turgani jamoatchilik uchun ochiq qolmoqda. Bu esa hokimliklar misolida kuzatilgan savollarni banklar kesimida ham takrorlaydi: ochiqlik va hisobdorlik kabi ko‘rsatkichlar odatda uzoq muddatda shakllanadigan jarayon bo‘lsa, bir yil ichida kuzatilayotgan bunday keskin o‘zgarishlar reyting metodologiyasi va baholash mezonlari haqida qo‘shimcha savollarni yuzaga keltirmoqda.

Umuman olganda, to‘rt yil davomida Ochiqlik indeksi natijalari yaxshilanib bormoqda. Biroq reytinglar ortidagi ayrim tafovutlar bu o‘sish har doim ham real ochiqlikni anglatmasligini ko‘rsatadi.

Eng katta savol ham shu yerda: indeks haqiqatda davlat organlarining shaffofligini o‘lchayaptimi yoki ular metodologiya talablarini qay darajada bajarayotganini?

Xorazm misoli, yashirin qarorlar masalasi, ayrim hokimlik va banklarning bir yil ichida «qizil»dan «yashil»ga yoki aksincha o‘tishi bu savolni yanada kuchaytiradi. Qolaversa, davlat budjetidan milliardlab so‘m subsidiya oladigan ayrim korxonalarning reytingda umuman aks etmasligi ham ochiqlikni baholash qamrovi haqida savollar tug‘diradi.

Agar Ochiqlik indeksi real holatni aks ettirishi kerak bo‘lsa, unda yashirin qarorlar, davlat subsidiyalari, davlat korxonalari xarajatlari va jamoatchilik uchun yopiq qoladigan ma’lumotlar ham baholashning muhim qismiga aylanishi lozim.

Aks holda, reytinglarda «yashil»lar soni ko‘payishi mumkin. Ammo bu davlat organlari haqiqatdan ham ochiqroq bo‘lib borayotganini emas, tashkilotlar reyting talablariga yaxshiroq moslashayotganini ko‘rsatishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  VAQT.UZ hukumatning ochiqlanmagan hujjatlari bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qilib, ekspertlar fikrlarini jamlagan edi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 149

Barchasi

Mavzuga oid