add

YTTB O‘zbekistonda energiya saqlash loyihasiga $80 mln ajratishi mumkin

Kecha 11:152422 daqiqa

Loyiha elektr tarmog‘i barqarorligini oshirish va qayta tiklanuvchi manbalar ta’sirini muvozanatlashga qaratilgan.

YTTB O‘zbekistonda energiya saqlash loyihasiga $80 mln ajratishi mumkin

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonda akkumulyatorlarga asoslangan energiya saqlash tizimi loyihasi uchun 80 mln dollargacha kredit ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda bank axborot xizmati ma’lum qildi. Moliyalashtirish tasdiqlansa, loyiha elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishda muhim qadam bo‘ladi.

Loyiha doirasida quvvati 150 MW bo‘lgan, umumiy sig‘imi 300 MWhga teng BESS (battery energy storage system — energiyani batareyalarda saqlash tizimi) inshooti ishlab chiqilishi, qurilishi va ekspluatatsiya qilinishi rejalashtirilgan. Umumiy investitsiya qiymati taxminan 100 mln dollarni tashkil etadi, kredit esa katta ulushni qoplashi kutilmoqda.

Kredit mablag‘lari maxsus tashkil etilgan Celest FE LLC loyiha kompaniyasiga ajratilishi rejalashtirilgan. Loyihaning homiysi sifatida Dubayda joylashgan qayta tiklanuvchi energetika kompaniyasi AMEA Power ishtirok etadi. YeB moliyalashtirish bo‘yicha yakuniy qarorni 2026 yil 11-fevralga qadar qabul qilishni rejalashtirgan.

Inshoot Toshkent viloyatida joylashtirilishi ko‘zda tutilmoqda. U milliy energetika tizimiga yordamchi xizmatlar ko‘rsatib, shamol va quyosh kabi o‘zgaruvchan generatsiya manbalarining salbiy ta’sirini kamaytiradi. Bu esa tarmoq barqarorligi va elektr ta’minoti uzluksizligini mustahkamlaydi.

2016 yilda tashkil etilgan AMEA Power Afrika, Yaqin Sharq va Osiyoda umumiy quvvati 2,6 GWdan ortiq toza energetika loyihalarini amalga oshirmoqda. Kompaniya O‘zbekiston bozorida ham faol: joriy yil boshida u 1 GW quvvatli shamol elektr stansiyasi va 300 MWhʼlik energiya saqlash tizimi bo‘yicha investitsiya kelishuvlarini imzoladi. Bu Markaziy Osiyoda ishtirokni kengaytirish strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetkazilib, elektr ta’minoti, transformatsiya tarmoqlari va mintaqaviy hamkorlikni qamrab olgan yirik islohotlar amalga oshirilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid