add

Amerikada «to‘polon»: Minnesotada Trampning deportatsiya siyosatiga qarshi otishma va namoyishlar bo‘lyapti

26.01.2026 | 13:305 daqiqa

Tramp ma’muriyatining immigratsiyaga qarshi navbatdagi operatsiyasi Minnesotani oyoqqa turg‘izdi. Holat 2 va 5 yoshli bolalarning hibsga olinishi, federal agentlar tomonidan AQSH fuqarosining otib o‘ldirilishi va FBR agentlarining bosimlar sabab iste’fo berishi bilan yanada qaltis tus olmoqda.

Amerikada «to‘polon»: Minnesotada Trampning deportatsiya siyosatiga qarshi otishma va namoyishlar bo‘lyapti

Joriy yilning 21-yanvar kuni AQSHning Minnesota shtatida yuzlab korxonalar o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Mintaqada davom etayotgan immigratsiyaga qarshi choralarga norozilik bildirish uchun minglab odamlar qattiq sovuqqa qaramay ko‘chalarga chiqdi.

Keng ko‘lamli mitinglar tashkilotchilar aholini AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati — ICE’ga qarshi norozilik belgisi sifatida ishga yoki o‘qishga bormaslikka, shuningdek, xaridlardan tiyilishga chaqirganidan keyin boshlandi. Tramp ma’muriyati tomonidan buyurilgan Minnesotadagi ICE operatsiyasi olti haftadan ortiq vaqtdan beri davom etmoqda.

aqsh1

Ma’muriyat buni mamlakatda noqonuniy yurgan jinoyatchilarni deportatsiya qilishga qaratilgan jamoat xavfsizligi operatsiyasi deb ta’rifladi. Tanqidchilar esa jinoiy o‘tmishi bo‘lmagan migrantlar va hatto AQSH fuqarolari ham hibsga olinayotganidan ogohlantirmoqda.

Aeroportdagi hibslar

21-yanvar kuni Minneapolis aeroportida 100 ga yaqin diniy xodim hibsga olindi. Ular AQSH aviakompaniyalarini ICE tomonidan hibsga olingan shaxslarni tashishdan bosh tortishga chaqirib norozilik bildirgan.

Aeroportlar komissiyasi vakili «Minnesota Reformer» nashriga bergan intervyusida hibslar «ruxsat etilgan faoliyat kelishilgan shartlardan tashqariga chiqqanidan keyin» jamoat xavfsizligini va aeroportga kirishni ta’minlash maqsadida amalga oshirilganini aytdi.

«Metro to‘lqini operatsiyasi» va keskinlikning kuchayishi

«Operation Metro Surge» (Metro to‘lqini operatsiyasi) doirasida Minnesotaga minglab federal zobitlar safarbar etilgan. Shu oy boshida 37 yoshli minneapolislik ayol Reni Gudning o‘ldirilishi butun shtat bo‘ylab keskinlikni oshirdi va mahalliy amaldorlarning qattiq qoralashiga sabab bo‘ldi.

«Biz ICE’ning Minnesotadan chiqib ketishini va haddan tashqari vakolat suiiste’moli bilan har bir shtatdan chiqib ketishini xohlaymiz», - dedi Yepiskop Dueyn Royster. Uning «Faith in Action» tashkiloti ish tashlash paytida Minneapolisdagi mahalliy sheriklarni qo‘llab-quvvatladi. «Biz Kongressdan ICE ustidan nazoratni ta’minlashini talab qilamiz», - dedi u.

Eng yirik norozilik yurishlari

21-yanvar kungi yurishlar shtatdagi hozirgi immigratsiya siyosatiga qarshi shu kungacha bo‘lgan eng yirik norozilik namoyishi deb baholandi. Mintaqada havo harorati −23°C bo‘lishiga qaramay, minglab odamlar shahar markazi bo‘ylab yurish qildi.

aqsh 2

Namoyishchilar Minneapolisdagi NBA’ning «Timbervulvz» jamoasi o‘ynaydigan stadiongacha borib, ICE’ga qarshi miting o‘tkazishdi. Ular yo‘l davomida shiorlar aytib, musiqa chalishdi.

Tadbirkorlarning noroziligi

Minneapolislik tadbirkor Kori Lam birdamlik belgisi sifatida o‘zining «Harriet Grove Botanicals» biznesini yopib, namoyishga qo‘shildi. U o‘z shahrida ICE agentlari bo‘lishiga qarshi ekanini bildirdi va yanvar oyi boshida Gudning o‘limi uni qattiq g‘azablantirganini aytdi.

Uning fikricha, immigratsiya reydlari o‘z biznesi va mahalliy jamoa uchun iqtisodiy xavf tug‘dirmoqda.

«Bizning ishimiz yurishishi uchun tayanadigan ko‘plab do‘stlarimiz va korxonalarimiz bor. Agar o‘sha shaxslar hibsga olinish yoki g‘oyib bo‘lishdan qo‘rqib qiynalsalar, bu nafaqat ma’naviy, balki iqtisodiy jihatdan ham butun O‘rta G‘arbga ta’sir qiladi», - dedi Lam BBC’ga.

Lamning biznesiga restoranlar, tatuirovka salonlari va o‘yinchoq do‘konlarini o‘z ichiga olgan yuzlab korxonalar qo‘shildi. 21-yanvar kuni Minneapolisda oltita restoranga egalik qiluvchi Kim Bartmann qishda ishlaydigan to‘rtta restoranini yopdi.

U bu qarorni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, iqtisodiy tomondan og‘ir bo‘lganini tan oldi. «Hamma birdam, lekin hamma oziq-ovqat sotib olishi va ijara haqini to‘lashi kerak. Iqtisodiy jihatdan bu mening biznesim uchun qattiq zarba», - dedi u.

Uning aytishicha, «Barbette» va «Gigi's Café» restoranlarida savdo hajmi ICE operatsiyasi boshlanganidan beri 30 foizdan ortiqqa kamaygan. Bu esa ish soatlarini qisqartirishga majbur qilgan.

«Bizda AQSH fuqarosi bo‘lgan yoki ishlash uchun hujjatlari bor ko‘plab xodimlar bor, lekin ular hali ham uydan chiqishga qo‘rqishyapti», - dedi u.

Bolalar va tinch aholi hibsga olinishi

ICE’ning mavjudligi Minnesotaning ko‘plab aholisini g‘azablantirdi. Kolumbiya-Xayts shahri yaqinidagi maktab rahbariyati besh yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar o‘quvchi ICE tomonidan hibsga olinganini ma’lum qildi.

Shuningdek, 20-yanvar kuni ikki yoshli bola hujjatsiz otasi bilan birga Janubiy Minneapolisdagi oziq-ovqat do‘konidan qaytayotganda hibsga olingan.

Federal va mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi ziddiyat

20-yanvar kuni vitse-prezident Jey Di Vens Minnesota mahalliy huquq-tartibot idoralarini immigratsiya qoidalarini ijro etishda federal zobitlar bilan hamkorlik qilishga chaqirdi. Minnesota va ayrim shaharlarda «boshpana» siyosati mavjud bo‘lib, u mahalliy idoralarning ICE bilan hamkorligini cheklaydi. Tramp ma’muriyati bu siyosatni jamoat xavfsizligiga tahdid deb baholadi.

Shu hafta Minneapolisdagi FBR agenti Reni Gudning o‘limi bilan bog‘liq tergovga bosim o‘tkazilayotgani sabab iste’foga chiqqan. «The New York Times» va CBS News manbalarga tayanib, u tergovni «qayta tasniflash yoki to‘xtatish haqidagi bosim tufayli» ishdan ketganini xabar qildi.

Bundan avval Minneapolis prokuraturasining kamida olti nafar prokurori ham ma’muriyatning federal tergovga munosabati sabab iste’foga chiqqan edi.

ICE xodimlari tomonidan AQSH fuqarosining o‘ldirilishi

24-yanvar kuni Minneapolisda AQSH immigratsiya xizmati agentlari Amerika fuqarosini otib o‘ldirdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi. Rasmiylarga ko‘ra, bu voqea ommaviy norozilik namoyishlariga va mahalliy rahbarlarning keskin qoralashiga sabab bo‘ldi.

Milliy xavfsizlik departamenti ushbu hodisani «hujum» deb baholadi. Ularning ma’lum qilishicha, agentga to‘pponcha bilan yaqinlashayotgan erkakka qarshi o‘q uzilgan. Aytilishicha, u kishi qarshilik ko‘rsatgani sababli agent o‘zini himoya qilgan.

Biroq guvohlar tomonidan olingan videolarda 37 yoshli Aleks Prettining qo‘lida qurol emas, mobil telefon bo‘lgani ko‘ringan. U agentlar tomonidan yerga yiqitilgan ayollarga yordam berishga harakat qilgan.

Videoda Pretti agentlar va ayollar orasiga tushganida ko‘zni yoshlantiruvchi gaz qo‘llanilgani, keyin esa u tiz cho‘ktirilgani aks etgan. Bir necha soniyadan keyin ofitser uning orqasiga qarata to‘rt marta o‘q uzgani ko‘rinadi.

Namoyishlar va siyosiy keskinlik

Prettining o‘ldirilishi yuzlab odamlarni ko‘chalarga chiqishga majbur qildi. Ular qurollangan va niqob taqqan agentlarga qarshi yuzma-yuz keldi. Namoyishlar Nyu-York, Vashington va San-Fransisko kabi shaharlarda ham davom etdi. Mahalliy rahbarlar, jumladan gubernator Tim Uolz bu voqeani shubha ostiga oldi.

«Men videoni turli rakurslardan ko‘rdim va bu odamni ko‘ngli aynishiga olib keladi. Ushbu tergovni federal hukumatga ishonib bo‘lmaydi — buni shtat o‘z zimmasiga oladi», - dedi Uolz.

Milliy xavfsizlik kotibi Kristi Noyem esa: «U bu yerga tinch namoyish uchun kelmagan. U zo‘ravonlik qilish uchun kelgan», - dedi.

Minneapolis politsiyasi rahbari Brayan O'Xara o‘ldirilgan erkak qonuniy ravishda qurolga ega bo‘lgani, ammo yo‘l qoidabuzarligidan tashqari jinoiy o‘tmishi yo‘qligini aytdi.

Mer va gubernator operatsiyani to‘xtatishni talab qildi

Minnesota gubernatori Tim Uolz va Minneapolis meri Jeykob Frey Tramp ma’muriyatining immigratsiya bo‘yicha amaliyotlarini to‘xtatishga chaqirdi.

«Ushbu operatsiya tugashi uchun yana qancha odam o‘lishi yoki og‘ir yaralanishi kerak?» dedi Frey.

Prezident Tramp esa mahalliy rahbarlarni isyonga undayotganlikda aybladi. «Mer va gubernator o‘zlarining xavfli ritorikasi bilan isyon qo‘zg‘atmoqda», - deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda.

Teglar

Mavzuga oid