2026-yilgi data-markazlar xaritasi: O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
Data-markazlar — raqamli iqtisodiyotning yuragi hisoblanadi. U striming platformalari, bulutli saqlash tizimlari va sun’iy intellekt xizmatlarining uzluksiz ishlashini ta’minlaydigan asosiy infratuzilmadir. Data-markazlarsiz internet, onlayn xizmatlar va zamonaviy IT tizimlar to‘liq ishlay olmaydi.

Data-markazlar soni bo‘yicha AQSH dunyoda yetakchi mamlakat hisoblanadi. Data Center Map ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatlar kesimida faol obyektlar hisobga olinganda, AQSHda 3960 ta data-markaz mavjud. Bu ko‘rsatkich ro‘yxatda AQSHdan keyin turuvchi 14 davlatdagi jami markazlar soniga teng yoki undan ham ortiqdir.

Bunday ustunlik yetakchi bulutli provayderlar va texnologik kompaniyalarning ko‘p yillik yirik sarmoyalari bilan izohlanadi. Natijada jahon bulutli quvvatlarining salmoqli qismi hamda sun’iy intellekt infratuzilmasining asosiy segmenti aynan AQSH hududida jamlangan.
Ayrim sohaviy baholashlarda mamlakatdagi data-markazlar umumiy soni 5000 tadan ham yuqori ekani qayd etiladi. Farqlar hisoblash uslubi va obyektlarni tasniflash mezonlariga bog‘liq.
Yevropa mamlakatlari ham konsentratsiya darajasi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya har biri yuzlab data-markazlarga ega. Ular xalqaro internet almashinuvi tugunlari va global bulutli hamda IT xizmatlarini joylashtirish markazlari hisoblanadi. Niderlandiya, Ispaniya va Shvetsiya ham yirik data-infratuzilmaga ega davlatlar qatorida.
Osiyo mintaqasi esa tez sur’atlarda o‘smoqda. Xitoy, Yaponiya va Hindiston raqamli xizmatlarga talab oshishi va bulut texnologiyalarining jadal joriy etilishi hisobiga infratuzilmani kengaytirmoqda. Indoneziya, Malayziya va Janubiy Koreya kabi rivojlanayotgan iqtisodiyotlar ham global xaritada faol ishtirok etmoqda. Singapur va Hongkong esa qulay geografik joylashuvi va rivojlangan aloqa tizimi tufayli kutilgandan yuqori natijalarni namoyon etmoqda.
Markaziy Osiyoda data-markazlar soni hozircha cheklangan. Qozog‘istonda 15 ta, O‘zbekistonda 6 ta, Qirg‘izistonda 3 ta data-markaz faoliyat yuritmoqda. Bu raqamlar mintaqada raqamli infratuzilmani yanada kengaytirish va xalqaro bulutli xizmatlar bozorida raqobatbardoshlikni oshirish zaruratini ko‘rsatadi. O‘zbekistondagi 6 ta data-markazning hammasi Toshkent shahrida joylashgan.

Ma’lumot uchun: Data-markaz (data center) — bu serverlar, ma’lumot saqlash qurilmalari va tarmoq uskunalari joylashgan maxsus texnik majmua. U yerda veb-saytlar, mobil ilovalar, bulutli xizmatlar va korporativ axborot tizimlari ishlaydi.
Oddiy qilib aytganda, internetda foydalanayotgan deyarli barcha xizmatlar — ijtimoiy tarmoqlar, bank dasturlari, onlayn do‘konlar, striming platformalar — o‘z ma’lumotlarini data-markazlarda saqlaydi va qayta ishlaydi.
Data-markazlar nega kerak?
Birinchidan, ma’lumotlarni xavfsiz saqlash uchun. Data-markazlarda elektr ta’minotining zaxira manbalari, kuchli sovitish tizimlari va kiberxavfsizlik himoyasi mavjud. Bu ma’lumot yo‘qolishi yoki tizim ishdan chiqishining oldini oladi.
Ikkinchidan, xizmatlarni uzluksiz ishlatish uchun. Serverlar 24/7 ishlaydi. Agar bir uskuna ishdan chiqsa, rezerv tizim avtomatik ravishda uning o‘rnini bosadi.
Uchinchidan, katta hajmdagi ma’lumotlarni tez qayta ishlash uchun. Sun’iy intellekt, onlayn to‘lovlar, davlat xizmatlari va elektron tijorat yuqori hisoblash quvvatini talab qiladi.


