add

Bankrot deb topilgan inson: uning qarzidan butunlay voz kechiladimi?

Kecha 11:555 daqiqa

O‘zbekistonda 2022 yildan jismoniy shaxslar ham bankrot deb topilishi mumkin. Vaqt.uz bu qonun kimlarga taalluqli ekani, uning qanday ishlashi va sud qarorisiz mol-mulk undirilishiga yo‘l qo‘yilmasligini o‘rgandi.

Bankrot deb topilgan inson: uning qarzidan butunlay voz kechiladimi?

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining umumiy qarz yuki 33 foizga yetgan. Qarzdorlarning 61 foizi esa kredit majburiyatlarini bajarishda qiyinchilikka duch kelayotganini tan olgan.

Shu bilan birga, kelgusi 12 oyda kredit olishni rejalashtirayotganlar ulushi kamaygan. Regulyator bu holatni qarz yukining oshishi va kreditlarga bo‘lgan talabning pasayishi bilan izohlamoqda. Shuningdek, kredit olganlarning 27 foizida 2 yoki undan ko‘p krediti bor. Aniqrog‘i, ularning 16 foizida 2 tadan, 11 foizida 3 va undan ortiq kredit mavjud.

Kredit oluvchilarning oshib borishi bilan bir qatorda uni to‘lolmay sudma-sud sarson bo‘layotganlar ham talaygina. Bunday holatlarda to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lgan fuqarolar qonunchilikka ko‘ra BANKROT deb topilishi mumkin.

Odatda, bankrotlik deganda biror korxona yoki katta tashkilotning kasodga uchrashi tasavvur qilinadi. Ammo oddiy insonlar — jismoniy shaxslar ham bankrot deb topilishi mumkin. 

 

Jismoniy shaxs bankrotligi: bu nima?

2022 yil 12-aprelda qabul qilingan «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi qonun bilan O‘zbekistonda jismoniy shaxslarni ham bankrot deb topish tartibi joriy etildi. Qonun qarzdorlarning — jismoniy va yuridik shaxslarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning qarzlarini to‘lash va bankrotlik jarayonini tartibga soladi.

Ushbu qonun bankrotlik maqomini o‘zgartiradi, ya’ni «to‘lay olmaslik» maqomidan «to‘lovga qobiliyatsizlik» iborasiga o‘tiladi. Endi «to‘lovga qobiliyatsizlik» — bu qarzdorning kreditorlarning sud tomonidan belgilangan pul majburiyatlari bo‘yicha talablarini to‘liq qondirib bera olmasligi va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z vazifalarini bajara olmasligidir.

Ilgari bunday mexanizm qonunchilikda mavjud emas edi. Qonunga ko‘ra, to‘lovga qobiliyatsizlik holati sud tomonidan ko‘rib chiqiladi va sud qarorisiz qarz undiruvini mol-mulkka qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu qonun kuchga kirishi bilan 1994 yil 5-mayda qabul qilingan «Bankrotlik to‘g‘risida»gi qonun o‘z kuchini yo‘qotdi.

 

Qachon fuqaro bankrot deb topiladi?

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, jismoniy shaxs ayrim shartlar bajarilganda to‘lovga qobiliyatsiz, ya’ni bankrot deb topilishi mumkin. Bu jarayon faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

Vaqtincha to‘lovga qobiliyatsizlik. Agar jismoniy shaxs kamida uch oy davomida kredit yoki boshqa pul majburiyatlarini bajarmagan bo‘lsa va uning qarz miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobariga teng yoki undan ortiq bo‘lsa, u vaqttincha to‘lovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin. Bu holatda fuqaro qarzlarini vaqtingcha to‘lay olmayotgan deb baholanadi va sud orqali ish qo‘zg‘atilishi mumkin.

Doimiy to‘lovga qobiliyatsizlik. Bu sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yil boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketishi hisoblanadi. Sodda qilib aytganda, bunday vaziyatda fuqaro qarzlarini na hozir, na yaqin istiqbolda to‘lash imkoniyatiga ega emas, deb hisoblanadi.

 

Bankrotlik bo‘yicha kimlar murojaat qiladi?

To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish sud tomonidan ko‘rib chiqiladi. To‘lovga qobiliyatsizlik masalasini ko‘rib chiqish uchun sudga nafaqat fuqaroning o‘zi, balki bank yoki boshqa kreditorlar ham murojaat qilishi mumkin. Agar moliyaviy muammolar alomatlari aniqlansa, ayrim davlat organlari ham tegishli ma’lumotlarni vakolatli idoralarga taqdim etishi shart.

To‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari aniqlangan taqdirda davlat soliq xizmati va davlat statistika organlari vakolatli davlat organiga ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan korxonalar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi shart.

To‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qo‘llanilayotgan paytda barcha kreditorlarning manfaatlarini kreditorlar yig‘ilishi yoki kreditorlar qo‘mitasi himoya qiladi.

 

Sud va undiruv qanday o‘tadi?

Sud arizani ish yuritishga qabul qilgan kundan boshlab, odatda, 2 oydan oshmagan muddatda qaror chiqarishi kerak. Ayrim murakkab holatlarda bu muddat bir oygacha uzaytirilishi mumkin. Ushbu ish bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatlari darhol ijro etilishi lozim.

Sud qarzni qayta tuzish rejasini tasdiqlamaguncha yoki fuqaroni bankrot deb topish va mol-mulkini sotish tartibini boshlamagunicha, garovga qo‘yilgan mol-mulkka undiruv qo‘yilmaydi. Ya’ni sud qarorisiz fuqaroning uyi, mashinasi yoki boshqa garovdagi mol-mulki tortib olinmaydi. Agar keyinchalik fuqaroning moliyaviy ahvoli yaxshilansa, qarz masalasini yana sud orqali qayta ko‘rib chiqish mumkin.

Agar ish soddalashtirilgan tartibda ko‘rilsa va qarzdor bilan boshqa kelishuv bo‘lmasa, sud boshqaruvchisiga haq to‘lash xarajatlarini sudga ariza bergan tomon qoplaydi. Sud boshqaruvchisiga haq to‘lash uchun sud depozit hisobvarag‘iga eng kam ish haqining yetti barobari miqdorida pul oldindan kiritiladi. Sud boshqaruvchisi har bir yakunlangan ishi uchun haq oladi.

 

Ochiq manbalarda rasmiy statistika yo‘q

Qonun 2022 yilda kuchga kirgan bo‘lsa-da, hozircha ochiq manbalarda nechta jismoniy shaxs bankrot deb topilgani yoki nechta fuqaro sudga murojaat qilgani haqida rasmiy ma’lumotlar mavjud emas. Shu sababli bu tizim amalda qay darajada ishlayotgani haqida savollar ko‘p.

Shu o‘rinda, Vaqt.uz Markaziy bankdan 2025 yilda jismoniy shaxslar bankrotligi bo‘yicha qancha murojaatlar kelib tushgani va ularning nechtasi qanoatlantirilgani haqida ma’lumot so‘radi, ammo ushbu ma’lumotlar uchinchi shaxsga taqdim etilmasligi ma’lum qildi.

 

Bankrotlik — qarzdan qutulish, degani emas

Qonunga ko‘ra, qarzdorga davlat yordami ko‘rsatilgan holda sudgacha sanatsiya qilish mumkin. Sanatsiya — bu qarzdorga vaqt berish, uni darhol bankrot qilmasdan moliyaviy ahvolini tiklashga urinishdir. Bu jarayon 12 oydan 24 oygacha davom etishi mumkin. Agar bu vaqt ichida qarzdorning ahvoli yaxshilanmasa, sanatsiya bekor qilinadi va ish sudda davom ettiriladi. To‘lovga qobiliyatsizlik bo‘yicha chiqarilgan barcha sud hujjatlari darhol bajarilishi shart.

Eng muhim jihat shundaki, bankrot deb topilish qarzlar avtomatik ravishda o‘chiriladi, degani emas. Bankrotlik — bu qarzlarni qaytarmaslik emas, balki ularni sud belgilagan tartibda qaytarish jarayonidir. Sud qarzlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, muddatlarni uzaytirish yoki mol-mulkni sotish orqali qarzni yopish tartibini belgilashi mumkin. Ya’ni bankrotlik qarzdan qochish emas, balki moliyaviy muammolarni qonuniy yo‘l bilan hal qilish usuli hisoblanadi. 

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 40

Barchasi

Mavzuga oid