add

Chorvoqqa kanalizatsiya suvi oqizganlarga 4,12 mln so‘m jarima solindi

07.08.2025 | 08:0028903

Bo‘stonliq tumanidagi ayrim dacha egalari kanalizatsiya tizimini Chorvoq suv omboriga tushirib yuborgani aniqlandi. Kanalizatsiya quvurlari buzib tashlandi.

Chorvoqqa kanalizatsiya suvi oqizganlarga 4,12 mln so‘m jarima solindi
Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv omboriga kanalizatsiya suvlarini oqizgan fuqaroga ma’muriy jazo tayinlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi ma’lum qildi. Jamoatchilik e’tirozidan so‘ng holat joyida o‘rganilib, mutasaddiga 10 baravar bazaviy hisoblash miqdori — 4,12 mln so‘m jarima tayinlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla mahallasi aholisi tomonidan ombor yaqinida maxsus ariqlar qazilib, kanalizatsiya va oqova suvlari uchun quvurlar o‘rnatilgan. Ushbu infratuzilma orqali iflos suvlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Chorvoq suv omboriga oqib tushayotgani aniqlangan. Mutaxassislar bunday harakatlar tabiiy hududlarni muhofaza qilish qoidalariga zid ekanini ta’kidlashdi. Hodisa yuzasidan «Davlat muhofazasi ostidagi tabiiy hududlar tartibini buzish» moddasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi. Ombor uchun mas’ul xodimga ma’muriy chora ko‘rildi. Aniqlangan kanalizatsiya tarmoqlari va qazilgan ariqlar to‘liq buzib tashlangan. Ekologlar ta’kidlashicha, Chorvoq suv omborining ifloslanishi butun hududdagi ekologik barqarorlikka xavf tug‘diradi. Mazkur holatdan avval ham ijtimoiy tarmoqlarda omborga kanalizatsiya suvlari oqib tushayotgani aks etgan videolar tarqalgan va keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Ekologiya boshqarmasi bu borada nazoratni kuchaytirishini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid