add

Dushanbeda Rossiya va Markaziy Osiyo rahbarlari ishtirokida qator sammitlar o‘tadi

08.10.2025 | 11:0015694

8–10 oktyabr kunlari Dushanbeda Vladimir Putinning davlat tashrifi hamda «Markaziy Osiyo – Rossiya» sammiti va MDH davlat rahbarlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Dushanbeda Rossiya va Markaziy Osiyo rahbarlari ishtirokida qator sammitlar o‘tadi
8–10 oktyabr kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbeda bir qator muhim xalqaro tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ular qatorida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifi, «Markaziy Osiyo – Rossiya» sammiti hamda MDH davlat rahbarlari yig‘ilishi bor. Tadbirlar doirasida mamlakatlar o‘rtasida yangi kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. 8–9 oktyabr kunlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Tojikistonga keladi. Uning tashrifi doirasida tomonlama muzokaralar va bir qator davlatlararo hamda hukumatlararo hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan. Tashrif yakunida Tojikiston va Rossiya rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkaziladi. 9 oktyabr kuni Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari ishtirokida «Markaziy Osiyo – Rossiya» sammiti bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda terrorizm, ekstremizm va noqonuniy narkotik aylanmasiga qarshi kurash, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi. Sammit yakunida yakuniy kommyunike va Hamkorlik rejasi qabul qilinishi kutilmoqda. 10 oktyabr kuni Dushanbeda Prezident Emomali Rahmon raisligida MDH davlat rahbarlari sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart Tokayev, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhammedov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etadi. Yig‘ilishda siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash hamda madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, 9 oktyabr kuni Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin raisligida MDH tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tadi. Unda sammitga tayyorgarlik va mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid