add

«Ehtimol, tong otayotgandir» — G‘arb matbuoti Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Jeneva muzokaralari haqida

Kecha 08:385226 Daqiqa

Jenevada Ukrainadagi urushni tugatishga qaratilgan tinchlik rejasi muhokama qilindi. AQSH va Ukraina bu uchrashuvni muvaffaqiyatli, deya baholadi. Hozircha natijalar haqida ko‘p ma’lumot yo‘q, ammo «Tramp bilan munosabatlarda yana bir bor yuzaga kelgan inqiroz» fonida bu uchrashuv foydali bo‘lgani ta’kidlanadi, deb yozmoqda G‘arb nashrlari.

«Ehtimol, tong otayotgandir» — G‘arb matbuoti Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Jeneva muzokaralari haqida

Shu bilan birga, janjalli reja atrofidagi voqealar Amerika rahbariyati ichidagi kelishmovchiliklarni yuzaga chiqardi, deb yozmoqda BBC.

 

Jeneva muzokaralarini muvaffaqiyatli, deb hisoblash mumkinmi?

Jenevadagi muzokaralar yakunlariga ko‘ra ham AQSH, ham Ukraina vakillari uchrashuvni muvaffaqiyatli, deb baholashdi. Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andriy Yermak va AQSH davlat kotibi Marko Rubio bu muzokaralarda «juda yaxshi» va «muhim ilgarilash» qayd etilganini ma’lum qildi.

Rubioning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar «adolatli va barqaror tinchlik» sari muhim qadam bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, Jenevadagi uchrashuv Tramp qaytadan Oq uyga qaytganidan beri AQSHning Ukraina bilan o‘tkazgan eng samarali muzokaralaridan biri bo‘lgan.

Rubiodan tashqari, AQSH delegatsiyasi tarkibida prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff ham qatnashdi. G‘arb OAV manbalari uni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga chek qo‘yish maqsadida ishlab chiqilgan Amerika tinchlik rejasining bosh mualliflaridan biri sifatida ta’riflamoqda.

Garchi AQSH va Ukraina tomoni «yangilangan va aniqlashtirilgan tinchlik jarayoni konsepsiyasi» ishlab chiqilganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, hozircha batafsil tafsilotlar taqdim etilmadi. Rubioning so‘zlariga ko‘ra, «hujjat har kuni o‘zgarmoqda, u bizning takliflarimizga qarab yangilanmoqda», shu bois hozircha aniq tushuntirishlar berilmayotganini aytdi.

Bu esa uchrashuvning yutuqlaridan biri sifatida baholanishi mumkin: AQSH vakillari shubhalarga sabab bo‘lgan ushbu reja hali yakuniy emasligini, shuningdek, AQSH Ukrainadan ushbu rejani qabul qilishi kutilayotgan sana — 27-noyabr, payshanba — ham hali o‘zgarishi mumkinligini tasdiqlamoqda, deb yozadi Reuters va Bloomberg agentliklari.

New York Times nashrining ta’kidlashicha, Yevropa tomonida Jeneva muzokaralariga munosabat ancha ehtiyotkorlik bilan bildirilmoqda. Nashr xabariga ko‘ra, Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb muzokaralarning yakunlari haqida o‘z ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozgan: «Bu muzokaralar olg‘a qo‘yilgan qadam bo‘ldi, ammo muhim masalalar hali ham ochiqligicha qolmoqda».

Yevropa vakillari muzokaralarda muhim o‘zgarishlarga erishgan, deb baho bermoqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful. U NYT iqtibos keltirgan nemis radiosi bilan intervyusida shunday degan: «Yevropa va NATOga taalluqli barcha masalalar bu rejadan chiqarib tashlandi. Endi esa biz Ukraina suverenitetining saqlanishini ta’minlashimiz kerak».

 

Yangi janjal ortidan — yangi dunyo tartibi

O‘tgan hafta «Ukraina Tramp bilan munosabatlarda navbatdagi inqirozni boshidan o‘tkazdi», deb yozadi Britaniyaning Economist nashri va 2025 yil fevralda Tramp bilan Zelenskiyning Oq uydagi «mash’um uchrashuvi»ni birinchi dramatik epizod sifatida eslatadi.

Jeneva muzokaralaridan bor-yo‘g‘i uch kun avval Kiyevda AQSH harbiylari Ukraina rahbariyati bilan «hech qanday yaxshilik va’da qilmaydigan uchrashuv» o‘tkazgan edi, deya esga oladi nashr: o‘shanda AQSH armiyasi vaziri Den Driskoll Zelenskiyga 28 banddan iborat «bir tomonlama» rejani — Rossiya tomonining xohishlaridan tuzilgan «ultimatum»ni taqdim etgan.

Ammo Jenevadagi muzokaralar vaziyat Kiyev uchun yana yaxshilanganini ko‘rsatmoqda, deydi Economist. «Ehtimol tong otayotgandir. Ukrainaga yordamdan voz kechish o‘rniga, Marko Rubio AQSH va Kiyev o‘rtasida muayyan yarashuv haqida e’lon qildi: ultimatumni qabul qildirish emas, balki murosani izlash haqida», — deb yozadi nashr.

«Jeneva muzokaralari [Ukraina]ning Amerika bilan munosabatlarini saqlab qolmoqda. Biroq bu yarashuv uzoqqa cho‘zilmasligi mumkin», — degan xulosaga keladi Economist. Donald Tramp Truth Socialdagi postlarida faqatgina shu kunlarda ham o‘zining «ich-ichidan kelib chiqqan qaysi tarafda ekanini» namoyon qildi: Rossiyaga mulozamat va Ukrainaga nisbatan befarqlik. Uning ayrim bayonotlari 2025 yil fevraldagi Zelenskiy bilan uchrashuvni eslatdi — AQSH rahbarining «ULARDAN HECH QANDAY MINNATDORLIK KO‘RMADIK», deyishi, Ukraina Qurolli Kuchlarining frontdagi zaifligi haqidagi imolar va shunga o‘xshash boshqa so‘zlar.

Bu orada, reja loyihasi muhokamasi arafasida Zelenskiy yana bir bor o‘z ijtimoiy tarmoqlarida Ukraina AQSHga ko‘rsatgan yordami uchun «va shaxsan AQSH prezidenti Trampga» minnatdorlik izhor qilganini yozgan, deya ta’kidlaydi Bloomberg.

 

Urushning tugashi yaqinlashdimi?

«Ukrainada AQSHning tinchlik rejasiga qo‘shilishdan boshqa iloj yo‘q», — deb yozadi Financial Times nashri sharhlovchisi Gideon Rahman. «Amerika taklifi Rossiyaga imtiyoz beradi. Lekin bu oxirgi variant emas».

Uning ta’kidlashicha, Tramp Oq uyga qaytgach, Ukraina rahbariyatida AQSH Rossiya bilan urushni tugatish bo‘yicha bir tomonlama kelishuvga kelib, keyin uni Kiyevga majburlab qabul qildirishi mumkinligi haqidagi xavotir kuchaygan. «Aynan shu voqealar o‘tgan haftada ro‘y berdi», — deb yozadi Rahman.

Uning fikricha, Ukraina AQSH yordamiga hali ham muhtoj va u yordamni yo‘qotmaslikning yagona yo‘li — Uitkoff rejasini asos qilib olib, uni tubdan rad etmaslik. Bunda, Yevropa va Vashingtondagi do‘stlar ko‘magida, Ukraina uni jiddiy o‘zgartirish imkoniga ega bo‘ladi — xuddi 2025 yil fevral oyida Oq uydagi «falokatdan» so‘ng bo‘lgani kabi.

«Lekin Ukraina ushbu rejada faqat uni yemiradigan maqsad bilan ishtirok etmasligi kerak. Kiyevda xavotir va Yevropada g‘azab tufayli jangni to‘xtatishning Ukraina uchun ham zarur ekanini unutib qo‘yish oson», — deya xulosa qiladi FT muxbiri.

Economist nashrining yozishicha, shartlar o‘rtasidagi muvozanatni topish urinishi har qanday holatda qiyin va uzoq jarayon bo‘ladi, natijasi esa kafolatlanmagan.

«Ukraina uchun foydali kelishuvga Tramp rozi bo‘lgan taqdirda ham, uni Rossiya rad etishi mumkin. Rossiya uchun maqbul bitim esa, shubhasiz, Ukraina parlamentida qabul qilinmaydi. Bu yaqin vaqt ichida yangi inqirozga olib kelishi mumkin. Lekin Zelenskiy uchun har bir kun — omon qolish, har bir omon qolish esa — g‘alaba», — deb yozadi Britaniya nashri.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilari AQSHning 28 bandli «tinchlik rejasi»ning bir qancha shartlarini qabul qilmaydigan, muqobil taklif ishlab chiqqan. Bunda garovdagi barcha fuqarolar, jumladan bolalarni qaytarish kabi ayrim shartlar ikki loyihaga ham mos keladi.

Washington Post xabariga ko‘ra, Fransiya va Germaniyadan bo‘lgan yevropalik rasmiylar tayyorlagan hujjatda, muzokaralar front chizig‘ining real holatiga asoslanishi va Ukrainaga AQSH tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanadigan kafolatli, yuridik kuchga ega xavfsizlik kafolatlari berilishi taklif etilgan.

 

«Kun bo‘yi davom etgan uyatli beqarorlik»

Jenevadagi muzokaralar yakunida muhim savollarga javob berilmagani Amerikadagi hukumat doiralarida «beqarorlik» hukm surayotganini ko‘rsatdi, deb yozadi ko‘plab g‘arb nashrlari. Bu beqarorlik jamoatchilik va OAVga berilayotgan bayonotlar va faktlardagi ixtiloflar orqali ham ko‘zga tashlandi.

Polsha bosh vaziri Donald Tusk o‘zining ironiyali tvitida Yevropa muzokaralar rejasi bo‘yicha ish boshlashga tayyorligini ta’kidladi, biroq: «Boshlashdan oldin, reja muallifi kim va u qayerda ishlab chiqilganini bilib olsak yomon bo‘lmasdi», — dedi.

Washington Post yozishicha, bir necha kun avval jurnalistlar 28 banddan iborat «tinchlik rejasi» mualliflariga e’tibor qaratgan. Oq uy avval bu reja Uitkoff va Rossiyaning maxsus vakili Kirill Dmitriyev tomonidan tayyorlanganini aytdi. Kreml buni ochiq tasdiqlagani yo‘q. Reutersʼning ukrain manbalari Kiyev bu muzokaralarga jalb etilmaganini bildirgan.

Biroq, Jenevada Rubio jurnalistlarga bu reja ikki tomonning hissasi bilan ishlab chiqilganini aytdi. Ammo uch nafar amerikalik senatorning ta’kidlashicha, davlat kotibi ularga bu reja «ma’muriyatning pozitsiyasini aks ettirmaydi, bu rossiyaliklarning istaklar ro‘yxati, xolos», deb aytgan. Shundan so‘ng Rubio o‘zi rejani AQSH ishlab chiqqanini aytdi, Davlat departamentining rasmiy vakili esa reja ustida uchala taraf ham ishlaganini ma’lum qildi.

Washington Post ta’kidlashicha, Kiyevga ushbu 28 bandli rejani, ya’ni Ukraina uchun taslim bo‘lish deb baholanayotgan hujjatni yetkazgan shaxs — AQSH armiyasi vaziri Den Driskoll bo‘lgan. U vitse-prezident Jey Di Vensning yaqin tanishi. Economist nashrining yozishicha, reja mazmuni haqida Zelenskiyga aynan Vens o‘tgan hafta telefoni orqali ma’lum qilgan. Bu o‘sha Vens — 2025 yil fevralda Oq uyda Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi mojaroni boshlatgan siyosatchi.

Economist shunday xulosa qiladi: «Bu reja Tramp ma’muriyatidagi parokandalik, raqobat va yetarli salohiyat yo‘qligini ochib tashladi. Uitkoff yana qo‘g‘irchoq, Vens esa AQSH–Ukraina munosabatlarini izdan chiqarishga urinayotgan kuch sifatida ko‘rinmoqda. Har ikki holatda ham, Rubio kelishuvni amalga oshirish imkonini izlagan, lekin u ham rejaning asli mazmunidan xabardor emas edi».

Washington Post manbalarining yozishicha, Oq uy ma’muriyati va hatto AQSH prezidentining o‘zi ham rejaning asli mazmuniga chuqur kirib bormagan. «Reja mazmuni sizib chiqqan kunda butunlay beqarorlik hukm surdi, chunki hatto Oq uyning turli bo‘limlari nima bo‘layotganini bilmasdi. Bu haqiqiy sharmandalik», — degan idoralardan biri xodimi nashrga.

Teglar

Mavzuga oid

«Ehtimol, tong otayotgandir» — G‘arb matbuoti Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Jeneva muzokaralari haqida | Vaqt.uz