
Elektron retseptlar suitsid va zaharlanishni kamaytirishi kutilmoqda
So‘nggi bir yilda dorilarni shifokor tavsiyasisiz qo‘llash oqibatida xavfli holatlar ko‘payib, minglab bemorlar shifoxonaga yotqizilgan.

O‘zbekistonda dori vositalarini o‘zboshimchalik bilan qabul qilish og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda. Bir yil davomida dori orqali o‘z joniga qasd qilishga urinishdan keyin 1500 nafar shaxs shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda Asilbek Xudoyorov 23-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ma’lum qildi.
Sog‘liqni saqlash vaziri keltirgan raqamlarga ko‘ra, 2025 yilda shifokor tavsiyasisiz dori qabul qilish oqibatida shoshilinch tibbiy yordamga 24 mingta murojaat qayd etilgan. Ulardan 741 tasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 418 holatda anafilaktik shok, 7017 holatda esa dori vositalaridan zaharlanish tashxisi qo‘yilgan.
Vazirning ta’kidlashicha, dori vositalari orqali suitsidga urinish holatlari ham aynan tartibsizlik va retseptsiz sotuv natijasidir. Bir yil ichida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi dori yordamida o‘z joniga qasd qilishga urinishdan keyin 1500 nafar bemorni shifoxonaga joylashtirgan. Uning fikricha, elektron retseptlar bu kabi holatlarni keskin kamaytirishga xizmat qiladi.
Elektron retseptlar tizimi dori tayinlash va sotishning butun zanjirini — retseptni kim yozgani, qaysi dori belgilab berilgani, uni qayerdan va qaysi narxda xarid qilinganini nazorat qilish imkonini beradi. Retseptlarda faqat dori vositasining xalqaro nomi ko‘rsatiladi, bu esa shifokorlar va farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasidagi korrupsiya xavflarini cheklaydi.
Asilbek Xudoyorovning aytishicha, avval poliklinikalarda bir bemorga 10–15 ta dori tayinlangan holatlar bo‘lgan. Elektron retsept tizimida esa klinik protokollarga muvofiq 5 tagacha preparat belgilash mumkin. Ko‘proq dori tayinlash uchun vrachlar konsiliumi xulosasi talab etiladi.
Ayni paytda elektron retseptlar antibiotiklar, sintetik antibakterial va gormonal preparatlar uchun majburiy hisoblanadi. Tizim 2026 yil oxirigacha barcha tibbiy muassasalar va dorixonalarni qamrab olishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov poliklinika va shifoxonalarda 12,6 ming shifokor yetishmasligini ma’lum qilgan edi.





