
Epshteyn qamoqqa olinishidan oldin bir necha bochka kislota buyurtma qilgan
Epshteyn oltingugurt kislotasini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni FQB bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadidagi odam savdosi bo‘yicha tergovni boshlagan kunda amalga oshirgan. Shu sababli ham tarmoqlarda turli dahshatli taxminlar ilgari surilmoqda.

Epshteyn fayllari deb atalgan hujjatlar to‘plamida 2018 yilga oid oltingugurt kislotasi xaridi haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘ldi va bu jamoatchilik orasida turli bahs va taxminlarga sabab bo‘ldi. Bu haqda «International Business Times»ning Britaniya byurosi xabar berdi.
Jinsiy jinoyatlarda ayblangan moliyachi Jeffri Epshteyn 2018 yilda o‘z oroliga sifatli sanoat oltingugurti kislotasidan 55 gallonlik oltita bochka yetkazib berishni tasdiqlagani haqida xabar qilinmoqda. Ushbu kimyoviy moddaning hajmi ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar orasida savollar uyg‘otdi.
FBR tergovidan keyingi kimyoviy buyurtma
Epshteyn ishiga oid hujjatlarning so‘nggi to‘plamidan joy olgan, 2018 yil 6-dekabrga sanalangan pul o‘tkazish so‘rovida oltingugurt kislotasining oltita 55 gallonlik bochkasi uchun taxminan 5 ming dollar to‘lanishi ko‘rsatilgan. Bu summaga tashish uchun yoqilg‘i va sug‘urta xarajatlari ham kiritilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar ushbu buyurtmaning maqsadi haqida turli taxminlarni ilgari surmoqda. Bunga hujjat sanasi ham turki bermoqda. Ma’lumki, Epshteyn 2019 yil iyul oyida voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilishni tashkil etganlik ayblovi bilan hibsga olingan va bir oy o‘tib, qamoqda vafot etgan. 2008 yilda ham moliyachi voyaga yetmaganlarni fohishalikka jalb qilishda ayblangan edi. O‘shanda Epshteyn tergov bilan kelishuvga borib, 13 oylik qamoq jazosini olgan.
Boshqalar esa bunday fikrlarga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirib, oltingugurt kislotasi ko‘plab qonuniy sohalarda, masalan, akkumulatorlar, suvni tozalash tizimlari, sanoat jarayonlarida qo‘llanilishini eslatmoqda. Ayrim tahlilchilar oltingugurt kislotasi suv tozalash yoki tuzsizlantirish tizimlarida qo‘llanilishi mumkinligini ta’kidlab, bu moddaning qonuniy ishlatilish sohalari mavjud ekanini qayd etdi.
Oltingugurt kislotasidan foydalanish haqidagi sud-ekspertlik qarashlari
Oltingugurt kislotasi inson tanasining barcha izlarini yo‘q qila oladimi yoki bu ko‘proq Hollivud filmlaridagi bo‘rttirishmi, degan savol hali ham ochiq qolmoqda. Sud-ekspertlari ta’kidlashicha, oltingugurt kislotasi juda kuchli zanglatuvchi modda bo‘lsa-da, u moddalarni «bir zumda yo‘q qilib yuboruvchi sehrli vosita» emas.
Shu bilan birga, oltingugurt kislotasi inson qoldiqlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi taxminlar ham mutlaqo asossiz emas. Ayrim manbalarga ko‘ra, u qattiq tuzilmalarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
«Slate» nashriga ko‘ra, 1940 yillarda «kislota bilan bog‘liq qotilliklar»i bilan tanilgan Jon Jorj Heyg shu kimyoviy moddadan foydalanganini tan olgan. Uning ishi sud-ekspertlik amaliyotida tarixiy misol sifatida tilga olinadi.
Mutaxassislar bunday holatlarda zaharli muhit va xavfli sharoitlar yuzaga kelishini, shu bois bu kabi da’volarni muhokama qilishda amaliy jihatlarga kirmasdan, faqat tarixiy va ilmiy kontekstda yondashish kerakligini ta’kidlaydi.
Himoyaga muhtoj qurbonlarga yetkazilgan dahshatlar
Xabarlarga ko‘ra, Jeffri Epshteyn voyaga yetmagan bolalarni o‘zining xususiy oroliga olib borgan. Guvohlardan biri aerodromda ishlagan sobiq nazoratchi qizlar juda yosh bo‘lganini, ularning yoshi 16 dan oshmagan bo‘lishi mumkin emasligini aytgan.
Yana bir xodim Epshteynni ko‘p hollarda yosh qizlar bilan ko‘rganini tan olgan va bu vaqt o‘tishi bilan xodimlar orasida hazil mavzusiga aylanib ketganini aytgan:
«U har safar qo‘nib yoki uchib ketganda, bu masala doim tilga olinardi. «Bu safar samolyotda nechta bola bor ekan?» deb hazillashardik», – degan u.
Shu bilan birga, ushbu xodim bu holatlar unda chuqur nafrat va jirkanish uyg‘otganini bildirgan. Epshteynning xususiy orolida yosh qizlarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani haqidagi da’volar uzoq yillar davomida tilga olib kelingan. Qurbonlardan biri uni boy tanishlariga «vaqtincha bergani»ni aytgan. Kamida to‘rt nafar da’vogar ham jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini ma’lum qilgan.
«Washington Post» nashri FBRga tayanib xabar qilishicha, tergovchilar Epshteynning voyaga yetmagan qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganini tasdiqlovchi yetarli dalillar topgan. Biroq, FBR ma’lumotiga ko‘ra, u nufuzli shaxslar uchun uyushgan jinsiy savdo tarmog‘ini boshqarganini isbotlaydigan dalillar yetarli emas.





