add

Gaz va avtomobil importining kamayishi O‘zbekistonda umumiy importni pasaytirdi

20.05.2025 | 08:0016373

O‘zbekistonda 2025 yilning birinchi choragida umumiy import hajmi 9,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 2,4 foizga kamaygan. Eksportga qaraganda kamayish asosan energetika tovarlari va avtomobillar importidagi keskin pasayish bilan izohlanmoqda.

Gaz va avtomobil importining kamayishi O‘zbekistonda umumiy importni pasaytirdi
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning fikricha, energiya tovarlari importi 591 mln dollar bo‘lib, bir yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan 38,9 foizga kamaygan. Avtomobillar importi esa 671 mln dollarni tashkil qilgan holda 30,7 foizga pasaygan. Bu ikki segment umumiy import tushishiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatgan. Boshqa tomondan, xizmatlar va oziq-ovqat tovarlari importida o‘sish kuzatilmoqda. Xususan, xizmatlar importi 32,9 foizga o‘sgan, shunda ham eng katta ulush turizm xizmatlariga to‘g‘ri kelib, 53 foizga oshgan. Uning qiymati 563,8 mln dollarni tashkil etdi. Xizmatlarsiz hisoblaganda, import 5,3 foizga kamaygan. Biroq energiya tovarlarisiz import 2,4 foizga oshgan. Bu holat import tarkibidagi ichki o‘zgarishlardan dalolat beradi. Markaziy bank ma’lumotlarini o‘rgangan Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, birinchi chorakda real valyuta kursining 4,9 foizga qadrsizlanishi importni tushirishi mumkin bo‘lgan omil hisoblansa-da, asosiy ta’sir notarif to‘siqlar, avtomobil va xususan, gaz importining keskin kamayishi orqali sodir bo‘lmoqda. Uning fikricha, gaz importining 88,3 foizga qisqarishi import kamayishiga jiddiy ta’sir qilgan va bu omil valyuta kursidan ham kuchliroq ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois, importning tushishi birgina kurs emas, balki ichki siyosat va tartibga solish omillari bilan bog‘liq ekani aniq.

Teglar

Mavzuga oid