add

Global isish sababli oziq-ovqat narxlari oshib, inson salomatligiga tahdid paydo bo‘lmoqda

25.07.2025 | 09:4040403

Iqlim o‘zgarishi tufayli kartoshka, mevalar, qahva va zaytun yog‘i kabi oziq-ovqatlar qimmatlashmoqda. Bu esa, ayniqsa, kam daromadli oilalarning sog‘lom ovqatlanish imkonini cheklab, aholi salomatligiga xavf solmoqda.

Global isish sababli oziq-ovqat narxlari oshib, inson salomatligiga tahdid paydo bo‘lmoqda
Barselona superkompyuter markazi (BSC-CNS) tomonidan olib borilgan tadqiqotga ko‘ra, 2022–2024 yillarda ekstremal issiqlik, qurg‘oqchilik va kuchli yomg‘irlar ozuqa narxlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Ta’sir ko‘rsatgan asosiy mahsulotlar qatoriga kartoshka, guruch, mevalar, sabzavotlar, zaytun yog‘i, qahva va kakao kiradi. Britaniyada 2024 yilning yanvar–fevral oylarida shiddatli yomg‘irlar ortidan kartoshka narxi 22 foizga oshib ketgan. AQSHning Kaliforniya va Arizona shtatlarida 2022 yildagi yozgi qurg‘oqchilikdan keyin sabzavotlar narxi 80 foizga ko‘tarilgan. Yevropa Ittifoqida esa o‘tgan yilgi Italiya va Ispaniyadagi qurg‘oqchilik sababli zaytun yog‘i 50 foizga qimmatlashgan, deb yozmoqda Deutsche Welle. Britaniyadagi Oziq-ovqat fondining ma’lum qilishicha, sog‘lom ovqatlanish mahsulotlari o‘rtacha ikki barobar qimmatroq bo‘lib, inflyatsiya sharoitida ko‘plab oilalar bunday mahsulotlarni sotib olish imkonidan mahrum bo‘lmoqda. Bu esa, kam ta’minlangan aholi qatlamlari orasida yurak-qon tomir, diabet va boshqa xastaliklar ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin. BSC-CNS tadqiqoti muallifi Maksimilian Kotsning ta’kidlashicha, atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari to‘xtatilmaguncha, ob-havo yanada keskinlashadi, bu esa hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatib, butun dunyo bo‘ylab ozuqa narxlari oshishiga olib keladi. Mutaxassislar global isishga qarshi choralar ko‘rilmasa, oziq-ovqat ta’minoti bilan bog‘liq inqirozlar nafaqat iqtisodiy, balki sog‘liqni saqlash tizimlari uchun ham jiddiy muammolar keltirib chiqarishini ta’kidlashmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Global isish sababli oziq-ovqat narxlari oshib, inson salomatligiga tahdid paydo bo‘lmoqda | Vaqt.uz