
Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi hisobidan qaytarilgan pullar qayerga sarflanyapti?
22.05.2025 | 12:051225
Gulnora Karimova hisobidan qaytarilgan va «Ishonch» fondi tomonidan boshqarilayotgan mablag‘lar aholiga xizmat qilishi kerak edi. Biroq, 2024 yilda faqatgina kotibiyat xarajatlari uchun 2 mln dollardan ortiq mablag‘ ishlatilgan.

Jurnalist va jamoatchilik faoli Irina Matviyenkoning bildirishicha, Shveysariyadan qaytarilgan va O‘zbekiston xalqiga tegishli bo‘lgan yuz millionlab dollarlar «Ishonch» fondi orqali turli loyihalarga yo‘naltirilmoqda. Fond kotibiyati tomonidan 2024 yilda ishlatilgan 2 mln dollardan ortiq mablag‘ jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Fond kotibiyati rahbari Yonas Astrupning ta’kidlashicha, kotibiyat uchun har yili taxminan 1,1 mln dollarlik byudjet tasdiqlangan, ammo to‘liq ishlatilmagan. Uning aytishicha, 2022–2024 yillar oralig‘idagi umumiy xarajatlar bor-yo‘g‘i ikki yillik byudjetga teng.
Shu bilan birga, Ishonch fondining Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi a’zolari moliyaviy hujjatlarni ko‘rish talabi bilan chiqishgan. Ular maoshlar, shartnomalar va xarajatlar bo‘yicha aniq ma’lumot so‘rashgan. Ammo, so‘ralgan hujjatlar taqdim etilmagan. Javob sifatida BMTning xaridlar veb-saytiga murojaat qilish tavsiya etilgan. Lekin bu saytda esa so‘ralgan ma’lumotlar mavjud emas.
Keyinroq, mablag‘lar boshqaruvi kotibiyat ixtiyorida emasligi, bu mas’uliyat administrativ agentga yuklatilgani aytildi. Ushbu agent Shveysariya hukumati bilan kelishuvni imzolagan. Uchinchi tomon bilan uchrashuv taklif etilgan bo‘lsa-da, hech qanday moliyaviy hujjatlarsiz bunday uchrashuv mazmunsiz hisoblanadi.
Ta’sirchan va ochiq boshqaruvga va’da berilgani holda, ijtimoiy nazoratda qatnashuvchi faollar hanuz asosiy moliyaviy ma’lumotlarga ega emaslar. Uch yilda 2 million dollardan ortiq mablag‘ faqat kotibiyat faoliyatiga sarflangani. Yevroittifoqning fuqarolik jamiyati loyihalariga ajratgan 300–400 ming yevrolik grantlari bilan solishtirilganda, mutlaqo nomutanosib ko‘rinadi. Bu mablag‘lar na Shveysariyaga, na BMTga tegishli. Ular O‘zbekiston xalqiniki va har bir senti qayerga ishlatilayotgani yuzasidan javobgarlik talab qilinadi.
Hozircha esa hatto nazorat organlari ham aniq ma’lumotdan bexabar qolmoqda.
Yana bir jamoatchilik faoli, fan doktori Kamola Aliyeva Gulnora Karimovadan qaytarilgan pullarning 94,8 miln dollari «Ishonch» fondiga tushgani, bu summaning 67 mln dollari bugungi kunda sog‘liqni saqlash va ta’lim yo‘nalishidagi yirik loyihalar uchun ajratilgani haqida yozgan.
Shundan, 43,5 mln dollari sog‘liqni saqlash loyihasiga ayollar va chaqaloqlar o‘limini kamaytirish maqsadida ajratilib, respublika bo‘ylab 227 ta perinatal markaz onalar va chaqaloqlar salomatligi uchun zarur sharoitlar bilan jihozlanyapti. 23,5 mln dollari esa ta’lim loyihasiga ajratildi deya xabar bergan.





