
«Haj safariga yuboraman», deb minglab dollar o‘zlashtirgan firibgarlar qo‘lga olindi
27.05.2025 | 13:0043843
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari haj ziyoratiga yuborish va’dasi bilan fuqarolarni aldab, katta miqdordagi pullarni o‘zlashtirgan bir nechta firibgarni ushladi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida fuqarolarni haj safariga yuborishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Ular fuqarolardan minglab dollar miqdoridagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgani ma’lum qilindi.
Toshkentda faoliyat yurituvchi xususiy turistik firma xodimi — 1997 yilda tug‘ilgan shaxs Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida yashovchi ikki nafar fuqarodan ularni Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 12 800 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan. Tergovga qadar tekshiruvlar davomida firmaning yana ikki xodimi — 1980 va 1994 yillarda tug‘ilgan shaxslar ham ushbu sxemaga aloqador ekani aniqlandi. Ular ziyoratga yuborish va’dasi bilan fuqarolarni aldab, katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchilardan ikki nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro haj safariga yuborish bahonasida Toshloq tumanida yashovchi fuqarodan 11 ming AQSH dollari olgan paytda daliliy ashyolar bilan ushlangan. Bu holat bo‘yicha ham Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 3-qismi «a» bandi asosida ish qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.
Ayni paytda ushbu jinoyatlardan jabr ko‘rgan boshqa fuqarolarni aniqlash va yetkazilgan moddiy zararni baholash yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.





