add

Inson nega bugungi ishni ertaga qoldirishga moyil? — Psixologlar tushuntiradi

02.06.2025 | 20:15500110

Xalqimizda «bugungi ishni ertaga qo‘yma», «Qolgan ishga qor yog‘ar» kabi purma’no maqollar bor. Inson tabiatan erinchoq, bugun tugatib qo‘yish mumkin bo‘lgan ishni ertaga siltashni yaxshi ko‘radi. Qarangki, zamonaviy psixologlar shu holni ham o‘rganib, unga prokrastinatsiya deb nom berishgan ekan.

Inson nega bugungi ishni ertaga qoldirishga moyil? — Psixologlar tushuntiradi
Prokrastinatsiya – bu muhim vazifalarni bajarishni kechiktirish, ularning o‘rniga kamroq ahamiyatli ishlarni bajarishga moyillikdir. Boshqacha aytganda, odam o‘ziga kerak bo‘lgan ishni qilish o‘rniga uni keyinga suradi, garchi bu kechikish unga muqarrar zarar yetkazishi mumkinligini tushunsa ham. «Buni ertaga qilaman. Hozir bir piyola choy ichib, yana bir bor ijtimoiy tarmoqlarni ko‘zdan kechirish menga ayni muddao». Bu holat ko‘pchiligimizga tanish. Shuningdek, muhim loyihani boshlashni kechiktirish, til o‘rganishni ortga surish yoki sport bilan shug‘illanishni boshlay olmaslik. Ammo bu odatning tub mohiyati nimada? Shunchaki odatmi yoki o‘zimizga zarar yetkazadigan jiddiy muammo? Tarix davomida hatto eng buyuk shaxslar ham prokrastinatsiya bilan kurashgan. Leonardo da Vinchi Mona Liza asarini yillar davomida chizgan, Viktor Gyugo esa o‘z xizmatkoriga kiyimlarini yashirishni buyurgan – faqat shundagina u uydan chiqib ketolmagan va yozishga majbur bo‘lgan. Bu kabi hikoyalar hatto daholar ham kechiktirish vasvasasidan xoli bo‘lmaganini ko‘rsatadi. Ammo savol ochiq qoladi: inson aqli nega hatto vaziyat jiddiy bo‘lsa ham muhim masalalarni kechiktirishni tanlaydi? Prokrastinatsiya bo‘yicha tadqiqotlar o‘nlab yillar davom etib, ajablanarli va o‘ylantiruvchi xulosalarni bergan. Xulq-atvor bo‘yicha olimlar bizning his-tuyg‘ularimiz, vaqtni idrok etishimiz va qaror qabul qilishimiz o‘rtasidagi murakkab bog‘liqlikka e’tibor qaratishadi. Qiyin vazifaga duch kelganimizda, ko‘pincha muvaffaqiyasizlikdan qo‘rqish hissini boshdan kechiramiz, bu esa vazifadan qochishga olib keladi. Shu bois biz vaqtincha o‘zimizni tinchlantirish uchun o‘yin-kulgi yoki unchalik muhim bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanamiz. Biroq, bu faqat vaqtinchalik yengillik berib, kelajakda yanada katta stress, past natijalar va ko‘pincha pushaymon bo‘lishga sabab bo‘ladi.   O‘z-o‘zini boshqarishdagi muvaffaqiyasizlik Psixolog Timoti Pichil prokrastinatsiyani «o‘z-o‘zini boshqarishdagi muvaffaqiyatsizlik», deb ta’riflaydi. Ya’ni, biz nima qilishimiz kerakligini bilamiz, ammo harakat qilish uchun irodani jamlay olmaymiz. Qiziq jihati shundaki,  kechiktirishlar bir xil emas. Psixologlar «doimiy prokrastinatorlar» va «vaziyatga bog‘liq prokrastinatorlar» borligini ta’kidlaydi. Doimiy prokrastinatorlar hayotlarining barcha jabhalarida kechiktirishga moyil bo‘lib, ko‘pincha o‘ziga past baho berish, perfeksionizm yoki tanqiddan qo‘rqish kabi chuqur hissiy muammolarga duch kelishadi. Bunday kishilar uchun prokrastinatsiya noto‘g‘ri moslashuv strategiyasiga aylanib, qisqa muddatli yengillik beradi, lekin uzoq muddatli zarar keltiradi. Vaziyatga bog‘liq prokrastinatorlar esa faqat ish yoki o‘qish jarayonida kechiktirishga moyil bo‘lib, bu ko‘pincha aniq maqsadlarning yoki yetarlicha tartib-intizomning yo‘qligi bilan bog‘liq bo‘ladi. Ba’zi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ayrim kechiktirishlar strategik jihatdan foydali bo‘lishi ham mumkin. Bu insonga qo‘shimcha ma’lumot to‘plash, tanlovlari ustida o‘ylash uchun ko‘proq vaqt beradi. Ammo aksariyat odamlar uchun bu odat o‘z-o‘zini sabotaj qilishga olib keladi. Doimiy prokrastinatorlar esa ko‘pincha o‘zlarini qochish, aybdorlik va past baholash doirasida qolib ketgandek his qilishadi, bu esa ular qutulmoqchi bo‘lgan odatni yanada mustahkamlaydi.   Prokrastinatsiyadan qutulishni istaganlar uchun muhim tavsiyalar:
  1. Ichki tahlil qilish – prokrastinatsiyaga sabab bo‘ladigan fikrlarni aniqlash. Masalan, «Ishni boshlash uchun kayfiyatim yaxshi bo‘lishi kerak» yoki «Ertaga ko‘proq kuchga ega bo‘laman» kabi fikrlar aslida chuqurroq qo‘rquv va noqulaylikni yashirishi mumkin.
  2. Ishning yirik hajmidan qo‘rqmaslik uchun uni mayda bosqichlarga bo‘lish.
  3. Pomodoro texnikasi kabi vaqt boshqaruv usullarini qo‘llash – bu usul qisqa ishlash davrlarini belgilash orqali diqqatni jamlashga yordam beradi.
  4. E’tiborni chalg‘ituvchi omillarni minimallashtirish, aniq maqsadlar qo‘yish va harakatlarni mukofotlash.
Eng muhimi, o‘ziga nisbatan mehribon bo‘lish lozim. O‘zini kechiktirgani uchun tanqid qilish, aksincha, mas’uliyatdan yanada ko‘proq qochishga olib keladi. Yana bir samarali yondashuv – prokrastinatsiyaning hissiy sabablarini tushunish Psixolog Fushiya Sirois fikriga ko‘ra, doimiy prokrastinatsiya ko‘pincha hissiyotlarni boshqarish qiyinligi bilan bog‘liq. Agar inson o‘zining tashvish, perfeksionizm yoki past baholash muammolarini hal qila olsa, u asta-sekin sog‘lomroq yondashuvlarni rivojlantira oladi. Bunda psixolog yordami ham foydali bo‘lishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, prokrastinatsiya vaqtni noto‘g‘ri boshqarish emas. Bu psixologik omillar, xulq-atvor va ijtimoiy bosimlarning murakkab uyg‘unligidir. Uning ta’siri og‘ir bo‘lishi mumkin, ammo undan qutulishning imkoni bor. O‘zimizni yaxshiroq anglab, samarali strategiyalarni qo‘llash, vaqt hamda unumdorlik bilan sog‘lom munosabat o‘rnatish orqali biz tanlovlarimizni o‘z nazoratimizga qaytara olamiz. Shuning uchun hoziroq birinchi qadamni tashlang.

Ruxsora Jovliyeva tayyorladi.

Mavzuga oid