
Isroil dronlarga qarshi zamonaviy qurilma yaratdi: u jang strategiyasini butkul o‘zgartiradi
29.05.2025 | 16:202823
Isroilning D-Fend Solutions kompaniyasi dronlarni xavfsiz tarzda to‘xtatish va nazoratga olish imkonini beruvchi ilg‘or texnologiya — EnforceAir tizimini taqdim etdi. U kelajakdagi harbiy to‘qnashuvlar strategiyasini tubdan o‘zgartirishi mumkin.

EnforceAir avtonom yoki qo‘lda boshqariladigan rejimda dushman dronlarini aniqlaydi, joylashuvini belgilaydi va identifikatsiya qiladi. Keyin esa radiochastota orqali boshqaruvni o‘z qo‘liga olib, dronni maxsus belgilangan joyga qo‘ndiradi, deb yozmoqda Interesting Engineering.
Bu texnologiya an’anaviy radioelektron kurash vositalaridan farqli ravishda signalni buzmaydi yoki dronni yo‘q qilmaydi. Uning asosiy afzalligi — fuqarolik infratuzilmasi va aloqa tizimlariga zarar yetkazmasdan xavfni bartaraf qilish.
EnforceAir tizimi juda mobil bo‘lib, ko‘chma routerga o‘xshaydi. Uning so‘nggi varianti — EnforceAir2 — Vashington yaqinidagi sport maydonida sinovdan o‘tkazildi va dronni muvaffaqiyatli qo‘ndirdi. Yangi model 4,5 kmgacha masofada parvoz qilayotgan dronlarni aniqlay oladi.
Tizim huquqni muhofaza qilish idoralari uchun ham juda foydali hisoblanadi, chunki u nafaqat tahdidni bartaraf qiladi, balki tutib olingan qilingan dronlarni o‘rganish yoki noto‘g‘ri parvoz bo‘lgan taqdirda, uni egasiga qaytarish imkonini ham beradi.
Shuningdek, fevralda tizimning EnforceAir2 Maritime nomli dengiz sharoitiga moslashtirilgan versiyasi namoyish etildi. U harbiy-dengiz tizimlariga oson integratsiya qilinishi mumkin va 360° qamrovga ega antenna bilan jihozlangan. Maxsus ixcham va chidamli korpusi uni kemalarda ham, quruqlikda ham samarali qo‘llash imkonini beradi.





