Logo

«NATO 3.0»: Rossiya va Ukraina alyans qiyofasini butunlay o‘zgartirmoqda

Ankarada bo‘lib o‘tayotgan NATO sammiti tashkilot tarixidagi eng muhim transformatsiya jarayonlaridan birini o‘zida mujassam etmoqda. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi alyans qiyofasini «NATO 3.0» konsepsiyasiga qadar o‘zgartirdi.

«NATO 3.0»: Rossiya va Ukraina alyans qiyofasini butunlay o‘zgartirmoqda

7-8-iyul kunlari Ankarada bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti Ukraina masalasida tarixiy va hal qiluvchi qarorlar qabul qilingan anjuman sifatida tarixda qolmasligi mumkin. Ukrainaning alyansga qo‘shilishi bu galgi oliy darajadagi uchrashuvning bosh mavzusi bo‘lmaydi. NATOga a’zo davlatlar bundan bir yil oldin Gaagada qabul qilingan qarorlarning ijrosini ko‘rsatish uchun Turkiyada to‘plandi. Ya’ni, Yevropa o‘z mudofaasi uchun mas’uliyatni ko‘proq o‘z zimmasiga olmoqda, NATO esa Rossiya bilan uzoq muddatli va barqaror qarama-qarshilikka moslashib, butunlay qayta shakllanmoqda. Brusselda bu jarayonga «NATO 3.0» nomi berilgan.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘rt yildan ortiq vaqtdan beri olib borayotgan keng ko‘lamli urushi NATOning qiyofasini ham o‘zgartirib yubordi. Agar ilgari tashkilot uchun Yevropa chegaralaridan uzoqdagi harbiy amaliyotlar asosiy vazifa bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ittifoqchilar yana o‘z hududlarini birgalikda himoya qilishga e’tibor qaratmoqda. Bu o‘rinda gap faqat mudofaa xarajatlarini oshirish haqida emas, balki harbiy sanoatni rivojlantirish, harbiy rejalarni qayta ko‘rib chiqish va yangi texnologiyalarni tezkorlik bilan joriy etish kabi transformatsiyalar haqida bormoqda.

Ukraina NATOni qanday o‘zgartirmoqda?

Agar Rossiya NATOni yangi urushga tayyorgarlik ko‘rishga majbur qilayotgan bo‘lsa, Ukraina rus tajovuzini qanday qilib samarali qaytarishni allaqachon biladi. Shu bois, Kiyev Ankaradagi sammitda Ukrainaning alyans xavfsizligiga hissa qo‘shayotgan davlat sifatida e’tirof etilishiga erishmoqchi.

«Ukrainaning siyosiy jihatdan faqatgina yordam oluvchi emas, balki xavfsizlik ta’minotchisi (security contributor) sifatida tan olinishi biz uchun juda muhim», — deydi Ukrainaning NATOdagi missiyasi rahbari Alena Getmanchuk DW nashriga.

Uning ta’kidlashicha, Ankara sammiti Ukraina mazkur yangi maqomda to‘laqonli ishtirok etadigan dastlabki anjuman bo‘ladi va Kiyev bu haqiqat yakuniy deklaratsiyada o‘z aksini topishidan umidvor.

So‘nggi bir yil ichida bu maqom shunchaki siyosiy ibora bo‘lib qolmadi. Ukraina harbiylari allaqachon NATO va Ukrainaning qo‘shma markazi (JATEC) faoliyatida, shuningdek, alyansning jamoaviy mudofaa ssenariylari bo‘yicha mashg‘ulotlarida qatnashmoqda. Bundan tashqari, ular jang maydonida orttirilgan tajribalarni NATO doktrinalari va harbiy rejalashtirish jarayoniga tatbiq etishga ko‘maklashmoqda.

«Ukraina asta-sekin Yevropa uchun xavfsizlik ta’minotchisiga aylanib bormoqda», — deydi Martens markazining xavfsizlik masalalari bo‘yicha eksperti Ionela Chiolan.

NATO Ukrainadan nimani o‘rganmoqda?

Shimoliy Atlantika alyansi haqiqatan ham Ukraina tajribasi ta’sirida o‘zgaryapti. Ionela Chiolanning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon endigina sur’at olmoqda va alyans hali ko‘plab saboqlarni o‘zlashtirishi kerak.

Gap, eng avvalo, zamonaviy jang tajribasi haqida bormoqda. Tahlilchining fikricha, aynan Ukraina Rossiyaning qanday jang qilayotganini, taktikasi qay tarzda o‘zgarayotganini va rus armiyasining zaif tomonlari nimada ekanini hammadan ko‘ra yaxshiroq tushunadi.

Innovatsiyalarni o‘zlashtirish tezligi va yangi texnologiyalarni darhol joriy etish qobiliyati ham juda muhim.

Chiolanning ta’kidlashicha, Ukraina mudofaa sanoati, harbiylari va muhandislari yagona, moslashuvchan tizim sifatida ishlashni o‘rgangan. NATO davlatlarida esa ko‘plab jarayonlar hamon yillarni talab qiladi.

Biroq ekspertning ta’kidlashicha, bu urushda faqatgina Ukraina tez moslashayotgani yo‘q. Rossiya ham muttasil ravishda o‘z taktikasi va qurol-yarog‘larini o‘zgartirib bormoqda. Shu sababli bugun chiqarilgan xulosalar ertagayoq eskirib qolishi hech gap emas.

Ukraina Oliy Radasining Milliy xavfsizlik, mudofaa va razvedka masalalari qo‘mitasi kotibi Roman Kostenkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya allaqachon o‘z armiyasini urush olib borishning yangi usullariga moslashtirib bo‘lgan. Shu bois NATO ham o‘zining harbiy konsepsiyasini muntazam ravishda yangilab borishi shart.

«NATOning rasmiy raqibi bu urushdan allaqachon tegishli xulosa chiqargan Rossiya bo‘lib qolmoqda... », — deydi Kostenko.

Polkovnikning so‘zlariga ko‘ra, alyansga a’zo ko‘plab davlatlarning armiyalari hamon eski konsepsiya va qurol-yarog‘larga tayanmoqda. Vaholanki, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ularning qanchalik samarali ekanini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. Masalan, tanklar hali ham muhim ahamiyatga ega, ammo ulardan avvalgidek foydalanib bo‘lmaydi. Chunki dronlarning ommaviy qo‘llanilishi jang maydonini tubdan o‘zgartirib yuborgan.

Bu o‘zgarishlar nafaqat qurol-yarog‘larga, balki jang maydonidagi xavfsizlik tushunchasiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ilgari front chizig‘idan bir necha kilometr uzoqlikda ham askar o‘zini nisbatan xotirjam his qila olgan bo‘lsa, bugungi kunda dronlar o‘nlab kilometr ichkariga zarba berish imkoniga ega. Bu esa amalda «xavfsiz front orti» degan tushunchani yo‘qqa chiqargan.

https://www.dw.com/ru/kak-rossia-menaet-sut-nato-a-ukraina-budusee-alansa/a-77856895

Teglar:

SEO title: Meta description:

 

Teglar

Mavzuga oid