add

O‘zbekiston energetika tizimi qish mavsumidagi yuqori yuklamalarga tayyorlanmoqda

01.10.2025 | 13:1536153

2025 yil kuz-qish mavsumida elektr energiyasi iste’moli rekord darajada oshishi kutilmoqda. Talab sutkada 300 million kVt/h dan, tarmoq yuklamasi esa 13 GVtdan oshishi mumkin.

O‘zbekiston energetika tizimi qish mavsumidagi yuqori yuklamalarga tayyorlanmoqda
O‘zbekiston energetika tizimi qish mavsumidagi yuqori yuklamalarga tayyorgarlik ishlarini yakunlab bormoqda. «Milliy elektr tarmoqlari» rahbari Dadajon Isaqulov 5 oktyabrga qadar tizim pik yuklamalarga to‘liq tayyor bo‘lishini bildirdi. Elektr energiyasiga bo‘lgan talab sutkalik hisobda 300 million kVt/hdan, tarmoq yuklamasi esa 13 GVtdan oshib ketishi kutilmoqda. Poytaxt Toshkentda energetika infratuzilmasini yangilash uchun qiymati 64 milliard so‘mlik dastur amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, 319 kilometr kabel almashtiriladi va 48 ta transformator yangilanadi. Loyihaning birinchi bosqichi 1 noyabrga qadar, to‘liq yakun esa yil oxiriga rejalashtirilgan. Isitish mavsumiga tayyorgarlik ham kuchaytirilgan. Prezident tanqididan so‘ng, poytaxtdagi 661 uyda zarur ishlar jadallashtirilmoqda. Shuningdek, 53 podstansiya, 900 kilometrdan ortiq yuqori kuchlanishli kabel va 19 ta yangi podstansiya tayyorlanmoqda. Gaz ta’minoti bo‘yicha ham qator choralar ko‘rilgan. Mamlakatda 330 ming tonna suyultirilgan gaz zaxira qilingan, hududlarga esa 40 mingdan ziyod zaxira ballonlar yuborilgan. Bu choralar qishda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini uzluksiz gaz bilan ta’minlashga xizmat qiladi. O‘zbekiston 2030 yilga qadar «yashil» energetika ulushini 25 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Shu doirada quyosh va shamol manbalari hisobidan qo‘shimcha 12 GVt quvvat ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Mutasaddilar fikricha, bu mamlakatning energetik mustaqilligini ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi. Avvalroq AQSH O‘zbekiston energetikasiga 4 mlrd dollargacha mablag‘ kiritishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid