add

Poytaxtda markazida «tabiiy ehtiyoj» uchun qayerga borish mumkin? — Jamoat hojatxonalari yo‘l xaritasi

30.01.2026 | 20:103 daqiqa

Toshkent turistik markazga aylanib borar ekan, shahar bo‘ylab piyoda sayr qilish madaniyati ham rivojlanmoqda. Biroq chiroyli binolar va bog‘lar fonida ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan, ammo o‘ta muhim masala bor — bu jamoat hojatxonalari. Vaqt.uz fotomuxbiri Javhar Chorshanbiyeva poytaxtning eng gavjum nuqtalarini aylanib, sanitariya shoxobchalarining joylashuvi, tashqi ko‘rinishi va tozalik darajasini o‘rgandi.

Katta shaharning qulayligi nafaqat uning osmono‘par binolari yoki keng ko‘chalari, balki eng kichik detallari bilan ham o‘lchanadi. Sayyohlar yoki shunchaki dam olish kunini oilasi bilan ko‘chada o‘tkazayotgan poytaxtliklar uchun eng dolzarb masalalardan biri — bu sanitariya-gigiyena shoxobchalarining (WC) mavjudligi va ularni topish osonligidir.

Butun Toshkent bo‘ylab barcha hojatxonalarni xatlovdan o‘tkazish jismonan ko‘p vaqt va resurs talab etadigan jarayon. Shu bois, Vaqt.uz  muxbiri poytaxtning aholi eng ko‘p to‘planadigan, sayr qilish uchun mo‘ljallangan «qaynoq nuqtalari»dagi vaziyatni o‘rganishga qaror qildi. Biz tanlagan 7 ta lokatsiya — bu shahar markazi va yangi turistik klasterlardir. 

Zamonaviy klasterlar: Hammasi hisobga olinganmi?

So‘nggi yillarda qurilgan istirohat bog‘lari va savdo hududlarida infratuzilma loyihalash bosqichidayoq hisobga olingani seziladi. Xususan, Tashkent City xalqaro ishbilarmonlik markazi va uning atrofidagi hududlarda hojatxona topish muammo emas.

1

2

3

4

Xuddi shunday holatni «Magic City» ko‘ngilochar bog‘ida ham kuzatish mumkin. Bu yerdagi inshootlar parkning umumiy ertaknamo dizayniga moslashtirilgan bo‘lib, ular shunchaki "budka" emas, balki landshaftning bir qismi sifatida ko‘rinadi.

5

6

Shahar markazi va tarixiy saylgohlar

Agar yangi parklarda navigatsiya va sharoit nisbatan yaxshi bo‘lsa, shaharning «eski» markazlarida vaziyat qanday? Biz Sayilgoh ko‘chasi (Brodvey) va Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri atrofini ko‘zdan kechirdik. Bu hududlar doimiy ravishda sayyohlar va yoshlar bilan gavjum.

Kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, Brodveyda hojatxonalar mavjud, ammo ular ko‘pincha ko‘zdan panaroq joylarda joylashgan. Teatr atrofida esa inshoot arxitekturasiga xalaqit bermaydigan yechimlar qilingan.

7

8

9

10

11

12

Yashil hududlar: Bog‘lardagi sharoit

Poytaxtning «o‘pkasi» sanalgan yirik bog‘larda uzoq vaqt sayr qilishni xush ko‘ruvchilar uchun sanitariya nuqtalari strategik ahamiyatga ega. Milliy bog‘ va Kosmonavtlar bog‘idagi o‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, bu yerda ham tashrif buyuruvchilar uchun sharoitlar yaratilgan.

13

14

15

16

17

Boshqa lokatsiyalar va gigiyena masalasi: keskin kontrastlar

Poytaxtdagi vaziyatni to‘liq tushunish uchun nafaqat lokatsiya, balki xizmat sifati va tozalikka ham e’tibor qaratish lozim. Kuzatuvlarimiz davomida bu borada sezilarli tafovutlar borligi ma’lum bo‘ldi. 

Nisbatan qoniqarli holat:

«Tashkent City», «Magic City», shuningdek, Samarqand Darvoza, Riviera, Next, Mega Planet kabi yirik savdo markazlari va xalqaro ayeroportdagi sanitariya shoxobchalari tozalik borasida ancha yaxshi taassurot qoldiradi. Garchi barchasini «ideal» deb bo‘lmasa-da, bu yerlarda ozodalikka doimiy e’tibor qaratilishi, maxsus vositalar bilan ta’minlangani va zamonaviy talablarga yaqinlashgani seziladi. Foydalanuvchilar uchun bu maskanlar nisbatan qulay va xavfsiz hisoblanadi. 

E’tibor va ta’mir talab etadigan jihatlar:

Biroq, shahrimizning gavjum bozorlari (Chorsu, Oloy, Qo‘yliq, Farhod), Xalqlar do‘stligi san’at saroyi atrofi, shuningdek, G‘afur G‘olom, Mirzo Ulug‘bek, Eco Park kabi sevimli istirohat bog‘larimizdagi vaziyat biroz o‘ylantiradi. Garchi bu yerlarda hojatxonalar mavjud va ishlab turgan bo‘lsa-da, ularning sanitar holati har doim ham kutilgan darajada emas.

Xususan, ayrim jamoat bog‘lari va metropolitenning «Chilonzor», «Paxtakor» bekatlaridagi shoxobchalarda ba’zan dim havo va o‘ziga xos noxush hidlarning saqlanib qolayotgani kuzatiladi. Shuningdek, jihozlarning eskirgani va tozalik ishlarining yetarli darajada tez-tez amalga oshirilmasligi sababli, bu joylar gigiyenik talablar bo‘yicha yangi savdo markazlaridan ortda qolmoqda. Bu esa shahar mehmonlari va aholida tabiiy noqulaylik uyg‘otishi mumkin. 

Innovatsiya va narx siyosati

Shaharda 24 soat ishlaydigan zamonaviy yechimlar ham paydo bo‘lmoqda. Masalan, Mirobod tumanidagi Lokomotiv ko‘chasida to‘liq avtomatlashtirilgan "aqlli" hojatxona o‘rnatilgan.

Narxlar masalasiga kelsak, bugungi kunda Toshkentda xizmat narxi o‘rtacha 5 000 so‘mdan boshlanadi. Rekord darajadagi eng qimmat tarif esa Magic City hududida qayd etildi — bir martalik foydalanish 15 000 so‘m. Narxlardagi bu farq, yuqorida ta’kidlanganidek, ko‘rsatilayotgan xizmat sifati va gigiyenik holat bilan bevosita bog‘liq.

Xulosa

Vaqt.uz tahliliga ko‘ra, Toshkentda jamoat hojatxonalari tizimi rivojlanish bosqichida. Zamonaviy klasterlarda sharoitlar yaxshilanib borayotgan bo‘lsa-da, an’anaviy jamoat joylarida (bozorlar, eski bog‘lar, metro) sanitariya madaniyatini yanada oshirishga jiddiy ehtiyoj bor. Umid qilamizki, mas’ullar bu jihatlarga e’tibor qaratib, poytaxtning barcha nuqtalarida, narxidan qat’i nazar, maqbul tozalik standartlarini ta’minlaydilar.

Javhar Chorshanbiyeva

Javhar ChorshanbiyevaMaqolalar soni: 9

Barchasi

Mavzuga oid