
Prezident O‘zbekiston xalqiga Konstitutsiya kuni bilan tabrik yo‘lladi
Tabrikda O‘zbekistondagi demokratik islohotlar, xalq hokimiyatchiligini mustahkamlash va konstitutsiyaviy qadriyatlarni hayotga tatbiq qilishni davom ettirish ta’kidlab o‘tildi.

Shavkat Mirziyoyev 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan butun O‘zbekiston xalqini tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident tabrigida qayd etilishicha, vakillik organlarini chinakam xalq minbari, xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarning davomi sifatida 2026 yilning 1-yanvaridan tuman va shaharlarda ham hokim va Kengash raislari vazifalarini alohida ajratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiriladi.
«Bir so‘z bilan aytganda, xalq hokimiyatchiligi, vakillik demokratiyasi, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarga bundan buyon ham sodiq qolib, ushbu yo‘nalishdagi islohotlarimizni yanada qat’iy davom ettiramiz», deyiladi prezident tabrigida.
Ta’kidlanishicha, 2025 yilda aholi jon boshiga daromad 3 ming 500 dollarni tashkil etgan. Maktabgacha ta’limda qamrov 78 foiz, oliy ta’limda esa 42 foizga yetgan, odamlarning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzaygan. Shuningdek, 1 million nafardan ziyod fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, kambag‘allik darajasi 6,6 foizga tushirildi.
«Konstitutsiyamiz va barcha yutuqlarimizning ijodkori bo‘lgan mard va oliyjanob xalqimiz doimo omon bo‘lsin!», deya yakunlanadi davlat rahbarining tabrigi.





