
Qimor qopqoni: totalizatorlar reklamasi va uning domiga ilinayotgan irodasiz yoshlar
14.08.2025 | 20:30219118
Internet rivojlanishi bilan onlayn bukmekerlik kompaniyalari va totalizatorlar reklamasi shiddat bilan ko‘paydi. Bu ayniqsa tezda boyib ketish ilinjidagi yoshlarni o‘z doimiga tortayotgani o‘ta xavotirli.

Hozir Internetga kirib, qayerga qaramang totalizator va onlayn qimorxonalar reklamasini ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda bunday reklama qonun bilan taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, bu reklama usullari turli xorijdan turib, turli reklama plashkalari orqali ilovalarga va saytlarga qimor ilovalariga havolalar joylashtirilmoqda. Qolaversa, sport tranlyatsiyalari orqali ham stadionlardagi reklama bannerlarida faol reklama qilinadi.
Endi esa bu ishga O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan va nom qozongan blogerlar ham jalb qilinmoqda. Ular tushunib tushunmay, ba’zilari esa qonunlarga bepisandlarcha azart o‘yinlar, onlayn totalizator va kazinolarni reklama va targ‘ibot qilmoqda. Holbuki, qimor o‘ynash bizning milliyligimizga ham, qadriyatlarimizga ham zid. Badiiy adabiyotlarimizda ham, kundalik turmushimizda ham qimorvozlar doimo qoralanib kelgan.
Bir qaraganda, qimor o‘ynash-o‘ynamaslik har bir insonning shaxsiy ishi, shaxsiy tanlovi, ularga indamaslik kerak, reklamaga qo‘yib berish kerak, deydiganlar ham topiladi. Lekin bunday fikrlash kaltabinlik. Qimor aslo shaxsiy tanlov masalasi emas. Bo‘lib ham, ayni kunlarda har qanday gadjetdan kazino va totalizatorlar reklamasi shiddat bilan targ‘ib qilinayotgan kunlarda. Chunki hech kim oshiq otish, shoshqol tashlash, narda yoki karta o‘ynash haqida gapirmayapti.
bugungi kunda onlayn qimorxonalar — iqtisodiy yo‘qotishlar, ijtimoiy aloqalarning buzilishi, psixologik qaramlik va hatto jinoyatchilikka yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan xavfli hodisaga aylanib bo‘lgan.
O‘zingiz o‘ylang, onlayn qimorga omonatchilarning pulini tikib yuborgan necha necha bank xodimlari haqida xabarlar chiqdi. Yoki oson boyish ilinjida xodimlarning maoshini tikib yuborib, yutqazib qo‘ygan buxgalterlar-chi?
Bobosi yoki buvisining pensiya pullari, ota-onasining kartalaridan pul o‘g‘irlab qimorga tikkan, tanishlaridan juda katta qarz bo‘lib qolib, o‘z joniga qasd qilgan, qasd qilishga uringan yoshlar haqidagi holatlar juda ko‘pchilikka tanish bo‘lsa kerak.
Keling, bugungi maqolada onlayn totalizator va qimorning yoshlar orasida qanday targ‘ib qilinayotgani, unga qarshi turish, uning targ‘ibiga to‘sqinlik yo‘llari haqida gaplashamiz.
Noqonuniy reklama: nimalarga e’tibor berish kerak
Yuqorida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, qimor va totalizator faoliyati taqiqlangan, hattoki reklamasi ham. Biroq, turli marketing usullari orqali ularning reklama va targ‘iboti olib borilmoqda.
Sport liboslari va stadionlardagi logotiplar. Biror sport jamoa (ko‘p hollarda futbol klublari yoki yakka sportchi xorijiy bukmeker bilan shartnoma tuzadi, keyingi libosiga ularning logotipini tushirib, musobqalarda ishtirok etadi. Efirlarda o‘sha logotip tushirilgan libos reklama sifatida namoyon bo‘ladi. Qolaversa, futbol o‘yinlarida maydonni o‘rab turgan reklama shitlarida ham totalizatorlar o‘yin davomida tinmay reklama qilib turiladi.
Hozirgi kunda sport o‘yinlarining jonli translyatsiyalari pullik bo‘lib ulgurgan. Shunday translyatsiyalarni olib beruvchi turli ilovalarda ham totalizatorlar reklamasi faol reklama qilinadi.
Strim va onlayn o‘yinlar. Geymerlar yoki kibersportchilar translyatsiya paytida bukmeker ilovalarini «tasodifan» tilga olishadi yoki logotipi tushirilgan bannerni ko‘rsatib o‘tishadi.
Turli messenjer orqali «promo-kod»lar taqdim etilishi. Telegram va Instagram’da yopiq kanallardan «yutuqli» va «bonusli» havolalari tarqatiladi.
Bu jarayonlarni nazorat qilish juda qiyin, chunki har bir holat alohida tekshiruv va mukammal texnik filtr talab qiladi.
O‘yinlarni translyatsiya qiluvchi o‘rtamchi kompaniyalar ham bu yerda ojiz qolishadi. Stadionlardagi reklama shitlarida reklamani almashtirish texnologiyalari allaqachon bor. Aytaylik, O‘zbekiston uchun uzatilayotgan translyatsiyalarda undan reklamalar o‘rniga O‘zbekiston uchun xos reklamalarni uzatish. Ammo futbolchilarning liboslaridagi logotiplarni baribir berkitib bo‘lmaydi. Ko‘z tushaveradi.
Yoshlar orasida ommalashishiga sabab: oson pul illyuziyasi
Yana ta’kidlaymiz: bu zararli odatlar ko‘proq yoshlarimizni o‘z domiga tortib ketmoqda. Yoshlar odatda qiziqqon, qiziquvchan va ishonuvchan bo‘ladi, shu sababli ularning qimor o‘yinlariga ruju qo‘yishida necha umumiy omillar kuzatiladi:
Tez pul topish umidi. «Atigi 100 ming so‘m tikib, 1 million so‘mga yutuqqa ega bo‘lish» illyuziyasi. Taqqoslashda yutuq ehtimoli aslidagidan bir necha barobar katta ko‘rsatiladi.
Sport va kibersport orqali kirish. Yoshlar o‘zlari sevgan jamoasi yoki o‘yinchisi uchun «dov tikish» orqali ularga go‘yoki ishonch bildirib, his-tuyg‘uga asoslangan qaror qabul qiladi.
Tengdoshlar ta’siri. Bir guruhda kimdir «katta yutuqqa ega bo‘lgani» haqida e’lon qilib, boshqalarni ham «o‘z baxtini sinab ko‘rish»ga chorlaydi.
Iqtisodiy qiyinchiliklar. Daromad yetishmasligi fonida «bir marta omadim kelsa, barcha muammolarimni hal qilaman», degan xatarli fikr shakllanadi.
Salbiy oqibatlar — moliyaviy va ma’naviy yo‘qotishlar
Garchi ruju qo‘ygan yoshlar katta-katta mablag‘lardan ajralib, ayrim hollarda qarz girdobida qolib ketayotgan bo‘lsa-da, koshkiydi totalizatorlar va boshqa qimor o‘yinlarining salbiy ta’siri faqat pul yo‘qotishlari bilan cheklansa. Bunday o‘yinlar yoshlarning yurish-turishi, psixologiyasini ham zararlaydi.
O‘qish va ishda samarasizlik. Qimor o‘yinlarga vaqt, e’tibor va energiya sarflanini natijasida yoshlarning o‘qishida pasayish, ishda e’tiborsizlik yuzaga keladi. Fikri xayoli o‘sha kutilayotgan yutuqda bo‘lib qoladi.
Oilaviy inqirozlar. Qarz, ishonch yo‘qotilishi va kundalik mojarolar yoshlarning oilada murosasizlik keltirib chiqaradi. Ota-ona yaqinlardan dashnom eshitaverib bezib qoladi, ularga quloq tutmay qo‘yadi. To‘g‘ri gaplarni ham noto‘g‘ri qabul qiladi.
Psixologik qaramlik. Tuganmas depressiya, yaqinlardan ihotalanish, doimiy stress holati shakllanadi. Bu esa ruhiy kasalliklarga olib kelishi mumkin. Hattoki ayrim yoshlar o‘z joniga qasd qilishgacha borib yetishadi.
Jinoyatchilik xavfi. Qarz yopish yoki yana «bir urinib ko‘rish» uchun jinoyatchilikka — ko‘p hollarda o‘g‘rilikka, firibgarlikka qo‘l urilishi mumkin.
Qimor fenomeni: miyadagi «yutuq illyuziyasi»
Ilmiy nuqtayi nazardan olib qaralsa, qimor va totalizatorlarga ruju qo‘yilishidagi asosiy xavf — dopamin sikllaridir. Inson har safar «yutuq ehtimoli»ni his qilganda, miyada huzur uyg‘otuvchi gormonlar ajralib chiqadi. Bu jarayon, hatto o‘yinda yutqazganda ham, yana urinib ko‘rish istagini kuchaytiradi.
Iqtisodchi va psixologlarning ta’kidlashicha, qimor industriyasi ilmiy asoslangan manipulyatsiya usullaridan foydalanadi:
- Yaqinda yutqazganga «bonus» taklif qilib, yana o‘ynashga rag‘bat uyg‘otish.
- «Yana bir marta urinib ko‘r» kabi chorlovlar orqali o‘yinni uzaytirish.
- Muvaffaqiyatli ssenariylarni yirik harflarda, yutqazish holatlarini esa kichik shriftlar va yashirin ko‘rsatish.
- Angliya, Ispaniya, Italiyada reklama vaqtini cheklash va yashirin reklama uchun katta jarimalar joriy etilgan.
- Avstraliyada sport translyatsiyalari vaqtida qimor reklama qilish butunlay man etiladi.
- Singapurda onlayn qimor platformalariga to‘liq texnik blokirovka qo‘llanadi.





