
«Qog‘ozda talaba – amalda yo‘q»: Qirg‘izistonda 30 nafar o‘zbek talabasi fosh etildi
02.07.2025 | 22:4031322
Ishenali Arabayev nomidagi Qirg‘iz davlat universitetida ko‘plab qonunbuzarliklar fosh etilgan. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining ma’lum qilishicha, universitetga rasman qabul qilingan ayrim xorijiy talabalar aslida mamlakat hududiga umuman kelmagan.

Tekshiruv jarayonida ushbu talabalarning hech qachon darslarga qatnashmagani, shu bilan birga universitetda hujjatlari «faol» talabalar sifatida saqlangani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holat yuzasidan «Xizmat vakolatini suiste’mol qilish» moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tekshiruv natijasida 59 nafar xorijlik talaba universitetdan rasman chetlatilgan:
– 30 nafar O‘zbekiston fuqarosi
– 20 nafar Qozog‘iston fuqarosi
– 9 nafar Rossiya fuqarosi
Hozirda tergov ishlari davom etmoqda. Milliy xavfsizlik qo‘mitasi universitetning o‘qituvchi va ma’muriy xodimlaridan kimlar bu ishga aloqador ekanini aniqlashtirmoqda.





