
Rossiyada «chet el agentlari» ro‘yxati yana kengaytirildi
12.07.2025 | 20:0016623
Rossiya Adliya vazirligi tomonidan yuritiladigan «chet el agentlari» ro‘yxati yana bir qator faollar, jurnalistlar va siyosatchilar hisobidan kengaytirildi. Ular orasida Ukrainani qo‘llovchi harakatlar va mustaqillikni targ‘ib qiluvchi jamoat tashkilotlari vakillari ham bor.

Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi «chet el agentlari» ro‘yxatiga yangi shaxs va tashkilotlarni qo‘shdi. Ro‘yxatga kiritilganlar orasida ukrainalik «Nash vыxod» jamoat harakati, siyosatchi Pavel Yelizarov, bloger Nikolay Roskov, jurnalistlar Valeriy Potashov va Darya Litvishko, shuningdek, «Svobodnaya Yakutiya» jamg‘armasi hammuassisi Raisa Zubareva bor.
«Nash vыxod» harakati bedarak yo‘qolgan yoki asirga tushgan rossiyalik harbiylarni qidirish bilan shug‘ullanadi. Raisa Zubareva boshchiligidagi «Svobodnaya Yakutiya» jamg‘armasi Yakutiya mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan.
Sankt-Peterburg davlat universiteti bitiruvchisi Nikolay Roskov tarixiy mavzularda onlayn chiqishlar qilib borgan. Jurnalist Valeriy Potashov — «Novaya gazeta» nashrining doimiy muallifi hisoblanadi. Yaqinda FSB xodimlari uning yashash uyi va dala hovlisida tintuv o‘tkazgan.
Pavel Yelizarov — marhum muxolifat yetakchisi Boris Nemsovning sobiq hamkori, shuningdek, hukumatning sobiq birinchi o‘rinbosari. YouTubeda faoliyat yurituvchi RZVRT kanali boshlovchisi Darya Litvishko ham ushbu ro‘yxatdan o‘rin oldi.
Rossiya Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ularning barchasi Rossiya hukumati siyosati haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgan, xorijiy tashkilotlar bilan aloqada bo‘lgan va «maxsus harbiy amaliyot»ga qarshi chiqqani uchun «chet el agentlari» sifatida qayd etilgan.





