add

Rustam Ahmedov: Islom Karimovga «Siz bugungi Stalinsiz», deganman

25.06.2025 | 17:00279531 daqiqa

O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedov Kirill Altmanga bergan intervyusida Islom Karimov, Tojikistondagi fuqarolar urushi va O‘zbekistonning ishtiroklari, shuningdek, Abdulaziz Komilovning tayinlanishi haqida kutilmagan ma’lumotlarni oshkor qildi.

Rustam Ahmedov: Islom Karimovga «Siz bugungi Stalinsiz», deganman
Intervyuda O‘zbekistonning tashqi siyosat sohasidagi ayrim voqealar ham tilga olingan. Xususan, Abdulaziz Komilov aynan Rustam Ahmedovning tavsiyasi bilan tashqi ishlar vaziri etib tayinlangani, biroq, Islom Karimov unga to‘liq ishonmagan va uni «Primakovning josusi», deb hisoblagani. Rustam Ahmedov, shuningdek, hali hokimiyatda ishlayotgan ba’zi amaldorlar haqida ham qiziqarli ma’lumotlar bergan. Uning aytishicha, ayrim shaxslar siyosiy sahnada tasodifiy emas, balki aniq manfaatlar doirasida o‘z o‘rnini egallab kelmoqda. Intervyu davomida aytib o‘tilgan ma’lumotlar O‘zbekiston yaqin tarixiga yangi nazar bilan qarash imkonini beradi. Suhbatda ko‘tarilgan masalalar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lishi kutilmoqda. Quyida intervyuning eng qiziq va muhim joylaridan parchalar keltiramiz. — Sizni qachon mudofaa vaziri etib tayinlashdi? Sentyabrda. 8-sentyabrda (1991 yil haqida gap ketmoqda). Siz bilasiz, ehtimol, iyul oyida Sovet Ittifoqining parchalanishi haqida gap ketayotgandi. Moskvada prezidentlar uchrashuvi rejalashtirilgan edi. Yangi federatsiya tuzilish masalasi ko‘rib chiqilishi kerak edi. Bu ko‘plarga, jumladan, KGB rahbari Kryuchkovga, mudofaa vaziriga va boshqalarga yoqmadi. Ular bu yig‘ilish bekor bo‘lgach, vaziyatdan foydalanib, GKCHP (Favqulodda holat davlat qo‘mitasi) tuzdilar. Bu voqeaning oqibatlari hammaga ma’lum — qanday yakun topgani. 21 dekabr kuni Yelsin o‘z jamoasi bilan — Shushkevich, Kravchuk, Karimov, Nazarboyev — Olmaotada uchrashishdi. Bizdan esa prezident Karimov, Shukurullo Mirsaidov keldi. Oliy Sovet raisi Shavkat Muxidinov, men — mudofaa vaziri, tashqi ishlar vaziri ham bordik. 21 dekabr kuni Olmaotada yig‘ildik. Olmaotadagi uchrashuvda masala shunday qo‘yildi: barcha davlatlar mustaqil bo‘ladi, Gorbachyovga pensiyaga chiqadi. Yelsinga Gorbachyovning siyosiy ta’sirini butunlay yo‘qotish kerak edi. Shaposhnikov esa umumiy qurolli kuchlar nomidan vakil edi. Biz o‘zimizning milliy qurolli kuchlarimiz bo‘lishini yoqladik, ammo hamon MDHning birlashgan qurolli kuchlari tarkibida bo‘lishimizni bildirdik. O‘sha paytda «MDH» (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi) tushunchasi paydo bo‘ldi. Qozog‘iston esa yagona qurolli kuchlar tarafdori edi. Biz o‘z qurolli kuchlarimiz bo‘lishini qat’iyan talab qildik. Ukraina ham shunday qattiq pozitsiyada edi. Ukrainaning siyosati bu masalada juda keskin edi. Ularning prezidenti Leonid Kravchuk, mudofaa vaziri esa Morozov edi. Go‘yoki rus edi, lekin ashaddiy millatchi edi. 21 dekabr kuni sovet ittifoqi parchalanib ketdi. 30 dekabr kuni biz Minskka bordik. U yerda SSSRning parchalanishi to‘g‘risidagi qaror hujjatlar bilan tasdiqlandi. Endi faqat Olmaotadagi guruh emas, balki barcha MDH davlatlari ishtirok etdi. Moldova va Gurjiston esa kuzatuvchi sifatida ishtirok etishdi. O‘sha kuni bizda prezident saylovi o‘tayotgan edi. Biz ketayotganda: «[O‘zbekistonga] qaytib kelsak, bizni avtomatlar bilan kutib olishmasmikin?» deb o‘ylagan edim. Prezidentlikka muqobil nomzod Muhammad Solih edi. U faqat 12 foiz ovoz oldi. Prezident Karimov esa 82 foiz ovoz oldi. — Siz mudofaa vaziri bo‘lganingizda, hali davlat madhiyasi ham yo‘q edi. Shu ilk oylar sizga nima nasib etdi? Sovet ittifoqidan sizga nima qoldi? Nima bilan ishladingiz? 7 fevral kuni bir qaror imzolangan. Uni men tayyorlagan edim. Unga ko‘ra, Mudofaa vazirligining barcha mol-mulki, qurollari, ko‘char va ko‘chmas mulklari xususiylashtirish va davlat mulkidan chiqarish uchun taqiqlanadi. Shu orqali menga Moskvaga hatto gugurt ham topshirmaslik huquqi berildi. Masalan, bir safar quruqlik qo‘shinlari bosh qo‘mondoni Semyonov kelgan edi. U: «Men Farg‘onadagi 105-havo desant diviziyasining taqdirini hal qilish uchun keldim», dedi. Men: «Nima qilmoqchisiz? Uni olib chiqib ketmoqchimisiz? Desantchilar strategik kuchmi?», dedim. U menga qarab: «O‘zbeklar parashyutdan sakraydi deb o‘ylaysizmi?», dedi. Men: «Allaqachon sakrayapti. Sirkda ayiqlar mototsiklda yuradi. O‘zbeklar ham parashyutdan sakrayapti», dedim. Men: «Olib chiqmoqchimisiz? Ruxsat bermayman. U yerda men ichki qo‘shinlarning 3500 nafar maxsus bo‘linmasini joylashtirganman. Ofitserlar ham Rossiyada xizmat qilmoqchi emas. Rossiya endi SSSR emas, boshqa davlat. Sovet ittifoqi bizda sizdagidan ko‘ra ko‘proq bor», dedim. U: «Hech bo‘lmasa prezident bilan uchrashishim mumkinmi? Men unga karabin sovg‘a qilmoqchi edim», dedi. Men: «Xo‘p, prezidentga aytaman», dedim. Prezidentga qo‘ng‘iroq qildim va vaziyatni tushundirdim. Prezident: «Xo‘p, 5 daqiqa qabul qilaman», dedi. Men Semyonovni olib bordim, u karabinni Karimovga topshirdi. Prezident menga: «Mehmon qilib, jo‘natib yubor. U menga endi kerak emas», dedi. — Karimovning Gorbachyov bilan munosabatlari qanday edi? Bilasizmi? Karimov menga darhol aytgan: «Men Gorbachyov bilan umuman ish yuritmayman». Bir safar Karimovning kabinetida o‘tirgan edim, Shaposhnikov telefon qildi. «Islom Abdug‘aniyevich, siz Mudofaa vazirini tayinlabsiz?» Karimov: «Ha, tayinladim. Siz bilan buni kelishishim shartmi?» Men bu suhbatga guvoh bo‘ldim. Karimov: «Men uni tayinladim. 30-sanada Oliy Kengash sessiyasida tasdiqlaymiz», dedi. Shaposhnikov: «Hech bo‘lmasa tanishib olaylik edi», dedi. Karimov: «Yaxshi, uni huzuringizga yuboraman», — dedi. — Yelsin bilan munosabatlari qanday edi? Yelsin Karimovni juda hurmat qilardi. Necha marotaba uchrashgan bo‘lsak, hech qachon Yelsin Karimov haqida yomon gap aytmagan. Garchi Yelsin qarg‘ish so‘zlarini yaxshi ko‘rgan bo‘lsa ham. Karimov ham unga hurmat bilan qarardi. U hech qachon Yelsinni haqorat qilmagan. Karimov nima desa, Yelsin uni albatta bajarardi. — Prezident bilan bahslashish mumkinmidi? Albatta, men prezidentga «yo‘q» degan paytlarim bo‘lgan. —  Bu qachon bo‘lgan? Odatda Karimov bunga toqat qilmagan-ku? — Menga toqat qilardi. Shuning uchun hamma mendan qo‘rqardi. Hamma bilardi – men yuziga aytishim mumkin edi. O‘tirardik, u partnomenklatura haqida gapirardi, Timashov, Alimov haqida gapirardi. Men unga: «Aslida, birinchi nomenklaturachi o‘zingizsiz, bugun siz Stalinsiz», dedim. U birdan qizishib ketdi, menga qarab: «Nega bunday deyapsiz?» dedi. Men aytdim: «Shukurki, siz Stalinsiz. Aks holda, bizda ham hozir Tojikistondagidek urush bo‘lar edi», dedim. Shundan keyin u biroz tinchidi. Bu kabi epizodlar ko‘p bo‘lgan. U meni bardosh bilan qabul qilardi. — Karimov Sovet Ittifoqining parchalanishini xohlarmidi? Oxirigacha ittifoq tiklanishiga ishonib yurgan bo‘lishi mumkinmi? — Yo‘q, u ishonmagan. Ehtimol, ittifoq parchalanishini istamagandir, lekin kim istardi o‘sha paytda? Bilasizmi, sovet ittifoqida bizda ertangi kunimizga ishonch bor edi. Biz bilardikki, pulimiz yo‘qolib ketmaydi. Farzandlarimiz bepul o‘qiydi, bepul davolanadi. Tibbiyot, ta’lim hammasi bepul edi. Hozir esa qarang, men qizimning oldida Belgiyada uch oy bo‘ldim. U elchixonada ishlaydi. U yerda hamma narsa pulli. Lekin, u farzandini shifokorga olib bordi, 50 yevro to‘ladi. Uch kundan keyin davlat unga bu pulni kartasiga qaytarib berdi. Ya’ni, tibbiy sug‘urta ishlaydi. Men qaradim, do‘konlari to‘la. Belgiyada, Bryusselda do‘konlarda qish faslida ham tarvuz, meva, Liviya, Turkiya mahsulotlari bor. Bizda ham bunaqa bormi? U yerda bor. Narxlar ham qimmat emas. — Mustaqillik boshida, Karimov sizni mudofaa vaziri etib tayinlaganida, siz u tayinlagan birinchi vazirlardan bo‘lgansiz. Uning uchun eng muhimi sodiqlikmi yoki aqlmi? — O‘sha paytda u mening shaxsiyatimga qiziqqan. U Aliyev G‘ulom Aliyevichdan so‘ragan. O‘sha paytda u KGB raisi o‘rinbosari edi, keyin rais bo‘ldi. U meni shunday ta’riflagan: «Bu odam sodiq, sodiqligi mafkura bir bo‘lganda davom etadi. Agar mafkura mos kelmasa, ketadi». Bu Karimovga ma’qul kelgan. Menimcha, Karimovning mafkurasi keyinchalik o‘zgardi. 1997 yilgacha, men mudofaa vaziri bo‘lgunimcha, Karimov juda kamtar edi. Qattiqqo‘l, tartibli, pora olmaydigan odam edi. Hech kimni yaqiniga yo‘latmasdi. — Nega Karimov 1996 yilda konvertatsiyani bekor qildi? — Asosiy sabab — valyuta yetishmasligi. Karimovning strategiyasi: iqtisod nazorat qilinishi kerak. Lekin buni zo‘rlab nazorat qilib bo‘lmaydi. Erkin iqtisodiy munosabatlar bo‘lishi kerak. Karimov esa javobgarlikni o‘z qo‘lida ushlab turdi. Konvertatsiya bekor qilinishida korrupsiya elementlari ham bor edi. Men bir holatni eslayman: prezident bizni chaqirdi. Biz kichik guruhda — IIV, armiya, MXX, prokuratura, Moliya vazirligi, Milliy bank rahbarlari yig‘ildik. U vaqtda banklar har kuni pul almashish shoxobchalariga valyuta ajratardi. Valyuta odamlarga emas, bank rahbarlarining tanish-bilishlariga berilardi. Prezident Azimovga qattiq gapirdi: «Sen meni ko‘rmaydi, bilmaydi deb o‘ylayapsanmi? Valyutani kimlarga berayapsan? Xuddi men ko‘rib turmaganimdek, mendan yashiryapsan!» Shu sabab xalq norozi bo‘lardi. Valyuta yetishmasligi turli krizislarga sabab bo‘ldi. — SSSR parchalanganidan keyin: Nega ba’zilar ketdi, ba’zilar qoldi? Rossiya Federatsiyasiga ketganlar siz uchun xiyonatchi emasdimi? — Yo‘q, bu ularning Vatani edi. Men pensiyaga chiqqach, Moskvada «Arxangelskoye» degan sanatoriyga borganman, u yerda generallar dam olishardi, bu dam olish hududi edi. Mening shifokorim Xudiyev edi, hozir ham ismini eslayman. U mening hospitalimda pulmonolog edi. U ketgan. U shunday degan: «General, men hech qachon ketmagan bo‘lardim, agar Grachyovning farmoyishi bo‘lmaganida. Agar 1992 yoki 1993 yil 1 yanvargacha qaytmasang, Rossiya fuqaroligini yo‘qotasan, degan farmoyish chiqqandan so‘ng men ketishga majbur bo‘ldim. Chunki mening butun qarindoshlarim Dog‘istonda, Rossiyada». Toshkent men uchun juda qulay shahar edi, hozir ham u menga tushimda ko‘rinadi. Men Qarshiga borganimda, uchuvchilar norozilik bildirishdi. Men borib: «Men sizlarga quloq tutaman, nima bo‘ldi?» dedim. Ular: «Biz ketmoqchimiz» deyishdi. Men: «Qayerga?» deb so‘radim. Ular: «Rossiyaga» deyishdi. Men aytdim: «Rossiya endi sovet ittifoqi emas. U yerda allaqachon kapitalizm qurilmoqda. Sovet ittifoqi bu yerda, O‘zbekistonda». Bir kishi chiqib, u o‘sha paytda katta odam edi, taxminan 36-37 yoshda, u katta leytenant edi. Men undan so‘radim: «Sen yoshing nechada?»  «37da», dedi u. Men aytdim: «Nega sen hali ham katta leytenantsan?». U: «Mening lavozimim shunday», dedi. Men darhol kadrlar boshqarmasiga buyruq berdim: «Biz senga 50 million dollarlik texnikani ishonib topshiryapmiz, nega unga munosib unvon berilmaydi? Darhol kapitan unvoni berilsin». Shu bilan lavozimlarga o‘zgartirish kiritdik: katta leytenantlarni kapitan qilish, eskadriliya komandirini podpolkovnik qilish, zveno komandirini mayor qilish. Ular juda xursand bo‘lishdi. Men aytdim: «Xotinlaring ishlayapti, bolalaring bog‘chada, hayoting shu yerda, seni Rossiyada nima kutyapti?». Ular tinchlanishdi va bugungacha ko‘pchiligi shu yerda xizmat qiladi. — Sizda Karimovga nisbatan qandaydir xafagarchilik qolganmi? — Yo‘q, men undan xafa emasman. U menga odamlarni tanishni o‘rgatdi. Karimovning tabiati shunday ediki, u hech qachon kechirim so‘ramasdi. Agar u sizni xafa qilgan bo‘lsa, eng yaxshi javobi: «Bo‘ldi, ishlashni davom et», bo‘lardi. U menga qo‘rqinchli dunyoda, «bo‘ri»lar orasida yashashni o‘rgatgan. Uning bolaligi og‘ir bo‘lgan, men buni tushunaman. — Sizni nima uchun ishdan olishdi? — Gap shundaki, men ikki odam — Alimov va Gulyamovni qo‘shinga kiritishga ruxsat bermaganman. Men ularni prezidentga doim xabar qilib, qo‘shindan uzoq tutib kelganman. Ular uchun «boshqariladigan» mudofaa vaziri kerak edi. Masalan, Gulyamov menga aytgan: «5000 ta avtomatni IIVga bering». Men so‘radim: «Qaysi asosda?» U: «Prezident bilan kelishilgan», dedi. Men borib, prezidentdan so‘radim. Prezident: «Qonun yo‘li bilan ber», dedi. Men aytdim: «Bir dona avtomat — 150 dollar. Pul to‘lasin, beraman», dedim. Ular pul to‘lashga majbur bo‘lishdi. Prezidentga: «Ahmedovning avtoriteti juda baland, u hatto davlat to‘ntarishi qilish mumkin», deb yetkazishgan. Bu Karimov uchun eng og‘riqli nuqta edi. — Nega u sizni lavozimdan oldi? — U meni olib tashlamagan. Men o‘zim FVVdan ketganman, ha. Lekin mudofaa vaziri lavozimidan men o‘zim ketmaganman. Mudofaa vaziri sifatida men juda mashhurlashib ketganman, go‘yoki mini-Jukov singari. Qanday qilib Stalin Jukov bilan muomala qilgan bo‘lsa, u ham men bilan shunday qilgan. — Sizni oxirgi yillarda Islom Karimovning odami deyishdi. Bu rostmi yoki shunchaki gapmi? — Bilasizmi, kim uchundir men Karimovning odamiman. Masalan, men haqimda Mirziyoyevning odami, deyishlari ham mumkin. Chunki Mirziyoyev menga ruhan yaqin. Fikran ham. Va Mirziyoyev masalalarni juda tezkor hal qiladi. O‘zingiz ko‘ryapsiz, respublikada nima bo‘lyapti, qanday rivojlanyapti. Ha, ehtimol, u ham xatolar qilar, lekin u kunu tun ishlaydi. Karimov so‘nggi yillarda, deyarli... Men uni besh barmog‘imdek bilardim, u nima bilan shug‘ullanardi. Ertalab soat 9 yoki 10 da ishga kelardi. Birinchi navbatda, biz — harbiy tuzilmalar bilan telefon orqali bog‘lanardi, biz unga hisobot berardik. Keyin iqtisodiy blok unga hisobot berishi. Bularning barchasi tugasa, taxminan soat 4 da u tushlik qilardi. Tushlikdan so‘ng u kuch tuzilmalariga topshiriqlar berardi, kechqurun esa uyiga qaytardi. Har kuni shunday ish rejasi bor edi. Biz uning nima qilishini oldindan bilardik. U bilan ishlash qiyin edi, lekin boshqa tomondan, oson ham edi. Mirziyoyev bilan ishlash u bilan ishlashdan ancha yoqimli edi.   Abdulaziz Komilov haqida Bir kichik epizod: Prezident tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Hafizovichni juda yomon ko‘rardi. U «Sen Primakovning shpionisan, Aziz», derdi. Aziz sovet ittifoqi davrida Damashqda bizning rezidentimiz bo‘lgan. Rashidov vafot etganida, uni zudlik bilan u yerdan chaqirib olishgan. Undan keyin ishsiz qolgan. U KGBning oliy maktabini tugatgan, professional KGB xodimi, razvedkachi. Uni Primakov o‘ziga Sharqshunoslik institutiga aspiranturaga olgan. U yerda dissertatsiya himoya qilgan. Mustaqillik e’lon qilinganida Aziz chemodanini kutarib kelgan. U prezident devonida ishlagan. Bir haftacha ishlagan, keyin prezident uni KGB raisining o‘rinbosariga tayinlagan.   Komilovning Tashqi ishlar vaziri bo‘lishi masalasida O‘sha paytda bosh vazir o‘rinbosari Muhammadjon Karabayev bor edi. U o‘rinbosar edi, bu mustaqillikning ikkinchi yoki uchinchi yili edi. Biz hali ham sovet ittifoqi darsliklari bilan ishlayotgan edik. Men unga bir necha marta aytganman: «Qara, yashin chaqsa, kech bo‘ladi, bu bilan ishla», deb. U ishongan, lekin natija chiqmagan, keyin prezident uni ishdan oldi. Biz tor doirada prezidentning kabinetida o‘tirdik. Prezident: «Farg‘ona vodiysidan nomzod topinglar», dedi. Men: «Nega Farg‘ona vodiysi? Farg‘ona vodiysi ilm markazimi? Farg‘ona vodiysidan qishloq xo‘jaligi yoki sanoat mutaxassisini olish mumkin, lekin ilm markazi Toshkent. Toshkentlikni qo‘yish kerak», dedim. U: «Senda kim bor?» dedi. Men dedim: «Mana, Said Muxtor bor, KPSS MQda ishlagan, falsafa professori, uni bosh vazir o‘rinbosari qiling». Prezident: «O‘rniga kim?» dedi. Men dedim: «Aziz tayyor, uni tashqi ishlar vaziri qiling», dedim. Prezident bunday kadr almashtirishlarda mening fikrimni inobatga olardi. Aziz tashqi ishlar vaziri bo‘ldi.  

Teglar

Mavzuga oid