Logo

Shavkat Mirziyoyev Karimovni xotirasini yodga oldi

Davlat rahbariga sobiq birinchi xonim Tatyana Karimova va hukumat vakillari hamrohlik qildi.

Shavkat Mirziyoyev Karimovni xotirasini yodga oldi © president.uz

2-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, birinchi prezidentning haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Davlat rahbariga Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova va hukumat vakillari hamrohlik qildi.

Marosimda Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Islom Karimovning O‘zbekiston mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi.

Oliy Majlis palatalari, Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar va Toshkent shahri jamoatchiligi ham birinchi prezident haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, Islom Karimov mamlakatni 1989-yildan 2016-yilgacha boshqargan. Muqobillik asosida 1991-yil 29-dekabr kuni o‘tkazilgan birinchi umumxalq prezidentlik saylovida O‘zbekiston prezidenti etib saylandi. Keyinchalik o‘tkazilgan referendumlar va saylovlar (2000, 2007, 2015-yillar) natijasiga ko‘ra umrining oxirigacha ushbu lavozimni egallab kelgan. 2016-yil 2-sentabr kuni og‘ir kasallik (bosh miya qon aylanishining buzilishi — insult) oqibatida 78 yoshida vafot etgan. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahridagi Shohi Zinda majmuasi yaqinida dafn etilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bo‘yicha tadbirda ham Shavkat Mirziyoyev Islom Karimovni yodga olgandi.

Teglar

Mavzuga oid