add

Surunkali shoshilish aqliy salohiyatga putur yetkazadi

Bugun 18:251075

Ishda, qaror qabul qilishda, munosabat ko‘rsatishda tezkorlikni qadrlaydigan bo‘lib qoldik. Ammo hayot nihoyasiz poygaga aylansa, ong qolipli fikrlay boshlaydi, xatolar ko‘payadi.

Surunkali shoshilish aqliy salohiyatga putur yetkazadi

 

Kognitiv ko‘nikmalar bo‘yicha mutaxassis Yelena Sosnovsevaning maqolasida bunday holat uchun yechimlar xususida so‘z boradi.

«Shoshilding — kulgiga qolding». Bu naql tezkorlik professionalizmning ajralmas qismiga aylangan hozirgi zamonda kulgili eshitiladi. Xat va so‘rovlarga tez, mazmunli javob qaytarish kerak, majlislarda imkon qadar ko‘proq taklif berish kerak, boz ustiga, ularning oqibatlarini ham ko‘ra olish kerak, kutilmagan savollarga ham tezkor javob hozir turishi lozim.

Xodim mulohaza qilib ko‘rish u yoqda tursin, aqalli ma’lumot jamlash uchun vaqt so‘rasa, rahbar istamaygina rozi bo‘ladi, odatda berilgan muddat yetarli bo‘lmaydi ham. Benjamin Franklin aytganidek, «Vaqt — bu pul». Javob qaytarishdagi tezkorlik raqobatdagi ustunlikka aylangan. Shunchaki joyingda qolish uchun ham ikki hissa tezroq yugurishing kerak.

Biz tezkorlik ustuvorlikka aylangan madaniyatda yashayapmiz. Ammo loaqal bir lahza to‘xtab, bu madaniyat bizni qanchalik o‘zgartirayotgani haqida mulohaza yuritib ko‘rsak, hammasi silliq kechmayotganini idrok eta boshlaymiz. XX asr o‘rtalaridayoq «hurry sickness» — shoshilish kasalligi atamasi paydo bo‘lgan. Qator tadqiqotlarga ko‘ra, XX asr oxiri XXI asr boshlariga kelib, vaqt birligi boshiga voqea va vazifalar soni keskin oshgan, buning oqibatida surunkali stress va mutassil vaqt yetishmovchiligidan qiynalish yuzaga kelgan.

 

Nega ong qolipga tushib qoladi?

Doimiy bosim ostida miya qolipga tushib qoladi — teran fikrlash va muqobillar izlash qobiliyati pasayadi. Paradoks yuzaga keladi: kompaniyalar egiluvchanlik va ijodkorlikni talab qilishadi, ammo korporativ madaniyat aynan mana shu xususiyatlarni namoyish qilishga imkon qoldirmaydi.

Ish jarayonida uchraydigan vazifalarni uch turga ajratish mumkin:

1. Tanish jarayonlar. Xatlar, hisobotlar, taqdimotlar, muzokaralar — bu vazifalar uchun fikriy modellar shakllangan bo‘ladi. Qoliplar qo‘l keladi. Tasavvur qiling, hamkasbingizga xat yo‘llashni har kuni qaytadan o‘rganishingiz kerak bo‘lsa. Bu jarayonni takomillashtirishning tabiiy mexanizmi — ko‘nikma bir marta o‘zlashtiriladi va keyinchalik miyaning quvvatini tejaydi.

2. Qisman yangi vazifalar. Yangi qoida yoki qoliplar paydo bo‘ladi: masalan, ish bo‘yicha xabar almashish tartibi yoki hujjatlar shakli o‘zgaradi. Yozishni bilasiz, lekin odatiy sxemalar ortiq ish bermaydi — moslashish kerak. «Yo‘l-yo‘lakay tushunib olaman», qabilida ish tutsangiz, oddiy vazifa ham murakkablashadi; eski odatlarni yengib o‘tish, yangi talablarga diqqat qaratish, belgilangan muddatga ulgurmaslikdan xavotir ta’sirida sekinroq ishlashga to‘g‘ri keladi.

3. To‘liq yangi vazifalar. Bunday vaziyatda tezkor javob qaytarish ish bermaydi, boshqacha fikrlash talab etiladi. Biroq vaqt tig‘iz bo‘lsa, xodim tunnel fikrlashga o‘tadi (ma’lumotni tor doirada, o‘ziga avvaldan tanish qoliplarga mos qisminigina qabul qilish): tanish modellarni to‘g‘ri kelsa-kelmasa qo‘llashga tirishadi. Keskin harakat bilan vaziyatni murakkablashtirish yoki xatoga yo‘l qo‘yishdan qo‘rquv paydo bo‘ladi. Xatarlarni baholash, ikkilamchi va uchlamchi oqibatlarni tahlil qilishga vaqt qolmaydi.

 

Tezkorlikka asoslangan korporativ madaniyat

Texnologik taraqqiyot va raqamli inqilob «vaqt prujinasi»ga bosimni oshiradi, ya’ni vaqt birligi hisobida juda ko‘p hodisalar va o‘zgarishlar ro‘y beradi. Biznes bu dinamikaga moslashishga intiladi, tezkor qarorlar (tezkor natijalarga ham) talab oshadi. Rahbariyat «o‘tkir aql» va «ziyraklik»ni rag‘batlantiradi.

Ammo har kim ma’lumotga turli tezlikda ishlov beradi. Doimiy axboriy yuklamalar xodimlarni ruhiy toliqtiradi. Muddatlar ta’siridagi, tezkorlik mukofotlanishi ta’siridagi bosim konformizmni kuchaytiradi: «Muqobilni izlagandan ko‘ra tezda rozi bo‘lgan ma’qul». Tezkor qaror sifatli yechimdan ustun ko‘riladi. Eski patternlarning takrorlanishi yangi yondashuvlarga o‘rin qoldirmaydi. Avvaldan shakllangan amaliyotlar va jadal o‘zgaruvchi muhit o‘rtasida bo‘shliq paydo bo‘ladi.

 

Tezkorlikka intilishning badali qanaqa?

Ko‘plab idoralarda kuzatish mumkin: tezkorlik tufayli yuzaga keladigan bosim xavotir rejimini faollashtiradi. Qo‘rquvlar esa uni kuchaytiradi — salohiyatsizdek ko‘rinishdan, xato qilishdan, mansabni boy berishdan qo‘rquv.

Ong bunday vaziyatda turlicha javob qaytaradi: kimdir o‘zini faol ishlayotgandek ko‘rsatishga tirishadi, kimdir esa «o‘chib qoladi». Bu prezenteizm — inson jismonan shu yerda-yu, lekin hech qanday natija ko‘rsata olmaydi. Samaradorlikning tushishi va prezenteizm oqibatidagi yo‘qotishlar xalqaro miqyosda 2-9 trln dollarga baholanadi.

Rahbariyat esa «qisqa fikrlash»ni — muammolarga tezkor yechimlarni rag‘batlantiradi. Xodimlar reaktiv fikrlashga o‘rganib qolishadi. Oqibatda butun kompaniyaning takrorlanuvchi jarayonlarda samaradorligi oshadi, ammo strategik fikrlashga putur yetadi: sabab-oqibat aloqalari faollashadi, qarorlarning ikkilamchi va uchlamchi oqibatlari e’tibordan chetda qoladi. Shu tariqa qolipli fikrlash odatga aylanadi, «qolipdan tashqari fikrlash» kabi shiorlar shiorligicha qolib ketaveradi.

 

Kognitiv rejimlar va vazifalarning uch turi

Qanday holatlarda qolipli fikrlash foydali, qaysi vaziyatlarda esa to‘siq ekanligini, talabni xodimning aqliy salohiyati bilan muvofiqlashtirish yo‘llarini ko‘rib chiqsak.

·     Operatsion vazifalar. Bunda avtomatizm va qoliplar foydali. Jarayon qanchalik barqaror bo‘lsa, uzilish va xatolar shunchalik kamayadi. Bunday faoliyat turlarida qolipga amal qilish va ishlov berish tezligini oshirish juda muhim. Tezkorlik o‘zini oqlaydi.

·     Qisman yangilik talab etiladigan vazifalar. Ma’lumot yig‘ish, tahlil, moslashuv uchun vaqt talab etiladi. Masalan, har doim TVda reklama bergansiz, ammo endi marketpleyslar paydo bo‘ldi. Oldingizda tanlov bor: byudjetni qayta taqsimlash, TVdan voz kechish yoki yangilikni inkor etish. Bunday vazifalarda hisobotlardan va boshqa manbalardan ma’lumot jamlash uchun vaqt kerak. Tahlil o‘tkazilmasa, bir qarashda o‘ta jo‘yalidek ko‘ringan qarorlar ham xato bo‘lib chiqishi mumkin.

·     Strategik vazifalar. Ushbu holatda operatsion amaliyotlardagi kabi tezkorlikni saqlash imkonsiz. Strategik yechimlar uchun muhokama, oqibatlar va ssenariylarni modellashtirish uchun vaqt kerak bo‘ladi.

2023 yildan boshlab kompaniyalarda kognitiv ko‘nikmalar, xususan, fikrlash tarzi va maromlari bo‘yicha treninglarga talab oshmoqda. Xodim o‘z maromini bilsa, kompaniya talablariga moslashishi osonlashadi. O‘z navbatida, rahbarlar jamoaning ruhiy salomatligini saqlab qolgan holda kompaniya samaradorligini oshira olishadi.

Rahbarlar e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan jihatlar:

·     Vazifa turidan kelib chiqib ish tuting. Takrorlanuvchi vazifalarda tezkorlikni rag‘batlantiring. Yangilik talab etiladigan topshiriqlar uchun yetarli vaqt bering.

·     Xotirjam muhit yarating. Murakkab masalalar uchun aqliy shturmlar, taym-autlar, munozara sessiyalarini o‘tkazing. Ikkilamchi va uchlamchi ishlovni talab qiling.

·     Faqat tezkorlikni emas, sifatli tahlilni ham e’tirof eting.

·     Korporativ madaniyatda muvozanatni ta’minlang. «Tezkor g‘alaba»larni ham, puxta o‘ylangan yechimlarni ham birdek qadrlang.

Korporativ amaliyotga kognitiv toifalar va maromlar tushunchasi joriy etilsa, xodimlarda tezkor va sekin rejim o‘rtasida almashinuv ko‘nikmasi shakllantirilsa, yangilik talab etiladigan vazifalar uchun yetarli vaqt ajratilsa, kompaniya ikki hissa ustunlikka — ham amaliyotlarda tezkorlikka, ham strategik boshqaruvda egiluvchanlikka ega bo‘ladi.

S.Abdurahmonova tayyorladi. 

Teglar

Mavzuga oid