
Tramp 175 mlrd dollarlik raketadan himoya tizimini taqdim etdi
21.05.2025 | 13:451733
AQSH prezidenti Donald Tramp «Zolotoy kupol» nomli yangi raketaga qarshi himoya tizimini taqdim etdi. Ushbu loyiha 175 mlrd dollarga baholanmoqda va yuzlab sun’iy yo‘ldoshlar orqali raketalarni aniqlash va yo‘q qilishni ko‘zda tutadi.

20 may kuni Donald Tramp Oq uyda o‘tkazgan matbuot anjumanida «Oltin gumbaz» deb nomlangan yangi raketaga qarshi himoya tizimi loyihasini e’lon qildi. Ushbu tizim yuzlab sun’iy yo‘ldoshlardan iborat bo‘lib, hujumchi raketalarni erta aniqlash, kuzatish va yo‘q qilish imkonini berishi rejalashtirilgan.
Trampning aytishicha, Kanada ham loyihada ishtirok etishdan manfaatdor. U, shuningdek, loyiha o‘z prezidentlik muddati yakunlanadigan 2029 yil yanvarigacha to‘liq amalga oshirilishini ta’kidladi.
Biroq mutaxassislar bu rejalarning amalga oshishiga shubha bilan qaramoqda. Reuters agentligiga ko‘ra, Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi xodimi Tom Karako ushbu miqyosdagi tizimni yaratishga kamida 10 yil kerak bo‘lishini aytgan. Kongressning byudjet boshqarmasi esa 20 yillik xarajatni taxminan 831 mlrd dollar deb baholagan.
Loyihaning yana bir bahsli jihati shundaki, uning asosiy texnika qismlarini ishlab chiqishda Trampning siyosiy ittifoqdoshi Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasi ishtirok etishi mumkin. Bu holat demokratlar orasida tanqid va xavotir uyg‘otmoqda.
Trampning «Oltin gumbaz» g‘oyasi Isroilning mashhur «Temir gumbaz» raketaga qarshi himoya tizimidan ilhomlanib yaratilgan. U 2025 yil yanvar oyida bu loyiha bo‘yicha rasmiy farmonni imzolagan edi.





