
Turkiyada isrofni cheklash maqsadida all inclusive va «shvedcha stol» bekor qilinishi mumkin
13.08.2025 | 09:008284
Turkiya hukumati go‘sht, meva va sabzavot yo‘qotilishini qisqartirish maqsadida ochiq bufet (all inclusive) va shvedcha stol bo‘yicha yangi tartib joriy etishga tayyorlanmoqda.

Turkiyada hukumat ochiq bufet (all inclusive) va shvedcha stol tarzida yoziladigan nonushtadagi ortiqcha isrofni oldini olish uchun yangi qonunchilik tashabbusini ishlab chiqmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, «shvedcha stol» tarzidagi nonushtada har bir mijoz uchun alohida porsiya berish majburiyati bekor qilinib, hotellarda «istalgan narsani tanovvul qilish mumkin» (all inclusive) tizimi o‘rniga «tanlab yeyish» uslubi joriy etiladi. Bunda taom oldindan buyurtma qilinadi va shunga qarab mijozga porsiya tayyorlab beriladi.
Turkiya Isrofning oldini olish jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda har yili o‘rtacha 23 mln tonna oziq-ovqat nobud bo‘ladi. Mevalar va sabzavotlarning taxminan 35 foizi esa iste’molchi dasturxoniga yetmasdanyoq chiqindiga tashlanadi. Bu holat nafaqat iqtisodga, balki oziq-ovqat inflyatsiyasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Turkiya prezidenti huzuridagi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat siyosatlari bo‘yicha kengash isrofga qarshi choralar haqidagi keng qamrovli hisobotni tayyorlab, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga taqdim etmoqchi. Masala parlament muhokamasiga olib chiqilishi va qonunga kiritiladigan o‘zgarishlar bilan amaldagi tizim qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
So‘nggi yillarda mashhur bo‘lgan «shvedcha stol» tarzidagi nonushta ortiqcha taom chiqindisiga olib kelmoqda. Ayrim ovqatlanish muassasalari uch kishi uchun ikki kishilik porsiya berishni rad etib, har bir kishi uchun to‘liq porsiya talab qiladi. Bu esa mijozlarni noqulay holatga solish bilan birga, oziq-ovqat yo‘qotilishini oshirmoqda.
Yangi islohotlar amalga oshirilsa, faqat istalgan va iste’mol qilinadigan taomlar buyurtma qilinadi, ortiqcha tayyorlangan oziq-ovqat esa chiqindilarga aylanmasligi ta’minlanadi.





