
Xalqaro qidiruvdagi o‘zbekistonlik Tailanddan qaytarildi
19.08.2025 | 12:457132
O‘ta yirik miqdordagi firibgarlikda ayblangan va xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqaro Tailanddan ekstraditsiya qilinib, Toshkentda qo‘lga olindi.

Interpol Milliy markaziy byurosi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent va Bangkok byurolarining hamkorligida xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxsni topshirish masalasi hal etilgan. O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan X.K. nomli fuqaro tergovdan qochib, chet elga yashirinib ketgan. Shu sababli unga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tailand huquqni muhofaza qilish organlari bilan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar natijasida ayblanuvchi ushlangan. Keyinchalik u O‘zbekistonga deportatsiya qilingan va Toshkent xalqaro aeroporti hududida Milliy markaziy byuro xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Fuqaroning ayblovi bo‘yicha hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Huquqni muhofaza qilish idoralari mazkur jinoyat ishi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni keyinroq e’lon qilishi mumkin.
Avvalroq, iqtisodiy va mulkiy jinoyatlarda ayblangan uch shaxs BAAdan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan edi.





