add

Yevropa va Ukraina urushni to‘xtatish bo‘yicha 12 bandli reja tayyorlamoqda — Bloomberg

22.10.2025 | 09:312812

Reja bajarilishini nazorat qilish uchun AQSH prezidenti Donald Tramp rahbarlik qiladigan Tinchlik kengashi tuzilishi rejalashtirilgan.

Yevropa va Ukraina urushni to‘xtatish bo‘yicha 12 bandli reja tayyorlamoqda — Bloomberg

Yevropa mamlakatlari Ukraina bilan hamkorlikda Rossiya boshlagan urushni to‘xtatish maqsadida 12 bandli tinchlik rejasini ishlab chiqmoqda. Bloomberg agentligining manbalariga ko‘ra, kelishuv bajarilishi ustidan nazoratni AQSH prezidenti Donald Tramp boshchiligidagi Tinchlik kengashi amalga oshiradi.

Dastlabki shartlarga ko‘ra, Rossiya Ukraina singari o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganidan so‘ng har ikki taraf front chizig‘ini mustahkamlashi va harbiy harakatlardan voz kechishi kerak bo‘ladi. Rejada deportatsiya qilingan bolalarni Ukrainaga qaytarish, harbiy asirlarni almashish, Kiyevga xavfsizlik kafolatlari hamda vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklash uchun moliyaviy yordam berish kabi bandlar kiritilgan. Shuningdek, Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish arizasini tezkor ko‘rib chiqish va’da qilingan.

Tinchlik paketi Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bosqichma-bosqich yumshatishni ham nazarda tutadi. Biroq Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan 300 mlrd dollarlik aktivlariga faqat u Ukraina tiklanishiga moliyaviy hissa qo‘shishga rozi bo‘lgandan keyingina kirish imkoniga ega bo‘ladi. Agar Moskva harbiy harakatlarni qayta boshlasa, cheklovlar yana tiklanadi.

Alohida band sifatida okkupatsiya qilingan hududlar maqomi bo‘yicha muzokaralarni boshlash nazarda tutilgan, biroq Yevropa yoki Ukraina bu hududlarni Rossiyaniki deb huquqiy tan olmaydi. Bloomberg’ning yozishicha, reja hozircha ishlab chiqish bosqichida bo‘lib, uning yakuniy varianti Vashington bilan kelishilishi kerak. Yevropa delegatsiyasi yaqin kunlarda AQSHga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Tashabbus Donald Trampning so‘nggi bayonoti bilan hamohang — u o‘tgan hafta har ikki tarafning joriy pozitsiyalarida o‘t ochishni to‘xtatish va keyin muzokaralarga o‘tishni taklif etgan edi. Biroq Rossiya bunday takliflarni avval ham rad etgan, urush esa to‘rtinchi yildan beri davom etmoqda.

16 oktyabrda Tramp Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgan, unda Budapeshtda shaxsiy uchrashuv o‘tkazish muhokama qilingan. Ammo Moskva urushni to‘xtatishga tayyor emasligi ma’lum bo‘lgach, sammit bekor qilingan. Shuningdek, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSH davlat kotibi Marko Rubioning uchrashuvi ham bekor qilindi.

Teglar

Mavzuga oid