
Yil boshidan buyon eng ko‘p soliq to‘lagan savdo kompaniyalari ma’lum qilindi
Soliq qo‘mitasi 2025 yilning 10 oyida savdo korxonalari tomonidan to‘langan soliqlar miqdori, tovar aylanmasi va ularga berilgan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi.

2025 yilning yanvar–oktabr oylarida savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 151 492 ta yuridik shaxs tomonidan 28,8 trln so‘mdan ortiq soliq to‘langan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi .
Qayd etilishicha, bu davr mobaynida savdo kompaniyalarining tovar aylanmasi 656,5 trln so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, ularga 10 oy davomida 5,6 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan.
Jami to‘langan soliq miqdorining 2,3 trln so‘mi yoki 8 foizi 20 ta korxona ulushiga to‘g‘ri keladi. Ularning jami tovar aylanmasi 45,5 trln so‘mni, olgan soliq imtiyozlari esa 301,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Jumladan, eng ko‘p soliq to‘laganlar ro‘yxatida yetakchi uchtalikda quyidagi kompaniyalar turibdi:
«Anglesey Food» MCHJ XK (Korzinka) 323,7 mlrd so‘m;
«Total Oil Invest» MCHJ () 211,5 mlrd so‘m;
«Uzum Market» MCHJ XK (Uzum) 195 mlrd so‘m.
Avvalroq mobil operatorlar va boshqa xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan to‘langan soliqlar, tovar aylanmasi va ularga berilgan imtiyozlar miqdori haqida xabar bergandik.





