1 foizlik keshbek o‘rniga lotoreyaning joriy etilishi budjet xarajatlarini 20 barobar qisqartirishi mumkin
O‘zbekistonda 1 foizlik keshbek tizimi o‘z vazifasini bajargani, endi uni yirik yutuqli manzilli lotereyalar bilan almashtirish orqali davlat budjeti xarajatlarini 20 barobargacha qisqartirish mumkinligi ma’lum qilindi.
© Soliq.uz ilovasi2022-yildan amal qilib kelayotgan 1 foizlik keshbek tizimi aholining chek talab qilish madaniyatini shakllantirish vazifasini bajargan. Bu haqda 30-iyul kuni Fiskal tahlillar instituti tomonidan ilk bor tashkil etilgan «Fiskal muloqot» tadbirida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Vaqt.uz jurnalisti.
Tadbirda so‘zga chiqqan institut vakillarining ta’kidlashicha, ommaviy keshbek tizimi o‘zining asosiy maqsadiga erishgan.
«1 foizlik keshbek o‘z vazifasini bajarib bo‘ldi. Ya’ni, u aholining chek so‘rash savodxonligini oshirishga xizmat qildi, deb hisoblaymiz. Lekin bu mexanizm davlat budjeti xarajatlarini yildan yilga oshirib bormoqda», — dedi ma’ruzachi.
Keshbek xarajatlari besh yilda 2,5 barobarga oshgan
Taqdimotda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, keshbek uchun davlat budjeti xarajatlari yil sayin o‘sib borgan.
2022 -yilda bu maqsadga 820 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2023-yilda 1 trln 51 mlrd so‘m, 2024-yilda 1 trln 244 mlrd so‘m, 2025-yilda 1 trln 514 mlrd so‘m sarflangan.

2026 -yil uchun prognoz 1 trln 814 mlrd so‘mнi tashkil etmoqda. Agar amaldagi tizim saqlanib qolsa, 2027-yilga borib xarajatlar 2 trln 77 mlrd so‘mga yetishi kutilmoqda.
Lotereya orqali budjetdan 2 trln so‘m tejash mumkin
Shu munosabat bilan Fiskal tahlillar instituti barcha uchun amal qilayotgan 1 foizlik keshbekni bekor qilishni taklif qildi.
Bunda «Yagona ijtimoiy himoya reyestri»ga kiritilgan fuqarolar uchun ijtimoiy ahamiyatga ega ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga 12 foizlik keshbek saqlab qolinishi rejalashtirilgan.
Qolgan fuqarolar uchun esa chek talab qilish rag‘batini saqlab qolish maqsadida ommaviy keshbek o‘rniga manzilli davlat lotereyalari joriy etish taklif qilinmoqda.
Taqdimotga ko‘ra, bunday lotereyalarda bir chek bo‘yicha 100 mln so‘mgacha yutuq berish mumkin.
Eng katta iqtisodiy samara esa budjet xarajatlarida namoyon bo‘ladi.
«Agar 1 foizlik keshbek davom ettirilsa, 2027-yilda davlat budjeti hisobidan 2,1 trillion so‘m sarflanishi prognoz qilinmoqda. Agar bu amaliyot bekor qilinib, manzilli lotereyalarga o‘tilsa, davlat budjeti hisobidan eng ko‘pi bilan 100 milliard so‘m ajratish kifoya qiladi. Bu esa xarajatlarni 20 barobarga qisqartirish imkonini beradi», — dedi ma’ruzachi.
Savol-javob davomida ekspert ushbu raqamlar umumiy davlat budjeti emas, aynan keshbek mexanizmi uchun ajratiladigan mablag‘lar haqida ekanini alohida ta’kidladi.

Taqdimotda qayd etilishicha, manzilli lotereyalar asosan chakana savdo va umumiy ovqatlanish kabi xavf yuqori bo‘lgan sohalarda chek talab qilishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
QQS samaradorligini oshirish orqali qariyb 5 trln so‘m qo‘shimcha tushum kutilmoqda
Tadbirda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) ma’murchiligini raqamlashtirish bo‘yicha rejalar ham taqdim etildi.
Unga ko‘ra, QQS samaradorligini hozirgi 57 foizdan 63 foizgacha oshirish maqsad qilingan. Bu esa budjetga 4 trln 871 mlrd so‘m qo‘shimcha tushum keltirishi mumkin.
Buning uchun biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, soliq ma’murchiligini raqamlashtirish, xavf tahliliga asoslangan nazorat tizimini kengaytirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish rejalashtirilgan.





