Logo

1 milliard barreldan ortiq neft g‘oyib bo‘ldi — dunyo yangi inqiroz yoqasida

Кеча 21:204 дақиқа

Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ochilishi va AQSH-Eron o‘rtasidagi kelishuv neft bozoridagi vahimani bir zumga yumshatgan bo‘lsa-da, tahlilchilar vaziyat hali ham jiddiy ekanidan ogohlantirmoqda.

1 milliard barreldan ortiq neft g‘oyib bo‘ldi — dunyo yangi inqiroz yoqasida © Shutterstock

Shu hafta Eron va Qo‘shma Shtatlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolaganidan so‘ng, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yana ochildi. Yomon xabar shuki, endi juda kech bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Yaqin Sharqdan qariyb to‘rt oydan beri neft eksport qilinmayapti. «Kpler» tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, urush davomida dunyo jami 1,15 milliard barrel neft ta’minotidan mahrum bo‘lgan.

Bu holat neft bozorini qaltis ahvolga solib qo‘ydi va soha tez sur’atlarda inqiroz yoqasiga yaqinlashmoqda. Xalqaro energetika agentligining strategik neft zaxiralari 1990 yildan beri eng quyi darajaga tushib ketdi. Amerikaning favqulodda zaxiralari esa so‘nggi 43 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichni qayd etmoqda. Tijoriy zaxiralar ham o‘ta xavfli chegaraga yetib kelgan.

 «Haqiqiy tartibsizni ko‘rishni istaysizmi? Taxminan to‘rt hafta ichida zaxiralarimiz tugaydi» — dedi prezident Donald Tramp 17-iyun kuni Versalda bo‘lib o‘tgan «Katta yettilik» sammitida.

Tramp haq. Biroq bu hafta bo‘g‘ozning qayta ochilishi xom neft zaxiralari butunlay tugab qolishining oldini olishga ulgurmasligi mumkin. Fors ko‘rfazidan neft yetarli darajada tez chiqib ketishi dargumon.

Oqibatda neft narxlarining yana ko‘tarilishi ehtimoli bor.

Hal qiluvchi palla

Neft bozori Tramp vaqtni to‘g‘ri chamalaganiga to‘liq ishonch bildirmoqda. U bashorat qilganidek, Eron bilan o‘zaro anglashuv memorandumi tuzilib, kuchga kirishi bilan so‘nggi kunlarda narxlar keskin tushib ketdi.

1

Aprel oyi o‘rtalarida otashkesim e’lon qilingach, «Brent» markali neft narxi pasayishni boshlagandi. Urush davrida bir barrel uchun 126,41 dollargacha chiqqan eng yuqori ko‘rsatkich bugungi kunga kelib 80 dollardan ham pastga tushib ketdi.

Neft narxining pasayishiga urush arafasida xomashyo taklifining tarixiy darajada ortib ketgani sabab bo‘ldi. Bu holat dunyoni tarixdagi eng yirik ta’minot inqirozidan muvaffaqiyatli himoya qildi. Biroq bozordagi bu ortiqcha taklif tezda yo‘qolib, xavotirli taqchillikka aylandi.

So‘nggi bir necha oy ichida dunyodagi neft zaxiralari keskin ravishda — 190 million barrelga kamaydi. AQSH bo‘ylab yoqilg‘ini quvurlar orqali tarqatadigan Oklaxoma shtatining Kushing shahridagi asosiy neft xabi o‘zining o‘ta xavfli chegarasiga yetib keldi.

Bu holat faqatgina Kushingda kuzatilayotgani yo‘q — butun dunyo bo‘ylab neft saqlash inshootlari hal qiluvchi pallaga yaqinlashmoqda.

17-iyun kuni Tramp, agar bo‘g‘oz qayta ochilmaganida yuz berishi mumkin bo‘lgan «iqtisodiy falokat»dan ogohlantirar ekan, shunday dedi: «Neftni umuman topib bo‘lmaydigan vaqtlar ham kelishi mumkin edi». Uning so‘zlariga ko‘ra, bordi-yu shunday vaziyat yuzaga kelganida, uni Buyuk depressiya boshlanishiga guvoh bo‘lgan sobiq prezident Gerbert Guverga qiyoslagan bo‘lardilar.

Yuqori narx

Bo‘g‘ozning qayta ochilishi dunyodagi zaxiralar bilan bog‘liq muammoni darhol hal qilmaydi. Bu faqat neft oqimining yana me’yoriga tushishini ta’minlaydigan jarayonni boshlab beradi, xolos.

Bo‘g‘ozni minalardan tozalash, bo‘sh tankerlarni hududga qaytarish, ishlab chiqarishni tiklash va neftni o‘z manzili sari yo‘naltirish kerak. Bularning hech biri tezda amalga oshmaydi. Neft sanoati vakillarining fikricha, neft oqimining odatiy holatga qaytishi uchun bir necha oy talab etilishi mumkin. Neft bozori chinakamiga asl holiga qaytmaguncha, tizim mavjud zaxiralarga tayanishda davom etadi.

Shu sababli ham bir qator soha tahlilchilari neft narxlari juda pastlab ketdi, bozor esa rezervuarlar qayta to‘lguniga qadar neftning batamom tugab qolish xavfini yetarlicha baholamayapti, deb hisoblamoqda.

«Bozor hozirgi joylashuvimizdan yetti qadam oldinga sakrab o‘tdi. Hamma go‘yoki: Xayriyat, bu tugadi!,  deyapti. Ammo avvalgi holatga qaytish yo‘lida jiddiy logistik muammolar mavjud», — deydi «RBC Capital Markets» kompaniyasining global xomashyo strategiyasi bo‘limi rahbari Helima Kroft.

Uning aytishicha, bo‘g‘ozning qayta ochilishi bilan bog‘liq eyforiya tarqagach, pirovardida bozorning asosiy qonuniyatlari o‘z so‘zini aytadi va neft narxini yanada yuqoriga ko‘taradi.

2

«Kelasi haftalarda Ho‘rmuz bo‘g‘ozida nima bo‘lishidan qat’i nazar, yoz oylarida AQSH iste’molchilarini yuqori narxlar kutmoqda. Kelishuvga nisbatan optimizm sababli hozircha bunday bo‘lmayapti. Biroq bu yerda bozor kuchlari o‘z hukmini o‘tkazishi kerak», — dedi «Kpler» kompaniyasi vakili Mett Smit.

Hisob-kitoblar ham buni tasdiqlamoqda: Xalqaro energetika agentligi bashoratiga ko‘ra, global neft bozori xaridorlar talabidan qariyb 5 million barrelga ko‘proq xomashyo ishlab chiqarishni boshlagan taqdirda ham, yo‘qotilgan 1,15 milliard barrellik ta’minotni qayta tiklash uchun taxminan bir yil kerak bo‘ladi.

Past narx

Biroq bozor har doim ham mantiqqa bo‘ysunavermaydi.

Treyderlar neftning ulkan oqimi yana bozorga qaytish arafasida turganini ko‘rmoqda. Bu, xususan, mablag‘ga muhtoj bo‘lgan va ishlab chiqarishni ko‘paytirishga intilayotgan OPEK a’zolari tomonidan amalga oshirilishi kutilmoqda. «Infrastructure Capital Advisors» aktivlarni boshqarish kompaniyasi bosh direktori Jey Xetfildning ta’kidlashicha, bu yangi voqelik neft bozorining hozirgi sur’atini o‘zgartirishni juda qiyinlashtiradi.

Vaziyatga qiyosiy yondashuv ham muhim ahamiyatga ega: urush arafasida dunyo neftga shunchalik to‘yingan ediki, biz hali ham zaxiralarning misli ko‘rilmagan darajada tugab qolish xavfidan ma’lum ma’noda himoyalanganmiz.

«Bizda juda katta xavfsizlik yostiqchasi bor edi va uni sarflab tugatdik. Biz o‘tgan yilgidan pastroq darajadamiz, lekin unchalik ham emas», — deydi «Macquarie Group»ning global neft va gaz strategiyasi bo‘yicha mutaxassisi Vikas Dvivedi.

Masalan, AQSHda dizel zaxiralari 2003 yildan beri eng quyi nuqtaga tushgan bo‘lsa-da, 5 yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan bor-yo‘g‘i 12,4 foizga kam. AQSHning benzin zaxiralari esa bir yil oldingi holatga nisbatan atigi 5 foizga qisqargan. 

Теглар

Мавзуга оид