100 mln dollarlik loyiha: Prezident Yangi Toshkentdagi stadion qurilishini ko‘zdan kechirdi

55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan ushbu majmua 2027-yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘yinlariga mezbonlik qilishi kutilmoqda.

100 mln dollarlik loyiha: Prezident Yangi Toshkentdagi stadion qurilishini ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 24-mart kuni Yangi Toshkentda barpo etilayotgan yirik sport inshooti – zamonaviy futbol stadionining qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Ushbu sport majmuasiga o‘tgan yilning 11-noyabr kuni davlat rahbari tomonidan tamal toshi qo‘yilgan edi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ayni paytda o‘yingoh qurilishi jadal davom etmoqda. Jumladan, yerni tekislash ishlari to‘liq yakunlangan. Poydevor quyish ishlari to‘qson besh foizga bajarilgan. Qurilish joyiga metall-konstruksiya materiallari bosqichma-bosqich keltirilmoqda.

O‘tgan yilning 2-oktabr kuni FIFA Kengashi yig‘ilishida futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 2027-yildagi jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Ushbu jahon chempionati doirasidagi o‘yinlar ikki mamlakatdagi 3 tadan stadionda o‘tkaziladi. Jahon chempionatlarining final va yarim final o‘yinlari sig‘imi 50 mingdan ko‘p bo‘lgan stadionda o‘tkazilishi FIFA talablaridan biri hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, mamlakat futboli uchun muhim loyiha – Yangi Toshkent stadioni shu maqsadda qurilmoqda.

«Qiymati 100 million dollarlik ushbu o‘yingoh qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatning yangi imkoniyatlar va ilg‘or g‘oyalar markaziga aylanadi. Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha talablariga mos ravishda barpo etilmoqda. Majmua Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri bo‘ladi», - deyiladi xabarda.

Mazkur inshoot nafaqat 2027-yilgi 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun, balki butun o‘zbek futboli va yoshlar sportining kelgusi rivoji uchun xizmat qiladi. Davlat rahbariga qurilish jarayoni haqda batafsil ma’lumot berildi.

55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan Yangi Toshkent stadioni 6 qavatli bo‘ladi, unda nafaqat sportchilar, balki tashrif buyuruvchilar va matbuot xodimlari uchun ham keng qulayliklar yaratiladi. Tomoshabinlar stadionga tez fursatda kirib-chiqishlari uchun o‘ndan ortiq eskalator o‘rnatiladi. Hududda yana qo‘shimcha 3 ta mashg‘ulot maydoni bo‘ladi. Stadion yaqinida metro bekati barpo etiladi. 5 ming 500 o‘rinli avtoturargoh quriladi.

«Prezidentimiz bunday katta sig‘imli yopiq stadion mamlakatimizda ilk bor bunyod etilayotgani uchun har bir jihatga ahamiyat berish zarurligini ta’kidladi. Stadion atrofini obodonlashtirish ishlarini hozirdan rejalashtirib, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi zarurligi qayd etildi», - deyiladi xabarda.

Теглар

Мавзуга оид