1972 yildan buyon o‘tgan 54 yil ichida insoniyat ilk bor yana Oy sari parvoz qildi.

Бугун 17:373 дақиқа

Xo‘sh, bu parvozdan ko‘zlangan maqsadlar nima? Shu haqida gaplashamiz.



2-aprel kuni Floridadagi Kanaveral burnidan Amerikaning to‘rt nafar astronavti bo‘lgan «Orion» kosmik kemasi «Artemis-2» missiyasi doirasida Oy tomon muvaffaqiyatli start oldi.

Kosmik kema bortidan to‘rt astronavt — Rid Uaysmen, Viktor Glover, Kristina Kuk va Jeremi Hansen o‘rin olgan.

Bu Oy tomonga amalga oshirilgan ilk boshqariladigan parvozning translyatsiyasi NASA’ning «YouTube» kanalida jonli namoyish etildi.

Kelajakda sayyoramizning tabiiy yo‘ldoshga qo‘nish bilan bog‘liq yangi boshqariladigan parvozlar rejalashtirilgan.

1962 yildan 1972 yilgacha «Apollon» kosmik kemasi missiyalari davomida 6-marta Oy sirtiga muvaffaqiyatli qo‘nishlar amalga oshirilgan. Jami 12 nafar astronavt Oy sirtida bo‘lib qaytgan.

Bu safargi missiya Oyga qo‘nishni nazarda tutmaydi. Uning doirasida kema Oy atrofida bir marta aylanib chiqadi va Oy yuzasidan 7,5 ming km masofada uchib o‘tadi. Butun parvoz taxminan 10 kun davom etadi. Asosiy vazifa — uzoq kosmos sharoitida «Orion» tizimlarini tekshirishdan iborat.

Insoniyat 1972 yildan beri «Apollon» dasturi doirasidagi so‘nggi qo‘nishdan buyon Oyga parvoz qilmayotgan edi. Yer yo‘ldoshiga parvozlar to‘xtatilishining asosiy sababi sifatida o‘shanda bu urinishlarning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emasligi ko‘rsatilgan.

Bungacha AQSH, 1961 yilda koinotga birinchi bo‘lib insonni yuborgan SSSR bilan kosmik poyga doirasidagi mafkuraviy qarashlardan kelib chiqib, «Apollon» dasturiga ulkan mablag‘lar yo‘naltirgan edi.

Oy — logistika habi

Yerdan koinotga parvozlarni amalga oshirish juda qimmatga tushadi, chunki Ona sayyoramiz katta massaga va kuchli tortishish kuchiga ega. Raketa Yerdan uzilib, orbitaga uchib chiqishi uchun uning taxminan tarkibi 90–95 foiz yoqilg‘idan iborat bo‘ladi, foydali yuk hissasiga esa atigi 5–10 foiz to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, kosmik kema zich atmosfera qarshiligini yengib o‘tishiga to‘g‘ri keladi.

Oydagi gravitatsiya Yerdagiga qaraganda olti baravar kuchsizroq. Amaliyotda bu yoqilg‘i sarfining kamayishi hisobiga kosmik parvozlar xarajatlarini qisqartirishni anglatadi. Oy atmosferasi Yernikidan 10 trillion baravar siyrakroq bo‘lib, bu texnik jihatdan parvozlarni osonlashtiradi.

Asosiy qiyinchilik — Yerdan yetkazib berish maqsadga muvofiq bo‘lmagan raketa yoqilg‘isini olishdir.

Oy qutblardagi doim soyada bo‘lgan kraterlarda katta miqdordagi suv muzlari zaxiralari aniqlangan. Suvdan elektroliz usuli bilan nafaqat nafas olish uchun kislorod, balki kosmik kemalarni to‘ldirish uchun vodorod ham olish mumkin. Agar yoqilg‘i qazib olish ishlari joyida yo‘lga qo‘yilsa, kuchsiz gravitatsiya tufayli Oydan boshqa joylarga uchishni yanada ixcham apparatlarda amalga oshirish imkoni tug‘iladi.

Natijada, Oy o‘ziga xos kosmik yoqilg‘i quyish shoxobchasi va uzoq kosmosni o‘rganish, jumladan, Marsga va Quyosh tizimining boshqa sayyoralariga parvoz qilish uchun tramplinga aylanishi mumkin.

Boshqa sabablar

Astronomiya uchun ideal joy: Oyning orqa tomoni — Yerning radioshovqinlaridan himoyalangan yagona joy. U yerda o‘ta sezgir radioteleskoplarni joylashtirish Koinotning Yerdan va hatto «Jeyms Uebb» kosmik teleskopidan kuzatish imkoni bo‘lmagan uzoq hududlarini o‘rganish imkonini beradi.

Mars oldidagi mashg‘ulot poligoni: Marsga parvoz 7–9 oy davom etadi, Oy esa atigi uch kunlik parvoz masofasida joylashgan.

Oy bazasi: Uning yaratilishi Xalqaro kosmik stansiyadan 2–2,5 baravar qimmatroqqa tushishi mumkin. Bazani kosmik radiatsiyadan himoya qiluvchi tabiiy g‘orlarda joylashtirish mumkin.

Yer tarixini o‘rganish: Keng tarqalgan farazlarga ko‘ra, Oy Yerning Mars kattaligidagi sayyora bilan to‘qnashuvi natijasida hosil bo‘lgan, biroq bu nazariya shubha ostiga olinmoqda. Oy yuzasini o‘rganish Yerning o‘tmishini yaxshiroq tushunishga yordam berishi mumkin.

Foydali qazilmalar: Oyda termoyadroviy sintez uchun potensial yoqilg‘i bo‘lgan geliy-3, shuningdek, turli metallar, jumladan, titan bo‘lishi mumkin. Biroq hozirgi vaqtda ularni qazib olish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas va kelajak uchun zaxira sifatida ko‘rilmoqda.

Ayni paytda «Artemis-2» kosmik kemasi Oy orbitasini aylnib o‘tib, uning orqa tomonini suratga olib, Yer tomon qaytmoqda.

Kelgusi «Artemis-3» missiyasi 2028 yilga mo‘ljallangan va unda astronavtlarning Oy sirtiga tushishi mo‘ljallanmoqda.

Теглар

Шуҳрат Шокиржонов

Шуҳрат ШокиржоновМақолалар сони: 168

Барчаси

Мавзуга оид