60 kunlik muddat tugamoqda: Tramp 1-maydan keyin ham urushni davom ettiradimi?

Бугун 20:256 дақиқа

1973 yildagi «Harbiy vakolatlar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, Tramp 60 kundan keyin urushni davom ettirish uchun Kongress roziligini olishi shart.

60 kunlik muddat tugamoqda: Tramp 1-maydan keyin ham urushni davom ettiradimi? © Reuters

22-aprel kuni Donald Tramp Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirishini e’lon qilar ekan, muzokaralarni qayta boshlash muddatiga aniqlik kiritmadi. U shunchaki AQSHning Tehronga nisbatan bir haftadan beri davom etayotgan qamali davom etishini va Eronning navbatdagi muzokaralar bo‘yicha «taklifini» kutishini bildirdi.

Ammo uning xavotir olishiga arziydigan yana bir muddat bor — bu o‘z mamlakatida, AQSH Kongressida kutmoqda.

«Harbiy vakolatlar to‘g‘risida»gi rezolyutsiyaga ko‘ra, Tramp 1-maygacha Kongress roziligini olishi kerak. Ushbu hujjatda belgilanishicha, agar harbiy harakatlarni davom ettirish uchun maxsus ruxsatnoma berilmasa, prezident 60 kundan keyin qo‘shinlarning joylashtirilishini cheklashi shart.

Bunday ruxsatni berish uchun Vakillar palatasi ham, Senat ham 60 kunlik muddat ichida ko‘pchilikning ovozi bilan qo‘shma rezolyutsiyani qabul qilishi lozim. Hozircha bu sodir bo‘lgani yo‘q.

Shunga qaramay, Trampdan oldingi prezidentlar harbiy operatsiyalarni amalga oshirishda boshqa vakolat manbalariga tayanib, ushbu qonunni chetlab o‘tgan.

«Harbiy vakolatlar to‘g‘risida»gi qonun

1973 yilda qabul qilingan ushbu federal qonun AQSH prezidentining mamlakatni xorijdagi qurolli mojarolarga jalb qilish vakolatlarini cheklash maqsadida ishlab chiqilgan.

Rezolyutsiyaga muvofiq, prezident harbiy harakatlar boshlanganidan keyin 48 soat ichida Kongressni xabardor qilishi kerak. Agar Kongress muddatni bir martalik 30 kunga uzaytirmasa yoki uzoqroq muddatga ruxsat bermasa, prezident qo‘shinlarni faqat 60 kun davomida ushlab turishi mumkin.

Kolorado huquq maktabi professori Maryam Jamshidiyning tushuntirishicha, 60 kunlik muddatni yana 30 kunga uzaytirish uchun prezident Kongressga qurolli kuchlardan foydalanish «muqarrar harbiy zarurat» ekani haqida yozma ravishda kafolat berishi shart.

«Ushbu 90 kunlik muddat tugaganidan keyin, agar Kongress urush e’lon qilmasa yoki harbiy harakatlarni davom ettirishga boshqacha tarzda ruxsat bermasa, prezidentdan AQSH Qurolli Kuchlarini olib chiqib ketish talab etiladi. Kongressda prezidentni ushbu talabga bo‘ysunishga majbur qiladigan aniq huquqiy mexanizm yo‘q. Qolaversa, avvalgi prezidentlar ushbu rezolyutsiyaning bu qismini konstitutsiyaga zid deb topib, unga amal qilishdan bosh tortishgan», — dedi u.

Tramp Kongressdan urush uchun ruxsat ololadimi?

Hozirgi vaziyatda, palatadagi demokratlar va respublikachilar o‘rtasidagi chuqur ixtiloflar sababli Kongressning Eronga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirishga ruxsat berishi dargumon bo‘lib turibdi.

15-aprel kuni AQSH Senatida «Harbiy vakolatlar to‘g‘risida»gi rezolyutsiya orqali Trampning harbiy operatsiyalar o‘tkazish vakolatlarini cheklash bo‘yicha ikki partiya vakillarining to‘rtinchi urinishi 52 ga 47 ovoz bilan rad etildi. Bunda qonunchilar asosan o‘z partiyalari pozitsiyasiga sodiq qolgan holda ovoz berdi.

«Senatdagi respublikachilar rahbariyati har hafta milliardlab dollar mablag‘ sarflanayotgan urush ustidan nazorat o‘rnatishdan bosh tortayotgani naqadar g‘ayritabiiy holat ekanini ta’kidlab o‘tishimiz lozim», — dedi demokrat senator Kris Myorfi.

Kongressdagi respublikachilar qonunda belgilangan 60 kunlik muddat davomida prezidentning harakatlariga aralashishdan tiyilgan bo‘lsa-da, ularning ko‘pchiligi bu muddatdan keyin albatta Kongressning ma’qullovi talab etilishini ta’kidlamoqda.

«Men prezidentning amerikaliklar hayoti va manfaatlarini himoya qilish borasidagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlayman. Biroq Kongress roziligisiz harbiy harakatlarning 60 kunlik muddatdan ortiq davom ettirilishiga rozi bo‘lmayman. Men ikki sababga ko‘ra — biri tarixiy, ikkinchisi esa konstitutsiyaviy asosga tayanib, bu pozitsiyada turibman» — dedi respublikachi senator Jon Kertis.

Trampning Erondagi harakatlarini shu kungacha izchil qo‘llab kelayotgan ba’zi respublikachilar ham urushning cho‘zilib ketishi ehtimolidan xavotirga tushmoqda. Bu esa Kongress tomonidan umumiy rozilik berilishi imkoniyatini cheklaydi. Ular shu vaqtgacha prezidentning harbiy harakatlar to‘g‘risida buyruq berish vakolatlarini cheklashga bo‘lgan urinishlarni to‘sib kelishgan bo‘lsa-da, ayrimlari agar urush 60 kundan ko‘proqqa cho‘zilish xavfini tug‘dirsa, o‘z pozitsiyalarini o‘zgartirishi mumkinligini bildirgan.

Harbiy harakatlar to‘xtadimi?

AQSH ma’muriyati va uning Erondagi raqiblari 8-aprel kuni ikki haftalik sulh e’lon qilgan, shu haftaning seshanba kuni esa Tramp uni bir tomonlama uzaytirishini bildirgan bo‘lsa-da, parallel ravishda harbiy bosim, asosan dengizda, davom etmoqda.

Dushanba kuni AQSH kuchlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi Arab dengizi shimolida Eronning Bandar-Abbos porti tomon suzib ketayotgan Eron bayrog‘i ostidagi «Touska» konteyner kemasiga o‘t ochib, uni qo‘lga oldi. Trampning ta’kidlashicha, kema AQSHning bo‘g‘oz orqali rejalashtirilgan o‘tish yo‘nalishini o‘zgartirish haqidagi buyrug‘iga bo‘ysunmagan. Bu amaliyot Vashington 13-aprel kuni Eronning barcha portlariga nisbatan dengiz qamalini joriy etganidan keyin yuz berdi.

Eron ikki kundan keyin Ho‘rmuz bo‘g‘ozida ikkita xorijiy savdo kemasini qo‘lga olib, ularni o‘z qirg‘oqlariga olib o‘tish bilan javob qaytardi. «Reuters» axborot agentligi xabar berishicha, AQSH harbiylari Osiyo suvlarida Eron bayrog‘i ostidagi kamida uchta tankerni to‘xtatib, ularni Hindiston, Malayziya va Shri-Lanka yaqinidagi yo‘nalishlaridan boshqa tomonga burib yuborgan.

Tramp urushni davom ettiradimi?

AQSHning Bransvik shahridagi Boudoin kolleji tarix professori Salar Mohendesining fikricha, bu urush Tramp uchun «dahshatli» bo‘ldi. Ijtimoiy so‘rovnomalar AQSH jamoatchiligi bu urushga izchil ravishda qarshi ekanini ko‘rsatmoqda, biroq prezident uni qandaydir ko‘rinishda davom ettirish ehtimoli yuqori.

«Uning butun siyosiy qiyofasi g‘alabaga asoslangan. U Amerika xalqiga Eron bilan yaxshiroq kelishuvga erishishini aytgan, urushga aralashmaslikka va’da bergan edi. Endi esa uning qiyin ahvolda qolgan partiyasi tarixdagi eng ommabop bo‘lmagan urush fonida oraliq saylovlarga yaqinlashmoqda», — dedi Mohendesi «Al-Jazira» telekanaliga.

«Tramp hali ham urushdan chekinib, «qon to‘kilishini to‘xtatishi» mumkin, ammo bu mag‘lubiyatni tan olishni anglatadi. U tavakkalchi, shuning uchun kelgusida qandaydir g‘alabaga erishish umidida keskinlikni yanada oshirishi ehtimoldan xoli emas».

Shu yerda bir savol o‘rtaga chiqadi: u urushni qaysi shaklda davom ettiradi va agar zarurat tug‘ilsa, AQSH Kongressini qanday qilib aylanib o‘tishga urinadi?

Tramp Kongress roziligini aylanib o‘tishning yo‘llarini topa oladimi?

Harbiy kuch ishlatishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qonun (AUMF) prezidentga muayyan maqsadlar yo‘lida kuch ishlatish vakolatini berishi sababli, harbiy amaliyotlarni davom ettirish uchun yana bir potensial huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Ushbu hujjat ilk bor 2001 yil 11 sentabr hujumlaridan keyin AQSHga «terrorizmga qarshi urush» olib borish imkonini berish uchun qabul qilingan edi. Keyinchalik, 2002 yilda Saddam Husaynni hokimiyatdan chetlatish va 2003 yilda Iroqqa bostirib kirishga ruxsat berish uchun qayta tasdiqlandi. Keyingi ma’muriyatlar ushbu vakolatlardan keng ko‘lamli harbiy harakatlarni oqlash uchun foydalanib keldi.

Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddatida aynan 2002 yilgi AUMF ga tayanib, 2020 yilda Bag‘dodda eronlik general Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishga buyruq bergan edi.

Kongressning 2015 yilgi hisobotida qayd etilishicha, sobiq prezident Barak Obama 2001 yilgi AUMF ga nafaqat Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarni davom ettirish, balki «ISHIDga qarshi yangi kampaniya boshlash» uchun ham tayangan. Obama ma’muriyati 2014 yilda AQSH kuchlari Suriyaga ilk bor joylashtirilganda, ISHIDga qarshi harbiy harakatlar aynan shu vakolat doirasiga kirishini ta’kidlagan.

AQSH prezidentlari yana qanday yo‘llar bilan Kongressni aylanib o‘tgan?

Amaliyotda, 1973 yildan buyon prezidentlar turli huquqiy vajlar va vakolat da’volariga tayanib, asr boshida AUMF kuchga kirguniga qadar ham Kongressning aniq roziligisiz tez-tez harbiy amaliyotlar o‘tkazib kelgan.

Masalan, sobiq prezident Bill Klinton 90-yillardagi sakkiz yillik boshqaruvi davrida Iroq va Somali kabi mamlakatlarda bir nechta harbiy operatsiyalarga ruxsat bergan. 1999 yilning martida Klinton Kongress roziligini olmasdan, kosovalik albanlarning etnik tozalanishi munosabati bilan sobiq Yugoslaviyaga qarshi AQSH kuchlarini yuborgan. Sobiq kongressmen Tom Kempbell va yana 17 kishi ma’muriyat ustidan sudga da’vo kiritib, Klinton «Harbiy vakolatlar to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq Kongress ruxsatisiz urushni davom ettira olmasligini da’vo qilgan, biroq bu urinish samara bermagan. Yugoslaviyadagi harbiy kampaniya 79 kun davom etgan.

Теглар

Мавзуга оид