Logo

AirPods 5 arzonlashib, Apple Watch Series 12'ga sun’iy intellekt qo‘shildi. Asosiy o‘zgarishlar qanday?

Кеча 23:442 дақиқа

Apple yangi quloqchin va aqlli soatlarini taqdim etdi. AirPods 5’da shovqinni faol bostirish tizimi takomillashtirilgan bo‘lsa, Watch Series 12 atrofdagi tovushlarni tahlil qilish va suhbatlarni qisqacha mazmunda qayd etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

AirPods 5 arzonlashib, Apple Watch Series 12'ga sun’iy intellekt qo‘shildi. Asosiy o‘zgarishlar qanday?

Apple kompaniyasi yangi AirPods 5 quloqchinlari va Watch Series 12 aqlli soatlarini taqdim etdi. Yangi qurilmalarda ovoz, sog‘liq va sun’iy intellekt bilan bog‘liq bir qator funksiyalar yangilangan.

AirPods 5’da shovqinni bostirish kuchaytirildi

Screenshot_1

AirPods 5’da shovqinni faol bostirish (ANC) funksiyasi takomillashtirilgan va endi u bazaviy versiyada ham mavjud. Kompaniya yangi tizim avvalgi avlodga nisbatan 50 foizga samaraliroq ishlashini ma’lum qildi.

Quloqchinlarning ovoz sifati ham yaxshilangan. Ular adaptiv ekvalayzer bilan jihozlangan bo‘lib, ovoz sozlamalarini atrof-muhitga moslashtiradi.

AirPods 5 chang va namlikdan IP57 standarti bo‘yicha himoyalangan. Shovqinni faol bostirish funksiyasi yoqilgan holatda quloqchinlar bir marta quvvatlanganda 5 soatgacha ishlashi mumkin.

Yangi seriyada ikkita versiya taqdim etilgan. Yuqori versiya bosishga sezgir sensorli oyoqchalar va simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydigan g‘ilof bilan farq qiladi. Bazaviy modelning g‘ilofi esa sim orqali quvvatlanadi.

Apple AirPods 5 narxini oshirmadi. Aksincha, ayrim versiyalar avvalgi modellarga nisbatan arzonlashtirildi. Shovqinni faol bostirish funksiyasiga ega versiya $130, simsiz quvvatlash imkoniyatiga ega g‘ilof bilan ta’minlangan model esa $150 turadi.

Apple Watch’da AI funksiyalari kengaytirildi

2

Apple Watch Series 12’da asosiy e’tibor sog‘liq va fitnes funksiyalari hamda sun’iy intellekt imkoniyatlariga qaratilgan.

Kompaniya Apple Watch va iPhone’dagi Health ilovasini qayta ishlab chiqdi. Undagi ma’lumotlarni ko‘rsatish tartibi o‘zgartirilib, foydalanuvchilarga shaxsiy tavsiyalar berish imkoniyati qo‘shilgan. Shuningdek, organizmning biologik yoshini ko‘rsatadigan funksiya ham paydo bo‘lgan.

Watch Series 12’ning asosiy yangiliklaridan biri Audio Intelligence tizimi bo‘ldi. U soat mikrofonlari orqali atrofdagi tovushlarni tahlil qiladi.

Soat suhbatlarni matnga aylantira oladi

3

Maxsus tugma bosilganda qurilma atrofda sodir bo‘lgan so‘nggi 15 soniyadagi ovozlarni matn ko‘rinishida ekranga chiqarishi mumkin.

Uzoq suhbatlar uchun esa Siri Recap funksiyasi qo‘llaniladi. U suhbat mazmunini qisqacha umumlashtirib, natijani iPhone’dagi Notes ilovasiga saqlaydi.

Mazkur funksiyalarni ishlatish uchun Watch Series 12 yangi S11 chipi bilan jihozlangan. Chip atrofdagi ovozlarni doimiy ravishda qayta ishlash imkonini beradi.

Soatning tashqi himoyasi ham yangilangan. Qurilmada Ceramic Shield 2 qoplamasidan foydalanilgan. Watch Series 12 po‘lat va keramik korpus variantlarida ishlab chiqariladi.

Теглар

Мавзуга оид

AirPods 5 arzonlashib, Apple Watch Series 12'ga sun’iy intellekt qo‘shildi. Asosiy o‘zgarishlar qanday? | Vaqt.uz