Aleksey Navalniyning o‘limiga sabab bo‘lgani aytilayotgan «zaharli qurbaqa» toksini nima?
G‘arb davlatlari Rossiyani Navalniyni zaharli qurbaqa neyrotoksini bilan o‘ldirishda aybladi. «Epibatidin» — Rossiyada uchramaydigan, ammo laboratoriyada sintez qilish mumkin bo‘lgan o‘ta xavfli modda.

Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Shvetsiya va Niderlandiya Rossiyani Navalniyni zaharlashda ayblamoqda. Ularning ta’kidlashicha, bu ikki yil avval uning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Yevropaning besh davlati — Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Shvetsiya va Niderlandiya — Rossiyani Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyni o‘ldirishda zaharli qurbaqa toksinidan foydalanganlikda aybladi.
Yevropa ittifoqchilari 14-fevral kuni Navalniy ikki yil avval Arktikadagi qamoqxona koloniyasida saqlanayotgan paytda zaharlanganini ma’lum qildi. Moskva esa bu da’voni «propaganda» deb atab, rad etdi.
Navalniy 2024 yil fevral oyida Arktikadagi qamoqxonada 47 yoshida vafot etgan edi. U ekstremizm va boshqa ayblovlar bilan sudlangan bo‘lib, o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblarni rad etib kelgan. Rossiya rasmiylari siyosatchining sayrdan qaytgach tobi qochganini va tabiiy sabablar tufayli vafot etganini ma’lum qilgan edi.


Yevropa davlatlari Navalniyning zaharlanishi haqida nima dedi?
Besh davlatning qo‘shma bayonotida Navalniyning jasadidan olingan namunalar tahlili unda «epibatidin» moddasi borligini «uzil-kesil» tasdiqlagani ma’lum qilindi. Bu zahar Janubiy Amerikadagi zaharli o‘q qurbaqalarida uchraydi va Rossiyada tabiiy ravishda mavjud emas.
Buyuk Britaniya ushbu zaharlanish holati «xavotirli xatti-harakatlar tizimini» namoyish etganini ta’kidladi.
Rasman London 2018 yilda Buyuk Britaniyada rossiyalik ikki tomonlama agent Sergey Skripalning zaharlanishi bo‘yicha ochiq surishtiruv o‘tkazgan edi. O‘tgan yili chiqarilgan xulosaga ko‘ra, «Novichok» nervni falajlovchi moddasi bilan qilingan hujumga Rossiya prezidenti Vladimir Putin buyruq bergan bo‘lishi kerak, deyilgan.
«Rossiya Navalniyning tabiiy sabablar tufayli o‘lganini da’vo qilgandi. Ammo epibatidinning zaharlilik darajasi va qayd etilgan alomatlarni hisobga olsak, uning o‘limiga zaharlanish sabab bo‘lishi ehtimoli juda yuqori», — deyiladi qo‘shma bayonotda.
Qo‘shimcha qilinishicha, so‘nggi dalillar Rossiyani «Kimyoviy qurollar to‘g‘risidagi konvensiyani va Biologik va toksik qurollar to‘g‘risidagi konvensiyani takroran buzgani» uchun javobgarlikka tortish zarurligini ko‘rsatadi.
Yevropa davlatlari Navalniyning jasadidan namunalarni qanday qo‘lga kiritgani noma’lum.
Zaharli o‘q qurbaqalari
Bayonotda aytilishicha, Navalniyning jasadidan olingan namunalar tahlili epibatidin mavjudligini tasdiqlagan.
«Epibatidin» — Janubiy Amerikadagi yovvoyi tabiatda yashovchi «dart» ya’ni o‘q qurbaqalari ajratib chiqaradigan neyrotoksindir.
Bu kichik va yorqin rangli qurbaqalar odatda tropik o‘rmonlarda uchraydi. Uni laboratoriyada ham ishlab chiqarish mumkin va Yevropa olimlari Navalniyga nisbatan qo‘llanilgan modda aynan shunday yo‘l bilan olingan deb gumon qilmoqda. U organizmga nervni falajlovchi moddalar kabi ta’sir qiladi: nafas qisishi, tirishish, tutqanoq, yurak urishining sekinlashishi va yakunda o‘limga olib keladi.


Rossiyaning javobi
Navalniyning o‘limi uchun har qanday javobgarlikni bir necha bor rad etib kelgan Rossiya hukumati so‘nggi ayblovlarni «G‘arbning targ‘ibot uydirmasi» deb atadi. TASS davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, Rossiyaning Londondagi elchixonasi: «Qurbaqa haqidagi bu safsataga qanday odam ishonishi mumkinligini so‘rash kerak», — deya munosabat bildirgan.
«Qachonki tahlil natijalari taqdim etilsa va moddalarning formulalari oshkor qilinsa, biz shunga yarasha izoh beramiz. Ungacha esa barcha bunday da’volar — G‘arbning o‘zidagi dolzarb muammolardan e’tiborni chalg‘itishga qaratilgan shunchaki propagandadir», — dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova.
U Navalniyni «Rossiyada rasman terrorchi va ekstremist deb topilgan bloger» sifatida ta’riflagan.


Aleksey Navalniy kim edi va qachon vafot etdi?
Navalniy Rossiya muxolifati yetakchisi edi.
2008 yilda u o‘z bloglari va postlari orqali «Gazprom» gaz giganti va «Rosneft» neft giganti kabi davlat korporatsiyalaridagi korrupsiyani fosh etish orqali tanilgan.
Ikki yil o‘tgach, u yuristlar jamoasi tomonidan boshqariladigan «RosPil» korrupsiyaga qarshi loyihasiga asos soldi. Loyiha davlat idoralari va kompaniyalarining xarajatlarini tahlil qilib, qonunbuzarliklarni fosh etar va ular ustidan sudga shikoyat qilardi. 2011 yilda u Korrupsiyaga qarshi kurashish fondini (FBK) tashkil etdi. Bu uning jamoasi uchun Rossiyaning yuqori siyosiy doiralaridagi taxminiy korrupsiyani fosh etishdagi asosiy platformaga aylandi.
Navalniy 2020 yilda ham asab tizimini falajlovchi modda bilan zaharlangan. U ushbu hujumda Kremlni ayblagan, Kreml esa doim buni rad etib kelgan. Uning oilasi va safdoshlari davolanish va tiklanish uchun uni Germaniyaga olib ketishga erishgan.
Besh oy o‘tgach, u Rossiyaga qaytdi va darhol hibsga olinib, umrining so‘nggi uch yilini qamoqda o‘tkazdi. U 2024 yil 16-fevralda vafot etdi.
Uning o‘limi 2024 yilgi Myunxen xavfsizlik konferensiyasi ochilishidan bir necha daqiqa oldin e’lon qilindi. Bunga javoban konferensiya tashkilotchilari kun tartibiga kamdan-kam uchraydigan o‘zgartirish kiritib, uning bevasi Yuliya Navalnayaga so‘z berdi. U Putinni javobgarlikka tortishga chaqirdi.
«Men birinchi kunidanoq erim zaharlanganiga amin edim, endi dalil ham bor... Men Yevropa davlatlariga ikki yil davomida olib borgan sinchkov ishlari va haqiqatni yuzaga chiqarganlari uchun minnatdorman», — dedi u 14-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda. U bu yilgi Myunxen konferensiyasida ham ishtirok etgan.
Navalniy 1976 yilda Moskva viloyatining g‘arbiy qismida tug‘ilgan. U Rossiya xalqlar do‘stligi universitetini tamomlagan va huquqshunoslik bo‘yicha tahsil olgan. Shuningdek, 2001 yilda advokat bo‘lib ishlab yurgan paytida iqtisodiyot bo‘yicha ham diplom olgan.





