Logo

«Anorbank» aksiyadori ham Interpol qidiruviga berildi

Бугун 13:107 дақиқа

Oldinroq Fransiyada o‘g‘irlangani aytilgan Qahramonjon Olimovning o‘zi odam o‘g‘irlash ishida ayblanayotgani haqida ma’lumot tarqalib, u sirtdan hibsga olingandi. Ammo qidiruv xabarnomasida uning O‘zbekiston so‘roviga binoan qidiruvga berilgan-berilmagani haqida ma’lumot aks etmagan.

«Anorbank» aksiyadori ham Interpol qidiruviga berildi © Kollaj: Vaqt.uz

O‘zbekistonlik moliyachi va «Anorbank»ning asosiy aksiyadorlaridan biri Qahramonjon Olimov Interpol qidiruviga berildi. Uning Interpol saytida «qizil xabarnoma» (red notice) kartochkasi e’lon qilindi.

photo_2026-09-24_13-01-29

Foto: Skrinshot Interpol saytidan


«Interpol’ning qizil xabarnomasi» (red notice) — shaxsni xalqaro qidirish va hibsga olish bo‘yicha xalqaro so‘rovdir. Bunda davlat boshqa mamlakatlardan ushbu shaxsni topish va vaqtincha hibsga olishni so‘raydi. Shundan so‘ng uni ekstraditsiya qilish (topshirish) masalasi hal etiladi.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Qahramonjon Olimov 1977-yil 7-mayda Andijon viloyatida tug‘ilgan. U o‘zbek, rus va ingliz tillarini biladi.

Interpol sahifasida Olimovning O‘zbekiston so‘roviga binoan qidiruvga berilgan-berilmagani haqida ma’lumot aks etmagan. Shuningdek, uning aynan qaysi jinoyat bo‘yicha izlanayotgani ham qayd etilmagan.

Odam o‘g‘irlash ishi

Olimov 2025-yilning yozida Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani va qiynoqqa solingani da’vo qilingan edi. Biroq endilikda uning o‘zi mazkur odam o‘g‘irlash jinoyatini tashkil etganlikda ayblanmoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Olimov O‘zbekistonda sirtdan hibsga olingan va unga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilingan.

Bu haqda nashrga Olimovga yaqin manba xabar bergan.

«The Insider»ning ta’kidlashicha, mazkur ish yuzasidan rasmiy ma’lumotlar hozircha ochiqlanmagan. Nashr manbasiga ko‘ra, Olimov Fransiyadagi o‘g‘irlanish holatini o‘zi sahnalashtirgan bo‘lishi mumkin. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa — jinoyat tashkilotchisi sifatida o‘zining sobiq ish beruvchisi hamda iqtisodiy nizolardagi raqibi Botir Rahimovni ko‘rsatish bo‘lgan.

Olimov va Rahimov o‘rtasidagi kelishmovchilik biznes aktivlari ustida kelib chiqqan. «The Insider» nashrining yozishicha, Rahimov sobiq xodimidan 200 million dollardan ortiq kompensatsiya talab qilib, uni o‘ziga tegishli biznes aktivlarini o‘zlashtirib yuborganlikda ayblagan.

Parijdagi o‘g‘irlik

Olimov 2025-yilning yozida Parij markazida o‘g‘irlab ketilganini bildirgan edi. Uning da’vo qilishicha, jinoyatchilar uni dastlab noma’lum manzilga, keyinchalik Nitssa shahri yaqinidagi villaga olib borgan. U yerda uni kaltaklashgani, turli qiynoqlarga solishgani va 10 million dollar talab qilishganini aytgan.

Olimovning so‘zlariga ko‘ra, u 5 million dollarlik tilxatni imzolab, 200 ming dollar to‘lashga rozilik bergach, ozod qilingan. Shundan so‘ng u Parijga qaytib, politsiyaga ariza bilan murojaat qilgan.

Biroq 2025 yilning noyabr oyida «The Insider» hamda Fransiyaning «L’Express» nashrlari tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma surishtiruv davomida Olimovning vajlariga zid keluvchi qator shubhali holatlar aniqlangan.

Jumladan, Olimov tutqunlikda saqlanganini aytgan villa aslida uning yaqin hamkorining hujjatlaridan foydalanilgan holda, vositachi orqali ijaraga olingani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, Olimov ozod qilingach, Parijga qaytishi uchun sotib olingan birinchi klass avichipta puli aynan u odam o‘g‘irlashda ayblagan shaxs — M. ning haydovchisi tomonidan to‘langani aytilmoqda.

Eng e’tiborli jihatlardan biri shundaki, Olimov politsiyaga murojaat qilganidan keyin ham gumondor M. bilan do‘stona yozishishni davom ettirgan. M. politsiya bu voqea sahnalashtirilganini fahmlagani yoki yo‘qligini so‘ragan, ammo Olimov bu savolni javobsiz qoldirgan.

«The Insider» nashrining yozishicha, bir necha kun o‘tgach, Olimov M. ga ular o‘rtasida hech qanday adovat yo‘qligini bildirib, uning hibsga olinmaganidan xursand ekanini yozgan.

Olimovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayoni esa da’vo qilingan qiynoqlardan sakkiz kun o‘tib amalga oshirilgan. Ko‘rik xulosasida unda faqat kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan yengil ko‘karish va tirnalishlar borligi qayd etilgan.

Rahimov bilan nizo qayerdan kelib chiqqan?

«The Insider» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Olimov va uning sobiq ish beruvchisi Botir Rahimov o‘rtasida bir necha yildan buyon davom etib kelayotgan moliyaviy mojaro mavjud bo‘lgan.

Rahimov 2016-yilda O‘zbekistondan Turkiyaga ketganidan so‘ng uning biznesining katta qismi Olimov boshqaruviga o‘tgan. Keyinchalik Rahimov bu kelishuvni o‘zi uchun juda noqulay deb topgan. O‘zbekistonga qaytgach esa kelishuv shartlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan va Olimovdan 200 million dollardan ortiq mablag‘ talab qilgan.

«The Insider»ning qayd etishicha, aynan mana shu yirik moliyaviy nizolar fonida 2025-yilning yozida Olimovning o‘g‘irlab ketilgani bilan bog‘liq shubhali hikoya paydo bo‘lgan.

Ishning bir uchi elektr stansiyasi loyihasiga ham borib taqaladi

«The Insider» nashri o‘z surishtiruvida Olimov bilan bog‘liq yana bir yirik loyiha — Surxondaryo viloyatidagi bug‘-gaz elektr stansiyasi haqida ham to‘xtalib o‘tgan.

Qiymati qariyb 1,2 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyiha dastlab Niderlandiyaning «Stone City Energy B.V.» kompaniyasi orqali amalga oshirilgan bo‘lib, uning 2019-yilda ta’sis etilganidan to 2024-yil martigacha yagona yakuniy benefitsiari Olimov bo‘lgan.

Keyinchalik o‘tkazilgan qayta tuzish jarayonidan so‘ng ham, uning loyihadagi iqtisodiy ulushi «QuWatt B.V.» orqali saqlanib qolgan.

Bugungi kunda ham «QuWatt B.V.» to‘liq Olimovning nazorati ostida faoliyat yuritadi va u «SCE-Quvvat LLC» loyiha kompaniyasi ta’sischilari qatoriga kiradi. Ushbu loyihada uning sheriklari sifatida «EDF», «Siemens Energy» hamda Qatarning «Nebras Power» kabi yirik xalqaro kompaniyalari qatnashmoqda.

Prezident loyihani tanqid qilgan

2026-yil 27-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryodagi elektr stansiyasi loyihasining amalga oshirilishini tanqid qilgan.

Prezident stansiya uchun joy noto‘g‘ri tanlangani, shu sababli unga gaz olib borishning o‘zi qo‘shimcha 300 million dollar xarajat talab qilishi mumkinligini aytgan. U, shuningdek, investor bilan kelishuv shartlari yetarlicha sinchiklab o‘rganilmaganini bildirgan.

«Xuddi shu yig‘ilishda Mirziyoyev sohadagi jiddiy kamchiliklar sababli energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovni ishdan bo‘shatdi. Ikki kundan so‘ng Mirzamahmudov qo‘lga olindi va 30-iyul kuni sud uni qamoqqa olishga hukm qildi. Ozodlik radiosining o‘zbek xizmati huquq-tartibot idoralaridagi bir nechta mustaqil manbalariga tayanib xabar berishicha, sobiq vazir mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mablag‘larni o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda», — deyiladi «The Insider» materialida.

«Aksiyadorning shaxsiy masalalarini bank faoliyati bilan aralashtirish noto‘g‘ri» — «Anorbank» rasmiy munosabati

Bu xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalishi ortidan «Anorbank» ham vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Bank aksiyadorlardan birining shaxsiy masalalari uning kapitali, boshqaruvi va operatsion faoliyatiga aloqador emasligini ta’kidladi.

«Anorbank»ning ma’lum qilishicha, ushbu masala bo‘yicha bankka hech qanday rasmiy tasdiq yoki so‘rov kelib tushmagan. Turli manbalarda tarqalayotgan ma’lumotlar esa vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanmagan.

Bank hozirda odatdagi ish tartibida faoliyat yuritayotganini, barcha bank operatsiyalari, mijozlarga xizmat ko‘rsatish hamda mijozlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlari belgilangan tartibda bajarilayotganini bildirdi.

Anorbank mijozlar va jamoatchilikni tekshirilmagan hamda anonim manbalar tarqatayotgan ma’lumotlarga tanqidiy yondashib, faqat rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlangan axborotga tayanishga chaqirdi.

«Hammasi joyida» — Markaziy bank izohi

Markaziy bank «X» platformasida so‘rovlarga izoh qoldirib, «Anorbank» odatdagi tartibda faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi.

 «Hammasi joyida. «Anorbank» odatdagi tartibda ishlamoqda: omonat, kredit, to‘lov va boshqa xizmatlar uzluksiz davom etmoqda», — deyiladi Markaziy bank izohida.

Regulyatorning ta’kidlashicha, alohida aksiyador bilan bog‘liq holat bankning kundalik operatsion faoliyati va moliyaviy barqarorligini bevosita belgilamaydi.

«Bank mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarib, faoliyatining uzluksizligini ta’minlamoqda», — deya qayd etgan Markaziy bank.

«Anorbank»ning moliyaviy ko‘rsatkichlari qanday?

2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, «Anorbank»ning aktivlari 21,4 trln so‘m, majburiyatlari esa 19,8 trln so‘mni tashkil etgan.

Bankning likvidlik ko‘rsatkichlari Markaziy bank tomonidan belgilangan minimal talablardan yuqori bo‘lgan. Jumladan, yuqori likvidli aktivlarning jami aktivlardagi ulushi 16,9 foizni tashkil etgan, minimal talab esa 10 foiz etib belgilangan.

Shuningdek, likvidlikni qoplash me’yori (LCR) 116 foiz, sof barqaror moliyalashtirish me’yori (NSFR) 128 foizni tashkil etgan. Har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha minimal talab 100 foizga teng.

Bankning regulyativ kapital monandligi koeffitsiyenti 13 foiz bo‘lgan. Bu ham belgilangan 12 foizlik minimal talabdan yuqori.

Bundan tashqari, Markaziy bankning bank tizimi bo‘yicha taqqoslama ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-avgust holatida «Anorbank» aktivlari 20,2 trln so‘mni tashkil etgan. Aktivlar hajmi bo‘yicha bank bir yil ichida tizimdagi banklar orasida 17-o‘rindan 14-o‘ringa ko‘tarilgan.

Shu davrda bankning depozit portfeli 16,2 trln so‘mga yetib, bir yil ichida 44 foizga oshgan. Bank tizimi bo‘yicha depozitlarning o‘rtacha o‘sishi esa 34 foizni tashkil etgan. Depozit portfeli hajmi bo‘yicha «Anorbank» 13-o‘rindan 12-o‘ringa, davlat ulushi bo‘lmagan banklar orasida esa 6-o‘rindan 5-o‘ringa ko‘tarilgan. Umuman olganda, keltirilgan ko‘rsatkichlar «Anorbank»ning likvidligi, kapitali va depozit bazasi bo‘yicha ijobiy dinamikaga ega ekanini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkor Mo‘minjon Yo‘ldoshev O‘zbekiston so‘roviga ko‘ra xalqaro qidiruvga berilgandi. U 2023-yilda xususiy «Madad Invest Bank» aksiyalariga egalik qilgan, biroq hozirda uning nomi bank aksiyadorlari ro‘yxatida ko‘rsatilmagan.

Теглар

Мавзуга оид