Apple, Google yoki Meta: O‘zbekistonda elektron xizmat ko‘rsatuvchi qaysi xorijiy kompaniya eng ko‘p soliq to‘laydi?
2026-yilning 9 oyida mamlakatda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 109 ta xorijiy kompaniya qariyb 20 mln dollar soliq to‘ladi.
© Ijtimoiy tarmoqlar2026-yilning yanvar-sentabr oylari davomida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar tomonidan to‘langan soliqlar miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 86,5 foizga oshdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu davrda soliq tushumlari 124,8 mlrd so‘mdan 232,8 mlrd so‘mgacha (qariyb 20 mln dollar) o‘sgan.
Kuchli o‘nlik
Xorijiy kompaniyalar orasida «Apple» (54,2 mlrd so‘m), «Google» (52,6 mlrd so‘m) va «Meta» (46,7 mlrd so‘m) eng yirik soliq to‘lovchilar sifatida yetakchilik qilmoqda.
Ulardan keyingi o‘rinlarni mos ravishda:
— «Valve Corp.» (22,8 mlrd so‘m);
— «Anthropic» (14 mlrd so‘m);
— «OpenAI» (10 mlrd so‘m);
— «Midasbuy» (4,8 mlrd so‘m);
— «Booking.com» (4,2 mlrd so‘m);
— «TikTok» (2,4 mlrd so‘m);
— «Anysphere» (2,2 mlrd so‘m) kompaniyalari egallagan.
Shu bilan birga, mazkur davrda ko‘rsatilgan elektron xizmatlarning umumiy qiymati 85,2 foizga oshib, 1,04 trln so‘mdan 1,94 trln so‘mga yetgani qayd etildi.
Mamlakatda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy raqamli xizmatlar soni ham muttasil o‘sib bormoqda. Ularning soni 2025-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra 63 tani, 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra esa 78 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yil oktabr oyiga kelib bu ko‘rsatkich 109 ta kompaniyaga yetgan. Natijada, bozordagi xorijiy kompaniyalar soni 2025-yil boshiga nisbatan 46 taga ko‘paygan.

Manba: Soliq qo‘mitasi
Ma’lumot uchun, amaldagi qonunchilikka asosan, O‘zbekiston hududida elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslar soliq hisobotlarini taqdim etishi va tegishli soliqlarni o‘tgan chorakdan keyingi oyning 20-sanasidan kechiktirmay to‘lashi shart.





