Logo

AQSH Eron bilan urushda «MQ-9 Reaper» flotining 25 foizidan ayrildi

Бугун 20:402 дақиқа

AQSH Eron bilan davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlarda o‘zining eng ilg‘or qurollaridan biri — «MQ-9 Reaper» dronlarining qariyb chorak qismini yo‘qotdi. 45 ta strategik dronning yo‘q qilinishi Pentagonga kamida 1,3 milliard dollarga tushgan.

AQSH Eron bilan urushda «MQ-9 Reaper» flotining 25 foizidan ayrildi © Foto: tvzvezda.ru

AQSH harbiylari Eron bilan urush davomida kamida 45 ta MQ-9 Reaper dronini yo‘qotgan. Bu Pentagonning mazkur dronlar flotining taxminan chorak qismiga teng. Bu haqda «The Washington Post» uch nafar AQSH rasmiysiga tayanib xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, AQSH arsenalida hozir 145 tadan ortiq «Reaper» qolgan. Har bir dronning qiymati sensorlari va raketalarbga qarab 30 million dollardan 50 million dollargacha baholanadi. Yo‘qotilgan dronlarning umumiy qiymati 1,3 milliard dollardan oshishi mumkin.

Zaxiralar qisqarmoqda

«Reaper» yo‘qotishlari AQSHning Eron urushida va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash jarayonida sarflanayotgan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar zaxiralari bilan bog‘liq kengroq muammoning bir qismi sifatida baholanmoqda.

«The Washington Post» avvalroq ayrim strategik zaxiralar qisqarayotgani haqida xabar bergan.

Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, mazkur vaziyat Trampning harbiy imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda. Buning ustiga, shu hafta Eron Islom inqilobi posbonlari korpusining yuqori martabali vakillaridan biri janglarni to Trampning vakolat muddati tugaguniga qadar davom ettirish bilan tahdid qilgan.

Oq uyning aytishicha, AQSHda yetarlicha zaxira mavjud

«The Independent» nashrining so‘roviga javoban Pentagon matbuot kotibi bu borada izoh berishdan tiyilgan. Biroq Oq uy vakili qurol-yarog‘ tanqisligi haqidagi xabarlarni qat’iyan inkor etgan.

«AQSH harbiylarida prezident Trampning barcha strategik maqsadlari va boshqa vazifalarni bajarish uchun yetarlicha o‘q-dori hamda zaxira mavjud. «Epik g‘azab» operatsiyasi esa Qo‘shma Shtatlar bilan o‘ynashish nimaga olib kelishini ko‘rsatib qo‘ydi», — dedi Oq uy matbuot kotibi Anna Kelli o‘zining oldindan tayyorlangan bayonotida.

O‘tgan hafta «The Washington Post» nashri uzoq masofaga uchuvchi raketalar va tutib qoluvchi tizimlar zaxirasi kamayib ketayotgani sababli Donald Tramp Mudofaa vaziri Pit Hegsetga qattiq e’tiroz bildirgani haqida xabar bergan edi. Biroq Oq uy bu ma’lumotni ham rad etdi.

Теглар

Мавзуга оид

AQSH Eron bilan urushda «MQ-9 Reaper» flotining 25 foizidan ayrildi | Vaqt.uz