AQSH Erondagi qariyb barcha strategik nishonlarni yo‘q qildi — «Politico»

Бугун 19:112 дақиқа

Pentagon Eronda zarba berish uchun muhim strategik obyektlar qolmayotganini ma’lum qildi. Shunga qaramay, prezident Donald Tramp Tehronga qarshi havo hujumlari yana uch hafta davom etishini ta’kidlamoqda.

AQSH Erondagi qariyb barcha strategik nishonlarni yo‘q qildi — «Politico»

AQSH prezidenti Donald Tramp xalqqa yo‘llagan so‘nggi murojaatida Eron uchun «yangi vaqt hisobi» boshlanganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir oy davom etgan shiddatli havo hujumlari natijasida Eron harbiy kuchlari, mudofaa sanoati bazasi va siyosiy rahbariyati «mutlaqo yo‘q qilingan». Biroq «Politico» nashrining yozishicha, Pentagon ixtiyorida zarba berish uchun yaroqli bo‘lgan strategik ahamiyatga ega nishonlar tugab bormoqda, bu esa Tramp belgilagan uch haftalik muddatni samarali o‘tkazishni qiyinlashtiradi.

Eronning qolgan ballistik raketa zaxiralarini yo‘q qilish hozirda asosiy muammoga aylangan. Nashr manbalariga ko‘ra, Tehron o‘z raketalarining qolgan qismini yer ostidagi mustahkamlangan bunkerlarga yashirgan. Quruqlikdan bostirib kirish amaliyotisiz ushbu obyektlarga havodan zarba berish orqali yetib borish imkoniyati cheklangan. Tramp ma’muriyatining sobiq amaldorlaridan biri anonim tarzda ta’kidlashicha, qolgan raketalarni nishonga olish kundan-kunga murakkablashib bormoqda.

Bundan tashqari, Eron rejimi olib borayotgan urush nafaqat taktik, balki iqtisodiy xarakterga ega ekani vaziyatni yanada chigallashtirmoqda. AQSH harbiylari Eronning harbiy infratuzilmasini zaiflashtirgan bo‘lsa-da, Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yish orqali global iqtisodiyotga zarar yetkazishda davom etmoqda. Tramp ma’muriyati endilikda faqat harbiy kuch bilan emas, balki Eronning iqtisodiy bosimini yumshatish yo‘llarini ham izlashiga to‘g‘ri keladi.

 

Bunkerlar muammosi

Eron yillar davomida o‘z raketa zaxiralarini tog‘lar ostidagi «raketa shaharchalari» va chuqur bunkerlarda saqlash strategiyasini qo‘llab keladi. Pentagon mutaxassislarining fikricha, yuqori aniqlikdagi bombalar binolar va ochiq maydondagi texnikalarni yo‘q qilishda samarali bo‘lsa-da, yer ostidagi beton istehkomlarga qarshi kurashish uchun boshqacha yondashuv talab etiladi. Bu esa AQSH harbiy havo kuchlari uchun yangi texnik qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda.

Shu sababli, Trampning hali uch hafta davomida zarbalar berilishi haqidagi va’dasi ko‘proq siyosiy bosim va Tehronni muzokaralar stoliga o‘tirishga majburlash vositasi sifatida ko‘rilmoqda. Harbiy tahlilchilarning fikricha, Pentagon endi yirik strategik obyektlardan kichikroq taktik nishonlarga va Eronning mintaqadagi vositachi guruhlarini qo‘llab-quvvatlash tizimlariga e’tibor qaratishi mumkin.

 

Eronning «iqtisodiy urushi»

Eron rahbariyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvda AQSHga mag‘lub bo‘lishini tushunib, bor e’tiborini Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan energiya resurslari oqimini bo‘g‘ishga qaratgan. Bu strategiya neft narxining ko‘tarilishiga va G‘arb davlatlari ichidagi ijtimoiy noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.

Hozir AQSH ma’muriyati oldida ikkita yo‘l turibdi: yoki Eron bilan iqtisodiy imtiyozlar evaziga bo‘g‘ozni ochish bo‘yicha kelishuvga erishish, yoki Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kuch ishlatib ochish uchun keng ko‘lamli dengiz amaliyotini boshlash.

6-aprelga belgilangan muzokaralar ushbu qarama-qarshilikning keyingi taqdirini hal qiluvchi nuqta bo‘lishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид