AQSH va Xitoy Oy resurslari uchun kurashga kirishdi — NYT
NASA 2028-yilgacha Oyga qaytishni rejalashtirmoqda. «Artemis II» missiyasi start oldi. Oydagi muz va heliy-3 zaxiralari yangi kosmik poyga sababchisi bo‘ldi.

Yangi kosmik erada NASA va Xitoy kabi gigantlar Oyning bizga ko‘rinmaydigan orqa tomoni va qutblariga asosiy e’tiborni qaratmoqda. Oy qutblaridagi kraterlarda mavjud muz qatlami ichimlik suvi, kislorod va eng muhimi, raketa yoqilg‘isi manbai bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Yer yuzida juda kam uchraydigan (He) heliy-3 (bir funti 9 mln funt) termoyadroviy energetika uchun kelajak yoqilg‘isi sifatida ko‘rilmoqda. Oyning orqa tomoni esa Yerning radioshovqinlaridan himoyalangani uchun ulkan radioteleskoplar o‘rnatishga eng qulay joy hisoblanadi.
2026-yil 1-aprel kuni Kanaveral burnudan «Orion» kemasi «Artemis II» missiyasi doirasida koinotga ko‘tarildi. To‘rt nafar astronavtdan iborat ekipaj ayni damda Oy atrofida 10 kunlik parvozni amalga oshirib, uning orqa tomonini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.
Bu 1972-yildan beri insonning Oyga ilk bor bu qadar yaqin borishidir. Mazkur missiya 2028-yilda amalga oshirilishi kutilayotgan insonning Oy yuzasiga qo‘nishi (Artemis IV) uchun zamin tayyorlaydi.
Kosmik poyga: AQSH va Xitoy raqobati
AQSH o‘z oldiga 2028-yilgacha Oyga qaytish maqsadini qo‘ygan bo‘lsa-da, Xitoy bu borada jiddiy raqib bo‘lib qolmoqda. Pekin 2030-yilgacha o‘z astronavtlarini Oyga qo‘ndirishni rejalashtirgan. Hozirda Xitoy Oyning orqa tomonidan tuproq namunalarini olib kelgan yagona davlat hisoblanadi. Shu yilning avgust oyida Xitoyning «Chang'e 7» roboti Oyning janubiy qutbida suv qidirish ishlarini boshlashi kutilmoqda.
NASAning yaqin o‘n yillikdagi «yo‘l xaritasi» qisqa muddatli ekspeditsiyalardan doimiy infratuzilmaga o‘tishni nazarda tutadi. Bunga energiya ta’minoti tizimlari, aloqa tarmoqlari va hatto kichik yadroviy elektrostansiyalar qurish kiradi. Janubiy qutbda baza qurish rejasi har ikki davlatda ham mavjud bo‘lib, bu mintaqaviy ustunlik uchun kurashni yanada keskinlashtiradi. Kim birinchi bo‘lib doimiy baza qurishga muvaffaq bo‘lsa, Oy resurslarini boshqarishda hal qiluvchi ovozga ega bo‘lishi mumkin.
Oy resurslarining qiymati
Oydagi muz nafaqat yashash uchun, balki Marsga parvoz qilishda «yoqilg‘i quyish shoxobchasi» vazifasini o‘taydi. Suvni vodorod va kislorodga parchalash orqali olingan yoqilg‘i koinot kemalarining Yerga qaytmasdan turib uzoq masofalarga uchishiga imkon beradi. Bundan tashqari, Oyning past tortishish kuchi sababli u yerdan start olish Yerdan uchishga qaraganda ancha arzon va oson kechadi.
Heliy-3 zaxiralari esa Yer energiya inqiroziga yakun yasashi mumkin. Ushbu izotop xavfsiz va yuqori samarali yadroviy sintez uchun ideal xomashyo hisoblanadi. NYT tahliliga ko‘ra, Oydagi iqtisodiy va harbiy ustunlik kelajakdagi global geosiyosiy yetakchilikning asosiy omiliga aylanadi. Shu sababli, Vashington va Pekin o‘rtasidagi «Oy uchun jang» endi ilmiy tadqiqot doirasidan chiqib, strategik manfaatlar maydoniga ko‘chdi.

