Avstriya bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlamoqchi
Bungacha Avstraliya, Fransiya va Ispaniya kabi davlatlar hambolalarga ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklagan edi. Qozog‘istonda ham 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklash bo‘yicha chaqiriqlar yangramoqda.

Avstriyada hukumat 14 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirmoqda — tegishli qonun loyihasi tayyorlanmoqda. Bu haqda «RIA Novosti» xabar berdi.
Avstriya hukumati saytida keltirilishicha, bugun, 27-mart kuni bolalar va yoshlarni internetda himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar paketi taqdim etilgan. Loyihada Instagram, TikTok va Snapchat kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun majburiy 14 yosh chegarasini belgilash ko‘zda tutilgan.
Avstriya vitse-kansleri Andreas Babler «ijtimoiy tarmoqlar bolalarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi», deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, internetda ular haqiqatdan yiroq bo‘lgan go‘zallik standartlari, zo‘ravonlikni targ‘ib qilish, dezinformatsiya va manipulyatsiyalarga duch kelishmoqda.
Bablerning ta’kidlashicha, korporatsiyalar bolalar foydalanishi mumkin bo‘lgan zararli ma’lumotlar oqimini tartibga solmayapti va faqat foyda olishdan manfaatdor. Hukumat, shuningdek, majburiy «OAV va demokratiya» maktab fanini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu fan bolalarga OAVning jamoatchilik fikri va ruhiy salomatlikka ta’siri haqida so‘zlab beradi, ularni dezinformatsiyani aniqlashga o‘rgatadi va qarashlarning radikallashuviga chidamlilikni oshiradi.
Ijtimoiy tarmoqlarga kirishni tartibga soluvchi qonun loyihasi iyun oyi oxirigacha tayyorlanishi kutilmoqda.
Bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan davlatlar
Eslatib o‘tamiz, Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlangan edi. Avstraliya bunday taqiqni joriy etgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi va bu qaror ko‘plab ota-onalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Fransiya parlamentining quyi palatasi (Milliy assambleya) ham 15 yoshdan kichik o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash haqidagi qonun loyihasini ma’qullagan.
Fransiyadan so‘ng Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Madrid voyaga yetmaganlarni «raqamli Yovvoyi G‘arb»dan himoya qilish uchun 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlashini e’lon qildi.
Litva parlamentida ham 16 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni qonun bilan cheklash va platformalarga foydalanuvchilar yoshini tekshirish majburiyatini yuklash taklif etildi.
Qozog‘istonda ham 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklash bo‘yicha chaqiriqlar yangramoqda.
