Ayrim doktorantlarning stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi
O‘zbekistonda 2026 yil 1-sentabrdan ustuvor ilmiy yo‘nalishlarda tahsil oladigan doktorantlar uchun oshirilgan stipendiya va qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.
© finance.yahoo.comPrezidentning «Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan doktornturada differensial stipendiya tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 barobari miqdorida to‘lanadi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda tahsil olayotgan izlanuvchilarning tadqiqot ishlari uchun har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Bu mablag‘ asbob-uskuna va ilmiy faoliyat uchun zarur tovarlar xaridiga yo‘naltiriladi.
Doktornturaga qabul kvotasi
Farmonga muvofiq, doktornturaga umumiy qabul kvotasining kamida 60 foizi ustuvor ilmiy sohalarga ajratiladi. Endi mazkur yo‘nalishlarga qabul kirish imtihoni orqali emas, balki ilmiy tadqiqot ishi taqdimoti asosida amalga oshiriladi. Taqdimot talablarini oliy ta’lim yoki ilmiy tashkilot mustaqil belgilaydi.
O‘quv mashg‘ulotlari
Tayanch doktornturaning birinchi yilida ilmiy tadqiqot metodologiyasi, akademik yozish, statistika va ma’lumotlar tahlili bo‘yicha maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ilmiy rahbarlarga ham qo‘shimcha talablar qo‘yilib, ular doktorant ixtisosligiga mos sohada ilmiy tadqiqot tajribasiga ega bo‘lishi shart qilib belgilandi.
Shu bilan birga, milliy sertifikatga ega talabgorlarni mutaxassislik fani bo‘yicha imtihondan ozod etish tartibi bekor qilinadi. 2027 yilgi qabuldan boshlab esa ilmiy rahbarlarga oylik haq o‘rniga bir martalik rag‘batlantiruvchi to‘lov beriladi. Uning miqdori Xirsh indeksiga qarab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 40 barobaridan 80 barobarigacha etib belgilanadi.
Avvalroq Ilmiy faoliyatni soddalashtirish, tadqiqotchilar uchun qulay muhit yaratish va ilmiy salohiyatni oshirish maqsadida 2027 yildan boshlab dissertatsiya himoyasi va ilmiy daraja berish jarayonidagi bir qator ortiqcha byurokratik talablar bekor qilinishi haqida ma’lum qilgan edik.





