Logo

Bank kartalariga tushgan yirik mablag‘lar haqidagi ma’lumotlarni olish bank sirini bekor qilmaydi — Soliq qo‘mitasi

Бугун 14:042 дақиқа

Soliq qo‘mitasi muhokamalarga sabab bo‘layotgan loyiha yuzasidan tushuntirish berdi.

Bank kartalariga tushgan yirik mablag‘lar haqidagi ma’lumotlarni olish bank sirini bekor qilmaydi — Soliq qo‘mitasi © Davlat soliq qo'mitasi

Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan soliq organlariga axborot taqdim etish tartibini belgilaydigan qaror loyihasi yuzasidan rasmiy tushuntirish berdi.

Idoraga ko‘ra, hujjat bank hisobvaraqlari yoki omonatlar ustidan yangi nazorat mexanizmlarini joriy etishni emas, balki mavjud axborot almashinuvi qoidalarini yagona tartibga solishni nazarda tutadi.

Qo‘mita ayrim ommaviy axborot vositalarida hujjat asosan aholi omonatlariga qaratilgan tashabbus sifatida talqin qilinayotgani loyihaning asl mazmunini to‘liq aks ettirmasligini ta’kidladi.

«Loyiha soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi, bank sirini bekor qilmaydi hamda fuqarolar yoki tadbirkorlarning bank hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini nazarda tutmaydi. Banklar soliq organlariga ma’lumotlarni faqat qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda taqdim etishga haqli», — deyiladi qo‘mita bayonotida.

Qo‘mita, shuningdek, «Bank siri to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, soliq solish bilan bog‘liq ma’lumotlar davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilishi mumkinligini eslatdi.

Bunda soliq organlari tomonidan olingan ma’lumotlar soliq siri hisoblanadi. Ularni oshkor qilish, uchinchi shaxslarga berish yoki belgilangan maqsaddan tashqari foydalanish taqiqlangan.

Soliq qo‘mitasi bunday axborot almashinuvi mexanizmlari xalqaro amaliyotda, jumladan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarida keng qo‘llanilishini ta’kidladi. Hujjat hozirda jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, kelib tushgan takliflar asosida takomillashtirilishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Soliq Qo‘mitasi muhokaga qo‘ygan loyihada «Bank-soliq» maxsus axborot almashish modulini ishlab chiqish taklif etilgan. Unga ko‘ra, agar jismoniy shaxsning bitta kartasiga bir oy davomida boshqa shaxslar kartalari yoki elektron hamyonlaridan BHMning 500 baravariga teng yoki undan ortiq mablag‘, ya’ni hozirgi hisobda 206 mln so‘m kelib tushsa, bank bu haqda Soliq qo‘mitasiga ma’lumot yuboradi.

Теглар

Мавзуга оид