Logo

Bir dollar — 2,8 million riyol: Eronda nimalar bo‘lyapti?

Бугун 20:154 дақиқа

24-noyabr kuni Eron erkin valuta bozorida milliy valuta navbatdagi antirekordni qayd etdi. Mamlakatda yillik inflatsiya 88,7 foizni tashkil qilmoqda.

Bir dollar — 2,8 million riyol: Eronda nimalar bo‘lyapti? © Ijtimoiy tarmoqlar

Eron milliy valutasi — riyolning AQSH dollariga nisbatan qiymati keskin pasayib, erkin bozorda bir dollar 2,8 million riyoldan oshdi. 24-noyabr kuni qayd etilgan bu ko‘rsatkich 12-noyabrdagi kursdan qariyb 6 foizga yuqori.

Valutadagi navbatdagi keskin pasayish AQSH Eronning xorijiy moliyaviy tarmoqlariga aloqador o‘nlab kompaniya va shaxslarga sanksiya joriy etganidan so‘ng yuz berdi. Yangi cheklovlar orasida mamlakatning valuta ayirboshlash tizimida muhim o‘rin tutuvchi tashkilot ham bor.

Biroq Eron iqtisodiyotidagi muammolar faqat yangi sanksiyalar bilan cheklanmaydi. Yuqori inflatsiya, tashqi savdodagi qiyinchiliklar, xorijiy valuta tushumlarini mamlakatga qaytarishdagi to‘siqlar va iqtisodiy cheklovlar riyolning uzoq vaqtdan buyon qadrsizlanishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillar bo‘lib qolmoqda.

Dollar 2,8 million riyoldan oshdi

Eronning erkin valuta bozorida 24-noyabr kuni bir AQSH dollari 2 802 000 riyoldan sotildi. Bu 12-noyabrdagi 2 642 000 riyollik ko‘rsatkichdan qariyb 6 foizga yuqori.

Shu kuni yevro kursi 3 056 500 riyolga, Britaniya funti esa 3 653 400 riyolga yetdi.

Bu raqamlar Erondagi valuta bozorini kuzatuvchi manbalar ma’lumotlariga asoslanadi. Jumladan, «Iran International» dastlab dollar kursini 2 802 000 riyol deb ko‘rsatgan, keyingi yangilanishlarda esa u 2 830 000 riyolgacha ko‘tarilgan. «Anadolu» agentligi «AlanChand» kuzatuv servisiga tayanib, kurs 2 856 000 riyolga yetganini, boshqa bir servis — «Pashizi»da esa sotish kursi 2 848 000 riyol bo‘lganini xabar qildi.

Bundan tashqari, mamlakatda rasmiy va erkin bozor kurslari o‘rtasida katta tafovut mavjud. Masalan, 24-noyabr kuni Markaziy bank e’lon qilgan rasmiy kurslar ro‘yxatida bir dollar 1 951 866 riyol deb belgilangan. Bu erkin bozordagi 2,8 million riyollik ko‘rsatkichdan ancha past.

AQSH Eronning moliyaviy tarmoqlariga qarshi sanksiya kiritdi

Riyolning keskin qadrsizlanishi 23-noyabr kuni Vashington yangi iqtisodiy cheklovlar e’lon qilgani ortidan yuz berdi.

AQSH Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, «Iqtisodiy chetlatish» operatsiyasi doirasida Eron bilan bog‘liq 22 tashkilot va 8 nafar jismoniy shaxs sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Cheklovlar Eronning xorijiy moliyaviy operatsiyalarini amalga oshiruvchi ayirboshlash kompaniyalari, vositachi tuzilmalar va ularning mas’ullariga qaratilgan.

Shuningdek, ro‘yxatga Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Gonkongda ro‘yxatdan o‘tgan qator tijorat kompaniyalari ham kiritilgan.

AQSH Moliya vazirligi ushbu tuzilmalar Eronning yashirin bank tarmog‘iga aloqadorligini bildirdi. Vashingtonning ta’kidlashicha, bu tizim Eron kompaniyalariga xorijiy valuta olish, xalqaro to‘lovlarni o‘tkazish va amaldagi sanksiyalarni chetlab o‘tish imkonini beruvchi moliyaviy infratuzilmaning bir qismi sanaladi.

AQSH idorasi ma’lumotiga ko‘ra, bu tizim Markaziy bank nazoratida bo‘lib, mamlakatdagi ayirboshlash shoxobchalari va banklarga bog‘liq vositachi kompaniyalar orqali ishlaydi. Ular xalqaro savdodagi pul oqimlarini turli yurisdiksiyalar orqali o‘tkazishga yordam beradi. Xususan, Dubay va Gonkongdagi kompaniyalardan foydalanilib, xalqaro moliya tizimida milliardlab dollarlik operatsiyalar amalga oshirilgan.

Sanksiyalar 2026 yil 24-avgustda e’lon qilingan «Iqtisodiy chetlatish» dasturi doirasida joriy etildi. Ushbu dastur Eronning neft daromadlari, tashqi savdosi va moliyaviy operatsiyalarini ta’minlovchi kanallarni cheklashni maqsad qiladi. AQSH Moliya vazirligi yangi cheklovlar Eron bilan ishlovchi xorijiy kompaniyalar uchun ham sanksiya xavfini oshirishidan ogohlantirdi.

Eron Markaziy banki rahbari sanksiyalarni tan olmadi

Vashingtonning yangi cheklovlariga Eron Markaziy banki rahbari Abdolnosir Himmatiy munosabat bildirdi.

U AQSH sanksiyasi ostiga tushgan Valuta va oltin ayirboshlash markazi faoliyatini yashiradigan tuzilma emasligini, aksincha, oddiy valuta operatsiyalarini qayd etuvchi ochiq platforma ekanini ta’kidladi. Himmatiyning ta’kidlashicha, AQSHda cheklov joriy etish uchun yangi obyekt topish imkoniyatlari qolmagan. Uning fikricha, manzili, nomi va veb-sayti ochiq bo‘lgan markazni yashirin moliyaviy tizimning bir qismi sifatida ko‘rsatish asossiz.

Inflatsiya 88,7 foizga yetdi

Eron riyolining qadrsizlanishi mamlakatdagi yuqori inflatsiya fonida kechmoqda, bu esa aholi turmush darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatyapti.

Eron Statistika markazi ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy kalendardagi mehr oyi yakuniga — 22-oktabrga kelib iste’mol narxlari bir yil avvalgi davrga nisbatan 88,7 foizga oshgan. 12 oylik o‘rtacha inflatsiya 76,8 foizni, bir oylik inflatsiya esa 4,4 foizni tashkil etgan.

Ayrim tovar guruhlarida narx o‘sishi yanada yuqori: bir yil ichida tamaki mahsulotlari 163,2 foizga, mebel va uy-ro‘zg‘or buyumlari 128,9 foizga, transport xizmatlari esa 128 foizga qimmatlashgan. Oziq-ovqat, ichimliklar va tamaki mahsulotlari guruhida yillik narx o‘sishi 113,4 foizga yetgan.

Hududlar o‘rtasida ham sezilarli farq kuzatilgan: qishloq joylarda yillik inflatsiya 107 foizni, shaharlarda esa 85,5 foizni tashkil qilgan.

Теглар

Мавзуга оид