Budjetnomada bor, qonunda yo‘q: 2026-yilgi aksiz siyosati nimani o‘zgartirdi?
2026-yilgi aksiz siyosatida kartoshka chipsi rasman yangi soliq obyektiga aylandi, shakarli ichimliklar uchun esa progressiv soliq stavkasi joriy etildi. Biroq budjetnomada rejalashtirilgan sirop konsentratiga aksiz qonun matniga kiritilmay qolib, huquqiy va amaliy ziddiyatni keltirib chiqardi. Vaqt.uz’ning ushbu maqolasida yangi yildagi aksiz o‘zgarishlari va biznesning bunga munosabati haqida batafsil o‘qing.

2026-yil uchun Soliq kodeksining aksiz solig‘iga oid qismida chinakam yangilik bitta — kartoshka chipsiga solingan soliq. Qolgan barcha «nosog‘lom» mahsulotlar allaqachon ushbu soliqni to‘lardi, bu yil faqat soliq stavkasi ko‘tarildi. Budjetnomada daromad manbasi sifatida hisobga olingan yana bir taklif — sirop konsentratiga aksiz esa qonun matniga umuman kiritilmadi.
Yagona chinakam yangilik: chips
2026-yilda butunlay yangi aksiz obyekti sifatida qonunga kirgan yagona mahsulot — kartoshka chipsi. 1-apreldan boshlab ishlab chiqaruvchilar va importchilar har bir kilogramm iste’molga tayyor chips uchun 15 ming so‘m aksiz solig‘ini to‘laydi. Bungacha bu mahsulot umuman aksizga tortilmagandi.
Soliq kodeksining aksiz stavkalari ro‘yxatida (289³-modda) chips endi alohida, yettinchi pozitsiya sifatida turadi. Vazirlik bu qadamni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ortiqcha vaznga qarshi tavsiyalari va Sog‘liqni saqlash vazirligining sog‘lom ovqatlanish siyosati bilan bog‘ladi. Ya’ni «sog‘lom turmush tarzi» bandi bo‘yicha 2026-yilning yagona haqiqiy yangiligi — aynan shu.
Budjetnomada bor edi, qonunda yo‘q: sirop konsentrati
Endi eng qiziq va deyarli yoritilmagan jihat. Budjetnomani diqqat bilan o‘qigan kishi 2026-yil aksiz tushumlari prognozida g‘alati bir detalga duch keladi. Hujjatning daromadlar prognozi qismida (3.1.2-kichik bo‘lim, «Aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlar») aksiz daromadini hisoblashda «kartoshka chipsi va sirop konsentrati uchun aksiz solig‘ining joriy etilishi» ko‘zda tutilgani va bu ikkovi birgalikda 88 milliard so‘m qo‘shimcha tushum keltirishi yozib qo‘yilgan.
Sirop konsentrati — suv bilan suyultirilgach tayyor ichimlikka aylanadigan quyuq va shakar miqdori yuqori bo‘lgan xomashyo hisoblanadi. U umumiy ovqatlanish shoxobchalari, kinoteatrlardagi fontan apparatlari, qahvaxonalar va maishiy iste’molga mo‘ljallangan butilkalarda keng qo‘llaniladi.
Mazkur mahsulotni aksiz solig‘iga tortish g‘oyasi mantiqiy asosga ega. Odatda shirin ichimliklar aksizi tayyor ichimlikning har bir litriga nisbatan belgilanadi. Biroq konsentrat bozorga kirib kelayotgan vaqtda tayyor ichimlik maqomiga ega emasligi sababli soliqni chetlab o‘tish holatlarini yuzaga keltiradi. Konsentratning o‘ziga soliq belgilash esa aynan shu huquqiy bo‘shliqni yopishga xizmat qiladi.
Biroq amalda budjet prognozi va amaldagi qonunchilik o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgan: prognozda tushumlar ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, uni amalda undirish uchun zarur soliq obyekti qonunga kiritilmagan.


Soliq kodeksining aksiz stavkalarini belgilovchi 289³-moddasiga ko‘ra, aksiz solig‘i tatbiq etiladigan obyektlar ro‘yxatiga faqat neft mahsulotlari, polietilen granulalar, tabiiy gaz, yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilinadigan yoqilg‘i, qadoqlangan shirin va shirinlashtiruvchi ichimliklar, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklar hamda chips kiritilgan. Mazkur ro‘yxatda, shuningdek, ichimliklar toifasi tarkibida ham «sirop», «konsentrat» yoki «sharbat asosi» atamalari mavjud emas.
Bu holat Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda parlament o‘rtasidagi muvofiqlashtirish yetishmasligini ko‘rsatadi. Prognozga kiritilgan 88 milliard so‘mlik tushumning konsentratga to‘g‘ri keladigan ulushi qonundan tushib qolgach, yuzaga kelgan tafovut qanday qoplanishi hozircha ochiq qolmoqda.
Amaldagi soliq uchun yangi stavkalar
Qolgan barcha mahsulotlarga aksiz solig‘i 2026-yilgacha ham amal qilib kelgan bo‘lib, o‘zgarish faqat stavkalarga taalluqli bo‘ldi. Soliq kodeksiga kiritilgan bu o‘zgarishlar ichida aholi asrashga qaratilgan eng muhim tizimli yangilik — shakarli ichimliklar aksizining progressiv shaklga o‘tkazilganidir. Endi soliq miqdori ichimlik hajmiga emas, balki uning tarkibidagi shakar miqdoriga qarab belgilanadi.

Qolgan barcha mahsulotlar bo‘yicha stavkalar o‘rtacha 7 foiz atrofida oddiy indeksatsiya qilingan. Xususan, energetik ichimliklar uchun aksiz solig‘i 2000 so‘mdan 2150 so‘mga oshirilgan bo‘lsa, benzin va dizel yoqilg‘isi stavkalari ham bir necha foizga o‘sgan.
Biznesning e’tirozi: sog‘liq va iqtisodiyot kesishmasi
Ichimlik ishlab chiqaruvchilari yangi aksiz siyosatiga ochiqdan ochiq e’tiroz bildirib kelmoqda. Soha vakillarining urg‘ulashicha, markirovka va yangi aksizlar joriy etilgach, avval barqaror o‘sib kelgan tarmoq salbiy ko‘rsatkichlarga duch kelgan. Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi va yirik ishlab chiqaruvchilar investitsiyalarni to‘xtatish va ish o‘rinlari qisqarishi xavfi haqida bot-bot ogohlantirmoqda.
Bu — sog‘liq solig‘ining yana bir paradoksi: davlat aholi salomatligini yaxshilashni maqsad qilar ekan, ayni paytda yangi ish o‘rinlari va soliq bazasini shakllantiruvchi tarmoqqa jiddiy bosim o‘tkazadi. Albatta, bu e’tirozlarni biryoqlama qabul qilib bo‘lmaydi — xalqaro tajriba shakar solig‘i iste’molni qaysidir darajada qisqartirishini ko‘rsatgan. Biroq asosiy masala soliqning o‘zida emas, balki uning darajasi, tuzilishi va tushumlarning qayerga sarflanishidadir.
Xulosa qilib aytganda, 2026-yilgi aksiz siyosatining chinakam yangiligi faqat chipsdan iborat. Rejalashtirilgan sirop konsentrati qonundan tushib qoldi, qolgan o‘zgarishlar esa oddiy indeksatsiyadir. Bu siyosat sog‘lom turmush tarzining targ‘ibotini maqsad qilgani bilan, uning ijrosi huquqiy ziddiyatlarsiz va biznesga ortiqcha soliq yuki yuklamaydigan shaffof mexanizmlarga asoslanishi lozim.
Теглар






