Endi birjada sotilgan paxtaning har tonnasiga 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi
U paxtani birjada sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham ajratiladi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa gektariga 1,5 mln so‘mdan subsidiya oladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq aholisi daromadlarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Ulug‘norda paxtadan ozuqa ekinlariga o‘tkazilgan 5 ming gektar maydon kamida 10 ming bosh qoramol boqish, dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanish orqali ham chorvachilikni kengaytirish mumkinligi tushuntirildi.
Yil yakunigacha shunday maydonlarning kamida 200 gektarida chorva boqish uchun sharoit yaratish, Ulug‘nor va Bo‘stonda yirik chorvachilik komplekslari loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Baliqchida ishga tushirilgan 20 million dollarlik tovuq go‘shti kompleksi tajribasi asosida Jalaquduqda 4 ta, Xo‘jaobodda 3 ta shunday kompleks loyihasini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, Ulug‘nordagi 1 ming 200 gektar maydonda Baliqchi tumani tajribasi asosida baliqchilik klasteri tashkil etiladi.
Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish bo‘yicha yangi choralar belgilandi. Alohida «Agrostar» kompaniyasi tashkil etilib, bahorgacha 4-5 ming gektar maydonga suv chiqarish va shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri kabi sanoatlashgan bog‘larni barpo etish boshlanadi. Bog‘lar uch yil parvarishlanib, aholiga tayyor holda taklif qilinadi. Ushbu maqsadga 30 million dollar, adirlarga suv chiqarish uchun esa 200 milliard so‘m ajratiladi.
Viloyatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning hozircha 16 foizi qayta ishlanayotgani qayd etildi. Aytilishicha, kichik uskunalarni aholiga lizingga berish va tuman brendlarini yaratish orqali bu ko‘rsatkichni 30 foizga, eksportni 500 million dollarga yetkazish mumkin.
Meva-sabzavotchilikda «gektardan – maksimal qiymat» tamoyiliga o‘tiladi. Kichik qayta ishlash uskunalarini lizingga berish uchun 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Baliqchida 5 gektarda tashkil etilgan issiqxona loyihasi respublika bo‘ylab ommalashtiriladi. Bunga 300 milliard so‘m, shu jumladan, Andijonga 50 milliard so‘m ajratiladi.
Tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksportda logistika xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari e’lon qilindi.
Paxtani birjada sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa gektariga 1,5 million so‘mdan subsidiya oladi.
Mutasaddilarga tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5 foizdan, milliy valutadagisining 14 foizdan oshgan qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblarni kiritish topshirildi.
Shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizini qaytarish masalasi bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda endi 500 mln so‘mgacha loyihalarni kreditlashda biznes-reja talab etilmasligi haqida yozgan edik. 9 ta davlat bankiga bir oyda biznesni o‘stirishga ko‘maklashadigan 20 ta yangi bank mahsulotini taklif etish vazifasi qo‘yildi.





