«Energiya tariflari oshishi inflatsiya prognozlarida inobatga olingan» — Markaziy bank

29-aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Temur Ishmetov energiya tariflari va inflatsiya prognozlari bo‘yicha izoh berdi.

«Energiya tariflari oshishi inflatsiya prognozlarida inobatga olingan» — Markaziy bank

VAQT.UZ muxbirining ma’lum qilishicha, davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlar Markaziy bank prognozlarida allaqachon hisobga olingan.

Raisning ta’kidlashicha, inflatsiya hisob-kitoblarida energiya tariflari va kommunal to‘lovlar o‘sishi asosiy omillardan biri sifatida inobatga olinadi.

«Inflatsiya prognozlarida davlat tomonidan tartibga solinadigan tariflar hammasi inobatga olinadi. Albatta, biz hukumat bilan doimiy muloqotdamiz va shu prognoz shakllantirilganda, shu energiya tariflari, kommunal to‘lovlarning rejalashtirilayotgan o‘sishi albatta inobatga olinadi».

Uning aytishicha, yil boshida e’lon qilingan tarif indeksatsiyasi ham prognozlarga kiritilgan, biroq yakuniy ko‘rsatkichlar hali tasdiqlanmagan.

«Yilning boshida o‘sha e’lon qilingan 10 foizgacha indeksatsiyani inobatga olganmiz, lekin hali aniq raqamlar e’lon qilinmadi».

Shu bilan birga, energiya tariflarini oshirish muddati va yakuniy qarorlar boshqa mas’ul idoralar vakolatiga kiradi.

Ishmetov, shuningdek, tashqi omillar bosimi ortib borayotganini qayd etdi. Xususan, Xalqaro valuta jamg‘armasi global iqtisodiy o‘sish prognozini pasaytirib, inflatsiya o‘sishi ehtimolini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqori va o‘ta yuqori xatarli ssenariylar ham mavjud bo‘lib, ular asosan neft narxlari dinamikasiga bog‘liq.

«Xatarli, o‘ta yuqori xatarli ham ssenariylar bor. Bu asosan neft narxiga bog‘liq bo‘ladi… agar xatarlar yana ko‘paysa va bu global inflatsiyaning o‘sishi bizga ham ta’siri o‘tsa, kutilmalarning oshishi boshlansa, biz pul-kredit siyosatimizning qat’iyligini saqlab qolish bo‘yicha aniq chora ko‘rishimizga to‘g‘ri keladi».

Markaziy bank raisiga ko‘ra, mavjud noaniqliklar sabab barcha omillar doimiy monitoring qilib borilmoqda va zarurat tug‘ilganda pul-kredit siyosati mos ravishda qat’iylashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq VAQT.UZ energiya tariflari oshishi haqida va’dalar, variantlar va takliflarni tahlil qilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид